Breaking News

Sochi xavfsizligi xalqaro kuzatuvchilarni tashvishga solmoqda


Xalqaro hamjamiyat Sochi xavfsizligidan xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00
Sochi Olimpiadasining boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Ammo ehtimoliy terror xurujlari haqidagi vahimalar borgan sari kuchayib bormoqda. Eng jiddiy xavotirlarga Sochining sharqida joylashgan Shimoliy Kavkaz sabab. Mintaqa uzoq yillar urush domida bo’lgani bois u yerda ekstremistlar faol.

Bir oy avval Sochidan 700 kilometr shimolda joylashgan Volgograd shahrida yuz bergan ikki xudkushlik hujumi 34 odamning hayotiga zomin bo’ldi. Shimoliy Kavkazda joylashgan islomchi guruh portlashlar uchun mas’uliyatni o’z bo’yniga oldi.

“Chechen isyonchilari poyezd, samolyot, transport va katta yo’llarni nishonga olmoqchiligini aytmoqda”, - deydi Ogayodagi Diplomatik muhofaza mashqlari institutida amaliyotlarni boshqaruvchi Ian von Gordon.

Ushbu institut xavf yuqori bo’lgan vaziyatlarda fuqarolarni himoya bilan ta’minlaydi. Gordon Shimoliy Kavkazdagi terror guruhlari bo’yicha ekspert.

“Sochi mezbon shahar sifatida e’lon qilingan kundan boshlab guruhlar bu yerga o’z odamlarini jo’natgani shak-shubhasiz. Hatto ular Qishki Olimpiada ishchi guruhi orasiga ham o’z odamlarini kiritgan bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Qurilish ishchilari orasida ham terrorchilar bo’lishi mumkin, deydi Vashingtondagi Jeymstaun jamg’armasi tahlilchisi Glen Hovard.

“Butun Rossiyadan va Markaziy Osiyodan ishlash uchun bu yerga 100 mingdan ortiq odam kelgan. Ularning hammasini rostdan ham Sochida oddiy ishchi bo’lganmi yoki xavfsizlikka tahdidmi, buni aniqlashning iloji yo’q”, - deydi u.

Von Gordonga ko’ra, terrorchilar suratlarda aks etgan odam bo’lmasligi mumkin.

“Baland bo’yli, mallasoch va shahloko’z ayolni qidiryapmiz. Chechenlar, odatda, yosh va beva ayollardan ko’p foydalangan, ammo har doim ham shunday emas”, - deydi u.

Tadqiqotchi o’ldirilgan isyonchilarning bevalariga ishora qilmoqda. Ammo terrorchilar 2004-yil Beslanda qo’llanilgan an’anaviy usullardan ham foydalanishi mumkin.

O’shanda maktabni egallab olgan jangarilar garovdagi 334 odamning, jumladan, ko’plab yosh bolalarning o’limiga sabab bo’lgan edi.

“Putin ataylab musobaqa uchun Kavkazga yaqin joyni tanladi. U bu bilan o’sha guruhlarga qarshi chiqmoqda. Lekin bu juda xavfli. Chunki hozir terrorchilarda imkoniyat ham, maqsad ham bor. Butun dunyodan kelgan odamlar, oddiy fuqarolar ulkan ommaviy tadbirda qatnashmoqda. Bu ular uchun misli ko’rilmagan vaziyat”, - deydi Gordon.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Xuan Zarate xalqaro hamjamiyatning hamkorlik qilishidan umidvor. Ammo vaziyat buning aksini ko’rsatmoqda.

“Rossiyaning tahdid va xavfsizlik yuzasidan xavotirlari oshib boryapti. Shuning uchun Moskva AQSh va boshqa xavfsizlik xizmatlarining mamlakatga oyoq qo’yishini istamayapti”, - deydi u.

Rossiya harbiylari Sochiga qo’shni mintaqada isyonchilar bilan qonli kurash olib borar ekan, xalqaro hamjamiyat Olimpiada kunlari Sochi ko’chalarini sinchkovlik bilan kuzatadi. Favqulodda holatlar yuz berganda o’z fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun AQSh hatto Qora dengizga ikki kemasini jo’natmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG