Breaking News

Rus san'ati va adabiyotida uyatsiz so'zlar taqiqlandi


Rossiyada uyatsiz so'zlar taqiqlandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Rossiyada matbuot, film, adabiyot, musiqa va teatrda uyatsiz so’zlarni qo’llashni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Taqiq rus tili va madaniyatini himoya qilish maqsadida qabul qilingani aytilmoqda. Qonunni qo’llab-quvvatlayotganlar ko’p. Ammo ayrim ijodkorlarga ko’ra, yangi qoida mutaassib axloqiy qonunlarga asoslangan senzuradan boshqa narsa emas.

Sovet ittifoqi davrida propaganda mashinasi vazifasini o’tagan rus teatri bugun ijtimoiy muloqot va ijodkorona yondashuvning rang-barang sahnasiga aylangan. Ammo yaqinda qabul qilingan qonun asarlarida uyatsiz so’zlar uchragan teatrlarni 1400 dollargacha jarimaga tortishi mumkin.

Haqiqiy san’at va madaniyatni himoya qilish uchun bu muhim, deydi Moskva davlat universitetining tarix professori Anna Kuzmina.

“Shaxsan, men bu qonunni qo’llab-quvvatlayman. Uyatsizlik odatga aylanib boryapti, hatto jozibali narsaga aylangan. Ko’pincha, odamlar to’g’ri so’zlarni topishga urinmasdan, hissiyotlarini bema’ni so’zlar bilan ifodalashadi”, - deydi u.

Qonun sharmsiz so’zlar ishlatilgan filmlarni jamoat joyida ko’rsatishni ham taqiqlaydi. Bunday so’zlar uchragan kitob va musiqa asarlarida ogohlantiruvchi yozuvlar bo’lishi lozim.

Ko’plab san’atkorlar axloqsizlikning me’yorga solinishi tarafdori bo’lsa ham, ayrimlar senzuraning har qanday turiga qarshi.

Mustaqil “Teatr.Doc” guruhi rahbari Yelena Gremina Duma qabul qilgan qonunga bo’ysunmoqchi emas.

“Bizning Dumaga “ahmoq bosmaxona” nomini berishgan, chunki madaniyat sohasidagi qonunlari jinnicha. Ular borgan sari ahmoqlashib boryapti. Mantiqsiz va absurd bu qonunlar nima sababdan qabul qilinganini hech kim tushunmaydi”, - deydi u.

Rossiyaning ayrim mashhur tarixiy adiblari, jumladan, Aleksandr Pushkin ham o’z asarlarida uyatsiz so’zlardan foydalangan.

Qonun kuchga kirishidan oldin dramaturg Yevgeniy Kazachkov “Xayr, to’rt harfli so’z” degan komediya yaratdi. Aslida bu taqiqning oqibatlari jiddiy, deydi pyesa muallifi.

“Bu qonundan nazorat qilish va jazolashning umumiy quroli sifatida emas, balki maxsus holatlarda ayrim istalmagan shaxslarni nishonga olishda foydalanish mumkinligi haqida xavotirlar bor”, - deydi Kazachkov.

Qonun ozod G’arb tamoyillaridan farqli, Rossiya yoshlarini millatparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan hukumat harakatining bir qismi sifatida ko’riladi.

O’tgan yili Duma “gomoseksualizm targ’iboti”ni jinoiy harakatga tenglashtirib, rus tiliga ingliz tilidan so’zlar olishni taqiqlab qo’ygan edi.

“Nikitskiy” teatri direktori Mark Rozovskiyga ko’ra, Rossiya qonun chiqaruvchi organi muhim muammolarni bir yoqli qilish o’rniga, odob-axloqqa oid qonunlar bilan odamlarni chalg’itmoqda.

“Taqiqlash bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi. Aksincha, teskari natija beradi. Bu xuddi aroqxo’rlarga qarshi olib borilgan kurashga o’xshaydi. Ular endi uyatsiz tilga nisbatan ham ayni shu uslubni qo’llamoqda”, - deydi u.

Rossiya endi uyatsizlikka qarshi kurashini internetga ko’chirmoqchi. Yaqin haftalar ichida axloqsiz deb hisoblangan so’zlarga to’siq qo’yuvchi maxsus dastur ishga tushishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG