Breaking News

Ro'zi Nazar, "Turkistonim vatanim mening" deb yashagan inson, endi oramizda yo'q


Ro'zi Nazar, Turkiston uchun kurashgan o'zbeklardan biri, 98 yoshida Turkiyada vafot etdi
Ro'zi Nazar, Turkiston uchun kurashgan o'zbeklardan biri, 98 yoshida Turkiyada vafot etdi

Umrini Turkiston va uning mustaqilligi uchun kurashga bag'ishlagan Ro‘zi Nazar 30-aprel kuni 98 yoshda olamdan o‘tdi. Bag‘oyat murakkab va jo‘shqin hayotining oxirgi yillarini bu inson Turkiyada o‘tkazdi. Fathiya (Fethiye) shahrida dafn etildi.

Ro'zi Nazar (1917-2015) - "Turkistonim vatanim mening" deb yashagan insonni xotirlab...
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:18 0:00

Ro‘zi Nazar kimligini bilmasangiz, “Amerika Ovozi” ning “YouTube” kanalidan joy olgan bir lavhamizni tomosha qiling. Ro’zi Nazar deb qidirsangiz chiqadi. Bu insonning bizga bergan intervyusi, oxirgi suhbatimiz.

Men o‘z shaxsiy muloqotlarimda ularga shunday derdim: Siz bir emas, bir necha umr kechirgan insonsiz. Ro‘zi Nazar kular edi, chunki bilar edi, bu haqiqat. O‘zbekistondagi bolalik. Rossiyadagi talabalik. Sovet ittifoqi armiyasidagi xizmat. Gitler Germaniyasidagi harbiy ta’lim va xizmat. Yevropadagi muhojirlik va faollik. Amerikaga immigratsiya va bu davlatga xizmat. Vatandoshlarni birlashtirish, diasporaga aylantirish harakati. "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" radiolarida turkiy tillarda axborot berishni yo'lga qo'yish uchun jonbozlik, xususan o'zbek xizmatlarini shakllantirishda beqiyos hissa... Nafaqaga chiqqach otaxon Markaziy Osiyo manfaatlarini himoya qilib bir necha tashabbuslarga boshchilik qilgan, mintaqa bo'yicha Amerika siyosatdonlariga maslahatlar bergan.

Ro‘zi Nazar o‘zbek edi, lekin u bir yurtning emas, butun dunyoning farzandi edi. Bilmagan narsasi, tanimagan odami, kuyunmagan muammosi, bormagan joyi, aytmagan qissasi yo‘q edi. O‘zining qissasi esa XX asr tarixi...

Kommunist inqilobi yuz bergan 1917-yilda Marg’ilonda tug’ilgan Ro’zimuhammad Umirzoqov o’z zamonasining faol va ilg’or yoshlaridan biri bo’lgan. Odessa shahrida kimyo va mudofaa sohasida bilim oladi. Harbiy muhandis diplomiga ega bo’ladi. 1941-yilda Ulug’ vatan urushining ilk oylarida yaralanib, dushman bosib olgan yerda qolib ketadi.

Sovetlarni, ayniqsa ruslarni bosqinchi deb bilgan yigit nemislar nazoratiga tushgan boshqa fikrdoshlarini topadi, ular bilan kelishib, Turkiston legioni degan tizimga asos solinadi.

"Asirlar lagerlaridan kelgan yurtdoshlarimiz - o'zbek, qozoq, qirg'iz, turkman, tojiklar - to'qqiz rota tashkil qildi va ulardan birinchisiga men boshchi bo'ldim",- deya hikoya qilar edi Ro'zi Nazar.

Bu insonlar qilgan qarorlar haqida cheksiz munozara olib borish mumkin. Men ham Ikkinchi jahon urushida xizmat qilgan insonlarning nabirasi sifatida marhum yurtdoshimiz bilan uzoq bahslar qilganman.

Nima uchun? Qanday qilib? Nahotki? Nimaga? Bu kabi savollar Ro'zi Nazardek bahslashishni yaxshi ko'radigan kishining jon-u dili edi.

Otaxonning javoblarini shunday sarhisob qilish mumkin: Vatan, millat va mustaqillik uchun kurash shuni taqozo etgan. Biz shu yo‘ldan borishni maqsad qilganmiz. Afsus chekmaymiz.

"Mustafo Cho'qayning g'oyasi Turkiston birligini yaratish va uni mustaqillikka erishtirish. U shu sohada kurashgan inson. Uning bu g'oyasi bir uchun bayroq bo'ldi. Biz shu g'oya orqasidan ketdik. Afsuski, Mustafo Cho'qay Turkiston legioni qurilganida ko'ra olmadi. Biz shunday deganmiz: agar shayton Moskvaga qarshi kurashsa, biz shaytonning orqasidan ketamiz", - deya tushuntirar edi Ro'zi Nazar.

U Rossiyani doimo Rusiya deya tilga olardi. Ruslarga qarshi kurash uchun hatto Germaniyadek yovuz kuch safiga kirishni ma’qul deb topgan Ro'zi Nazar va uning safdoshlari nazarida Rossiya va Sovet tuzumi natsist Germaniyadan ham qoraroq kuch edi. Turkiston legioniga kirganlar mustamlakachi ruslarga qarshi imkoniyat deb bilgan buni.

Biz marhumni oqlash uchun bularni bayon etayotganimiz yo‘q. Ro‘zi Nazar hech kimning himoyasiga muhtoj emas va bo’lmagan ham. Mag‘rur, so’zga chechan, o’ziga nisbatan ishonchi baland inson edi u.

Umri bir asrga yaqinlashib qolgan otaxon oilasiga faqat qirqi va yilini ma’raka qilishni vasiyat qilgan. O’g’li Erkin oxirgi damlarda uning yonida bo’lgan. Ro’zi Nazar va uning nemis rafiqasi Linda xonimning ikki farzandi bor. Qizlari Silviya (o'zbekcha ismi Zulfiya) Nazar - Amerikada tanilgan jurnalist va yozuvchi. Uning kitobi asosida Gollivudda ishlangan “Tafakkur o’yinlari” kartinasi 2002-yilda global maydonda shuhrat qozongan. Silviya Nazar “Nyu-York Tayms” gazetasida uzoq yillar davomida iqtisod va moliyani yoritib kelgan. O'g'lilari Erkin Nazar ham oliy ma’lumotli, vatandoshlar orasida o’ziga xos nufuzga ega. Marhum bir necha nabiraning suyukli bobosi.

Marhum asos solgan Turkiston-Amerika jamiyatining hozirgi rahbari Abdulla Xo’ja Ro’zi Nazar bilan oxirgi marta o’tgan yilning oktabr oyida gaplashgan. Bu yoshga yetganlar bor, yetmaganlar bor. 98 da Ro’zi Nazar jismonan va ruhan ancha holdan toygan edi. To’shakka mixlanib qolmagan edi, yurardi, o’zi ovqatlanardi, gaplashar edi. Lekin eshitish qobiliyati ancha pasaygan edi.

“O’g’lilari Erkinning aytishicha, nonushtadan keyin mazalari qochib, bir oz yotibdilar. Uncha qiynalmay jon beribdilar”,- deydi Abdulla Xo’ja.

Ro’zi Nazar haqiqiy vatanparvar, millatparvar inson edi, deydi suhbatdoshimiz. Bu inson qayerda bo’lmasin, Turkistonim, ona zaminim deb, jon kuydirgan. U bosib o’tgan yo’lni ba’zilar tushunishga qiynalar, deya mulohaza yuritadi Abdulla Xo'ja, lekin Ro’zi Nazar vatani mustaqilligi uchun tinimsiz kurashdi va hatto O’zbekiston mustaqil bo’lgach ham, bu mustaqillikni mustahkamlash kerak, deb yashadi.

Ro'zi Nazar, Turkiston legioniga boshchilik qilgan davrlar
Ro'zi Nazar, Turkiston legioniga boshchilik qilgan davrlar
Silviya Nasar, o'zbekcha ismi Zulfiya Nazar, Ro'zi Nazarning qizi, Amerikada tanilgan jurnalist va yozuvchi
Silviya Nasar, o'zbekcha ismi Zulfiya Nazar, Ro'zi Nazarning qizi, Amerikada tanilgan jurnalist va yozuvchi

​Ro’zi Nazar o’lgunicha Marg’ilon dedi. Kindik qoni to’kilgan yer uning uchun muqaddas edi, deydi Abdulla Xo’ja. O’sha yerda dafn etilishini istar edi. Balki tuprog’i vatanga olib borilar. Hozircha u Turkiyada yotibdi.

Ro’zi Nazarning hayotidan qanday saboq olish mumkin?

Abdulla Xo’ja AQShda 1960-yillar boshida prezidentlik qilgan Jon Kennedining mashhur iqtibosini keltiradi: Vatanga menga nima berdi deb emas, men Vatanga nima berdim, deb yashang.

Ro’zi Nazar umrini vatandan olisda o’tkazdi lekin qalbi va xayoli vatanda edi, deydi Abdulla Xo’ja. Bugun dunyo bo’ylab turli davlatlarda yashayotgan, tirikchilik qilayotgan o’zbeklar o’zlarini yurtidan uzilgandek his qilmasligi kerak. Bugungi qiyinchiliklar Ro’zi Nazar va uning safdoshlari kechirgan mashaqqatlar oldida hech narsa emas. Yaqinda O’zbekistonga borib kelgan, prezident saylovi paytida mehmon bo’lgan Abdulla Xo’ja deydiki, vatan tarixi, o’zbek tili va madaniyatini qadrlash har bir vatandosh uchun oliy burch.

“Bu bebaho ne’matlar ekanini aslo unutmasligimiz kerak, qayerda bo’lmaylik O’zbekistonning bir parchasimiz”,- deydi suhbatdosh.

Ro’zi Nazar tarix va siyosatni chuqur o’rgangan inson edi. Uning asosiy quroli ilm edi. O’z tarixingni bilmasang, demak, hech kimsan va qayoqqa ketayotganingni ham bilmaysan, der edi. Inson xato qilishi tabiiy, lekin bilmasligi gunoh, der edi u.

Mustaqillik va suverenitet masalasi noziklashgan bir davr, Rossiya siyosati agressivlashgan bir pallani Ro’zi Nazar qanday sharhlagan bo’lar edi. Bilmaymiz. O’tmishdagi muloqotlarimizga asoslanib, aytishimiz mumkinki, marhum “ogoh bo’lish kerak” degan bo’lar edi.

Ro’zi Nazar vataniga oradan yarim asr o'tib, 1992-yilda borgan. Taassurotlari, tabiiyki, hayajon va ehtirosli edi. Marg'ilon ko'chalarini kezib, yaqinlari bilan ko'rishib, o'tganlarni eslab, ko'ziga yosh olib, muhojirlik naqadar og'ir kechinma ekanini aytib berardi. Lekin bir paytning o'zida u jahongashta inson ekani bilan faxrlanar edi.

Marhumning olti yil oldin aytgan so'zlari:

"Ko'pla yoshlar bilan suhbatlarda bo'ldim... Ular yaqin tariximizni yaxshi bilmaydi. Bu juda afsuslanadig'on narsa. Yaqin tariximizni bilishmaydi. Istardimki, yaqin tariximizni obyektiv o'laroq maktablarda o'qitishsa... Yoshlarimizning vatanparvarlik ruhi quvvatlanardi".

Ro’zi Nazar oilasiga hamdardlik bildiramiz.

Ro'zi Nazar (1917-2015)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:16 0:00

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG