Breaking News

Nyu-York metrosida qishin-yozin konsert


Nyu-York metrosi dunyoda eng kattalaridan. Har kuni 5 millionga yaqin odamni manzilga yetkazadi. Yer ostidagi bu saltanatning o’z musiqasi ham bor.

Oftob nuri tegmagan, poyezdlar shuv-shuv yeladigan zax metroda kuy-qo’shiq yangramagan kun yo’q. Nyu-York tranzit tizimida qishin-yozin konsert.

Tanishing, Trinidad va Tobagodan Rol Mitchell… 20 yildan oshibdiki, Amerika yer osti dunyosini temir do’mbira chalib gullatadi.

“O’tgan-ketgan rahmat aytadi. Kimdir to’xtab eshitadi, yoqsa qarsak chaladi. Yana kimdir bir-ikki so’m tashlab ketishni ma’qul topadi. Chapak chalib turib, maqtab qo’yishlaridan xursand bo’laman, albatta”, - deydi u.

Rozatereza ham xonanda, ham kompozitor.

Nyu-York
Nyu-York
“Bulbulday sayrayman. Vatanim Puerto Rikoda “jilgero” – xushovoz qushcha bor, erta tongda sayrab hammani uyg’otadi”.

Mitchell va Rozatereza o’ziga xon, xohlaganda ashula aytadi. Nyu-York metro ma’muriyati bu dastur uchun mablag’ ajratadi. Qo’shiqchi, san’atkorlarni yollashadi, mana shunaqa konsertlar uchun.

Bu tomoshalar bepul.

Patrisiya Vital va Tom Maknikols opera aytadi. Metroda yo’lovchilar har yoqqa shoshgan, katta auditoriya to’plash mushkul. “Pul uchun qo’shiq kuylayotganimiz yo’q, to’xtab, quloq solganlar uchun”, - deydi ular.

“O’zi ijod, san’at bilan mash’ul kishilar pulga sig’inib yashamaydi. Nyu-York yer osti yo’lida-ku topgani sariq chaqa. Biz odamlar opera eshitsin, deymiz”, - deydi Maknikols.

“Odamlar qayergadir chopqillab ketayotib bizni ko’rib, hayron qolishadi. Mikrofon yo’q, ovozdan qayerdan chiqayapti, deb ajablanadi”, - deydi Vital.

Nyu-York
Nyu-York
Vendi Sayvets metro tizimida 22 yildan beri kuylaydi. Yo’lovchi oldida qo’shiq ijro etib, xuddi Oq uyda yoki katta saroyda sahnaga chiqqanday bo’laman, deydi u.

Ishidan mamnun. Boshqa joy taklif qilishsa, darrov ketishi gumon. “Kasbim o’zimga yoqishini hamma ham tushunavermaydi”.

Vendi hamkasblari bilan mana shu mavzuda myuzikl yaratmoqchi. Yolg’on tasavvurni o’zgartirish uchun.

“Metroda musiqaga balo bormi demang. Aksincha, eng zo’r konsertlar aynan metroda berilishi kerak. Shunga erishmoqchimiz”.

Bu ijod turining bori yaxshi, deydi odamlar. Nyu-Yorkning band, g’ala-g’ovur kunida bir oz dam olish mumkin. Yoki yaxshigina raqsga tushib olasiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG