Breaking News

Rossiya ilmiy dargohlari ham sanksiyalar ta'siriga tushmoqda


Rossiya ilmiy maskanlarida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

Rossiyada ekspertlar uzoq yillardan beri iqtisodiyotni energiyaga qaramlikdan chiqarib, eksportning boshqa yo'nalishlarini rivojlantirish lozimligini ta'kidlab keladi. Ammo o'zgarishlar juda sust. Yangilik va tadbirkorlikni kuchaytirishga qaratilgan loyihalardan biri Skolkovo Fan va Texnologiya instituti bo'lib, Massachusets Texnologiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Rossiya iqtisodiyoti turg'unlik davriga kirib borar ekan, bu institut faoliyatiga ham soya solmoqda.

Rossiyaning Skolkovo Fan va Texnologiya instituti hali o'z o'quv korpuslariga ega emas, ammo bu yil ilk qaldirg'ochlari dargohni bitirmoqda.

O'quv binolari kelasi bir necha oyda to'liq qurib bitkazilsa, institut yangilik va texnologiya bo'yicha global yetakchilarni tayyorlash o'chog'iga aylanishi umid qilinmoqda.

Ammo talabalar Rossiya turg'unlikka yuz tutayotgan hamda G'arb sarmoyalari kamayayotgan bir davr bilan yuzlashmoqda, deydi Ishbilarmonlik va innovatsiya markazi rahbari Ilya Dubinskiy.

"Rossiya va dunyo o'rtasidagi aloqalar yomonlashgan bir paytda bunday odamlar, odatda, mablag' bor joylarga ketadi. Qolaversa, Rossiyada tavakkal qilinadigan loyihalar uchun pul topish qiyin. Shuning uchun ular chetga ko'z tikmoqda. Kompaniyalarini bozor yoki pul bor joylarga ko'chirishyapti", - deydi u.

Dubinskiyga ko'ra, Skoltek talabalari bilan ishlovchi ko'plab xorij kompaniyalari Rossiyada texnologiya savdosi susaygani bois faoliyatlarini to'xtatgan.

Dmitriy Smirnov yoqilg'iga tejamkor issiqlik motorini ixtiro qildi. Ammo loyiha uchun homiy topish oson emas, deydi u.

"Rossiyada mablag'ga muhtoj sohalarga pul tikadigan jamg'armalar ko'p emas. Jamg'armalarning aksariyati xorijdan keladi. Hozir ular Rossiyadagi mol-mulkini olib chiqib ketyapti", - deydi tadqiqotchi.

Keyt Kotenko sun'iy yo'ldosh yoki havodan olingan suratlarni sotish uchun onlayn bozor yaratgan "ImageAiry" loyihasi uchun rus sarmoyadorlaridan mablag' yig'ishning uddasidan chiqdi. Unga bu g'oya Massachusets Texnologiya institutida o'qib yurgan paytida kelgan.

"Rossiyada ikkita joyda o'qiganman. Ular menga katta boshlang'ich bilim berdi. Lekin bu bilimni haqiqiy hayotga tatbiq etish muhim edi. Massachusets instituti menga shuni qanday amalga oshirishni o'rgatdi", - deydi u.

Ikki institut o'rtasidagi hamkorlik Bosh vazir Dmitriy Medvedev prezidentligi davrida boshlangan. Rossiya hukumati Skolkovo institutini qurish uchun 5 milliard dollar ajratishga va'da bergan. Ammo iqtisodiyot yomonlashayotgan bir paytda bu mablag' kesilishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Skoltek uchun yordam davom etmoqda, deydi Rossiya va G'arb tahsilini olgan Dubinskiy.

"Rossiyaga qaytganimda, talabalarning aksariyati, hatto eng yaxshi texnika universitetlarida o'qiganlar ham prezident ma'muriyatida yoki katta bank va neft kompaniyalarida ishlashni xohlardi. Hozir shu talabalarning yarmi texnologiya sohasida nimadir qilishni xohlaydi. Uchdan biri esa o'z kompaniyasini boshlamoqchi. Bir necha yil ichida o'zgarishlar katta", - deydi Dubinskiy.

Ammo Rossiya juda ulkan va sanoatni zamonaviylashtirish harakatlari endi boshlanmoqda. Shunday ekan, deydi Dubinskiy, mamlakatda innovatsiya va ishbilarmonlik madaniyatini shakllantirish uchun, iqtisodiyot o'zini qayta tiklagan taqdirda ham, uzoq yillar kerak bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG