Breaking News

Fazoviy tibbiyot nimalarga yetaklaydi?


Shu paytgacha Marsga faqat robotlar uchirilgan (rassom chizgan surat).
Shu paytgacha Marsga faqat robotlar uchirilgan (rassom chizgan surat).

Marsda hayot bormi degan savol insoniyatni anchadan beri qiziqtirib keladi. Yaqin kelajakda bu savolga aniq javob topilishi mumkin. AQShning NASA fazo agentligi “qizil sayyoraga” kosmik kema yubormoqchi. Robotlar emas, balki odamlar boshqaradigan kema. Bu inson salomatligi uchun jiddiy sinov bo’lishi aniq. Yer gravitatsiyasi va atmosferadan yiroqda odam organizmi qanday ishlaydi? Uzoq parvozga bardosh beradimi? Texas shtati Xyuston shahri yaqinida joylashgan Jonson fazo markazi olimlari shu savolga javob izlamoqda.

Bundan 50 yil avval inson fazoni zabt etgan edi. O’shandan beri olimlar odam organizmi, xususan suyak va mushaklarga vaznsizlik hamda kosmosdagi kuchli radiatsiya ta’sirini o’rganib keladi.

Fazoda odam organizmi qanday ishlaydi? Mutaxassislar aynan shuni o'rganmoqda.
Fazoda odam organizmi qanday ishlaydi? Mutaxassislar aynan shuni o'rganmoqda.
Rays Universiteti qoshidagi biotibbiy tadqiqotlar institutining asosiy maqsadi - AQSh kosmik dasturlari va loyihalarini muvofiqlashtirish, ularni ilmiy jihatdan qo’llab-quvvatlash.

Doktor Jeffri Satton - institut direktori.

“Bir nechta ilmiy institutlarda olib borilayotgan va aynan samoga oid biotibbiy tadqiqotlar natijalarini shu yerda izchil tekshirib, tahlil qilib beramiz. Ilmiy xulosalar shu yerda qilinadi va NASAga taqdim etiladi. Izchil tadqiqotlar”.

Institut shu yilning mart oyida ochildi. Texasdan saylangan senator Key Beyli Xatchinson kichik ultratovush asbobni sinab ko’rdi. Asbob nafaqat tashxis qilish, balki buyrakdagi toshlarni maydalash va boshqa kasalliklarni davolash uchun ishlatiladi.

Institut fazoviy tibbiy izlanishlarga bag’ishlangan konferensiya va ma’ro’zalarga homiylik qiladi. Tadbirlardan biri Beylor tibbiyot Universitetida uyushtirildi.

Barcha sayyoralardan insoniyatni aynan Mars qiziqtirib keladi. Xabble teleskopi yordamida olingan surat.
Barcha sayyoralardan insoniyatni aynan Mars qiziqtirib keladi. Xabble teleskopi yordamida olingan surat.
Jennifer Lo - samoviy tibbiyot bo’yicha yetuk mutaxassis. Tadqiqotlar g’ayrioddiy muhitdagi fiziologiyani o’rganishga bag’ishlangan, deydi u.

“Odam organizmini boshqa muhitda o’rganayotganda gravitatsiyani inobatga olmaymiz. Shunda organizmning mikrogravitatsiyaga moslashayotganini ko’rish mumkin”.

Jennifer Loning aytishicha, fazodagi tadqiqotlar yer yuzidagi kasalliklar, masalan osteoporozga shifo topish uchun imkoniyatlar yaratdi.

Biroq insonni Marsga uchirish rejasi olimlar orasida jiddiy tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. Bir yil davom etadigan parvoz salomatlikka tahdid, ayniqsa radiatsiya.

Fazogirlarning ruhiy holati qanday bo’ladi? Qiyinchiliklar tug’ilmaydimi? Axir kosmik kemada bir necha odam bir yil birga ishlash va yashashga, faqat bir-biri bilan gaplashishga majbur bo’ladi.

“Tibbiyot, qolaversa butun kosmos chegaralarini kengaytirmoqchimiz. Keyingi bosqichga ko’tarilish niyatidamiz. Tahdidlar bo’ladi, albatta. Bu nihoyatda xavfli jarayon”.

Insoniyat kelajagi odamning sayyoramizdan tashqariga sayohat qila olishiga bog’liq, deydi doktor Satton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG