Breaking News

Bahrom Hamroyev: "Putinning prezidentlikka qaytishi demokratiya uchun chekinish bo'ladi"


Inson huquqlari himoyachisi Bahrom Hamroyev, "Memorial" markazi, Rossiya
Inson huquqlari himoyachisi Bahrom Hamroyev, "Memorial" markazi, Rossiya


Shu yakshanba Rossiyada prezident saylovlari. Nomzod beshta bo'lishiga qaramay Bosh vazir Vladimir Putinning g'alabasi hech kimda shubha uyg'otmayapti. Moskvadagi "Memorial" inson huquqlari tashkiloti xodimi Bahrom Hamroyevning aytishicha, Bosh vazir Vladimir Putinni prezidentlikka qaytarish uchun ma'muriy bosim va resurslar ishga solinmoqda.

Bahrom Hamroyev 1992-yildan beri Rossiyada yashaydi. O'zbekistonda ta'qibga uchrab, vatanni tark etgan. Hozirda Rossiya fuqarosi. Markaziy osiyolik ishchi migrantlar va qochqinlar bilan shug'ullanadi, ularning huquqlarini himoya qiladi.

Hamroyev nazarida Rossiyada prezidentlikka Putindan munosibroq odam ko'p, ammo ayrimlari ro'yxatga olinmadi.

Huquq himoyachisi Boris Nemsov yoki Grigoriy Yavlinskiyni prezidentlikka munosib arbob deb biladi, ammo Yavlinskiy Markaziy saylov komissiyasida ro'yxatdan o'ta olmadi.

"Zyuganov - kommunist, kommunistlarni yaxshi bilamiz, yana O'zbekiston boshiga balo bo'lishadi. Jirinovskiy esa millatchi", - deydi u.

Faol nazarida saylovda qatnashish huquqiga ega bo'lgan nomzodlar orasida esa Sergey Mironov yoki Mixail Proxorov g'alaba qozonsa, yaxshi bo'lar edi.

Bahrom Hamroyevning aytishicha, Putin prezidentlikka qaytsa, demokratiya uchun chekinish bo'ladi. Dekabr oyidagi Dumaga saylovlarda bo'lgani kabi prezident saylovlarida ham soxtalashtirish hollari kuzatilsa, vaziyat izdan chiqishi mumkin, deydi huquq himoyachisi.

Kim g'olib bo'lishidan qat'iy nazar, deydi ayrim kuzatuvchilar, Rossiyaning Markaziy Osiyo va, xususan O'zbekistonga nisbatan siyosati o'zgarmaydi. Mintaqa Rossiya manfaatlari doirasiga kiradi va unga nisbatan siyosat ana shu manfaatlardan kelib chiqadi. Demak, markaziy osiyoliklarga munosabat ham - xoh migrant, xoh qochqin bo'lsin - o'zgarishsiz qoladi.

Yaqinda o'tkazilgan izlanish natijalariga ko'ra, Rossiyaga 2011-yilda qonuniy ravishda kirgan 13,8 million xorijliklarning uchdan birini Markaziy Osiyo vakillari tashkil etdi. Jumladan, ikki millioni O'zbekistondan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG