Breaking News

Senator Kardin: AQSh Markaziy Osiyoda erkinlik va demokratiyani targ'ib qilishi kerak


Demokrat senator Ben Kardin, Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mita a'zosi nazarida, Markaziy Osiyo siyosiy mahbuslar makoni
Demokrat senator Ben Kardin, Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mita a'zosi nazarida, Markaziy Osiyo siyosiy mahbuslar makoni

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo bo'ylab to'rt kunlik safarini boshlar ekan, uning Senatdagi partiyadoshi, Merilend shtatidan demokrat senator Ben Kardin (Ben Cardin) mintaqada siyosiy mahbuslar taqdiriga diqqat qarating, deya undamoqda.

O'zbekiston singari mamlakatlarda minglab insonlar muxolif va erkin fikri uchun qamoqda o'tiribdi; AQSh ularni himoya qilishi kerak; Amerika oshkoralik, erkinlik va demokratiya tarafdori, deydi Kardin, bosh diplomatga yozgan maktubida.

Markaziy Osiyo bo'ylab siyosiy faollar, huquq himoyachilari, jurnalistlar, diniy erkinlikni targ'ib qilgan fuqarolar qamoqda o'tirgani mintaqada huquq naqadar poymol etilishidan darak, deya qayd etadi Kardin. Vashington bu muammoga ko'z yummasdan, hukumatlarga bir narsani qat'iy aytishi lozim: AQSh uzviy huquqlarni targ'ib qiladi va ular e'zozlanishini istaydi.

Senatda Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mita a'zosi bo'lgan bu qonunchi nazarida, Markaziy Osiyo - siyosiy mahbuslar makoni. Qozog'istonda muxolifatchi gazetaga muharrirlik qilgan Vladimir Kozlov; Turkmanistonda huquq faoli Gulgeldi Annaniyozov; O'zbekistonda Muhammad Bekjonov, Murod Jo'rayev va A'zam Farmonov singari erkin fikr egalari; Qirg'izistonda etnik muammolarni ko'targan Azimjon Asqarov; Tojikistonda tadbirkor va muxolifatchi Zoid Saidov - Amerika ular taqdiriga befarq emas, nohaq va asossiz qamalgan bu insonlar ozod etilishi uchun gapirish kerak, deya undaydi Kardin.

O'zbekiston rahbari Islom Karimov siyosatini tanqid qilgan va o'sha paytda deputat bo'lgan Murod Jo'rayev 1994-yildan beri qamoqda. Muhammad Bekjon esa 1999-yilda Ukrainada ushlanib olib ketilgan. U dunyoda eng uzoq payt panjara ortida o'tirgan ikki jurnalistdan biri. Ikkinchisi, Bekjonovning safdoshi - Yusuf Ro'zimurodov. Ular "Erk" oppozitsion nashrini yuritgan.

Ben Kardin fikricha, uzoq yillar senatorlik qilgan Jon Kerri Markaziy Osiyoda qay o'lkaga bormasin, huquq muntazam ravishda poymol etilib, qiynoqlar tinmayotganini qoralab, rahbarlarni bu borada tub o'zgarishlar qilishga chaqirishi kerak.

Davlat departamentining bildirishicha, huquq va demokratiya targ'iboti Vashingtonning Markaziy Osiyodagi asosiy maqsadlaridan biri va muzokaralarda yuqoridagi muammolar ko'p tilga olinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG