Breaking News

Okean tubi xaritaga tushirilmoqda


Okean tubi xaritaga tushirilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Tomosha qiling!

Okean-dengizlar tubi - g’aroyibotlarga boy, o’rganilmagan bir dunyo. Okean osti maydonlarining 80 foizi hali xaritaga tushirilmagan. Bu ishda sun’iy yo’ldoshdan olingan ma’lumotlar qo’l kelayapti.

Olimlar okean tubini tadqiq etish uchun koinotga boqmoqda. Skripps okeanografiya instituti yaratgan so’nggi xarita 20 yil oldingisidan ikki baravar aniqroq, deydi professor Deyvid Sandvell.

“Okean sathi topografiyasini o’rganish va kartada ifodalash uchun sun’iy yo’ldoshga o’rnatilgan radardan foydalanyapmiz. Chunki okean sathi uning tubidagi relyefni aks ettiradi”, - deydi u.

Yangi xaritani tuzishda boshqa maqsadlarda uchirilgan ikki sun’iy yo’ldosh qo’l keldi. Yevropaning “Krayo-2” apparati muzliklarni kuzatsa, AQShning “Jeyson-1” yo’ldoshi okean sathini o’rganadi.

Bundan tashqari, exolokatsiya apparatlari bilan jihozlangan kemalar yordamida aniq, detallashtirilgan tasvirlar olindi.

“Bu tasvirlar bizga okean tubining har bir qarichini, jumladan cho’kindi jinslar ostidagi qismlarini ochib berdi”, - deydi Sandvell.

Yangi kartaga okean ostidagi hech kim ko’rmagan manzara tushirilgan – minglab suvosti tog’lari, qit’alar bir-biridan uzilishi natijasida shakllangan tizmalar va cho’kindi jinslar ostida qolib ketgan o’chgan vulqonlar. Uch tizma kesishgan bir nuqtada Yerning bahaybat tektonik plitalarini aniq ko’rsa bo’ladi.

“Hind okeanining bu qismi anchadan beri olimlarni o’ziga rom etadi, chunki tektonik harakatlarga doir nazariy bilimlarimizni ifodalaydi. Afrika, Hind-Avstraliya hamda Antarktika plitalari okeanning o’rtasida keshishgan nuqta bu”, - deydi professor.

Yangi xarita qit’alarni bir-biriga bog’lab turgan, cho’kindi qatlamlar ostida qolib ketgan formatsiyalarni ham aniqladi.

Chizmalar baliqchilik, atrof-muhit muhofazasi va neft sanoatida qo’l keladi. Okeanlar chuqurligini aniq bilish navigatsiya xavfsizligi, harbiy operatsiyalar va ilmiy loyihalar uchun muhim, deydi olim.

“Ayniqsa kemadan turib olib boriladigan suvosti tadqiqotlar oson kechadi. Olimlar qo’lidagi oz ma’lumot bilan yo’lga chiqishi shart emas. Avvalo sun’iy yo’ldosh bilan hududni o’rganib, okean ostidan detallashtirilgan tasvirlarni olib, keyin ularni o’rganishga kirishsa bo’ladi”.

Okeanograflar sun’iy yo’ldoshlardan olingan ma’lumotlarni sinchiklab o’rganar ekan, kelasi yillar ichida hali ko’p kashfiyotlar qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG