Breaking News

BMT: Suriyaning bir million bolasi boshpanasiz


Suriya-Turkiya chegasidagi qochqinlar lagerida
Suriya-Turkiya chegasidagi qochqinlar lagerida

Bolalik eng beg’ubor davr, biroq Suriyaning bir million bolasi uni yo o’qlar ostida, qonga belangan ko’chalarda yo dashtlikdagi qochqinlar lagerlarida o’tkazmoqda.

Suriyadagi urush bir million bolani qochqinga aylantirgan. BMT ular yuzlashayotgan qiyinchilikni mislsiz azob deya atab, dunyo ahlini yordam ko’rsatishga undamoqda.

Suriya, urush va bolalar - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00
Yuklab oling

Bola borki, uyda ota-onasining bag’rida bo’lishni istaydi. Ammo Suriyaning yuzlab ming bolalari uysiz, ota-onasiz, qolaversa vatansiz.

BMT qochqinlar agentligi rahbari António Guterres deydiki, bir million go’dakning hayoti parokanda.

“Bir million bola… Bilasizmi, Los-Anjeles va Bostonni qo’shganingizda ham u yerda bir million bola yashamaydi”,- deydi rasmiy.

Najot izlab Iordaniya, Livan va Turkiya, qolaversa boshqa davlatlarga borgan bolalarning aksariyati hali 11 yoshga kirmagan. Nafaqat ularning balki butun mintaqaning kelajagi xavf ostida.

“Suriyaning ertasi agar shu insonlar qo’lida bo’lsa, bugun ular hayoti qayerda ekanini bilmay qolgan go’daklar. Ular jismonan va ruhan jarohatlangan, g’azab va dardga to’la insonlar”,- deydi Guterres.

Suriyadan bosh olib ketganlarning yarmidan ko’pi bolalar. Ularga zarur yordam berilmagani butun xalqaro hamjamiyat uchun sharmandalik, deya izohlaydi UNICEF, BMT Bolalar fondi.

Lekin Daniel Server singari ekspertlar fikricha butun dunyoni ayblashdan oldin boshqa omillarni ham hisobga olish lozim.

“Har bir yurt bolalariga avvalo o’sha yurtdagi hukumat qarashi va g’amxo’rlik qilishi kerak. Suriya hukumati esa nafaqat ularni ardoqlay olmadi, balki go’daklarning yetim va boshpanasiz qolishiga sabab bo’ldi”,- deydi Server.

Notinch vatanni tark etgan yosh avlod chet elda ham qator muammolar bilan yuzlashadi: sitam, kamsitilish, yetishmovchilik, tajovuz, deya tushuntiradi UNICEF direktor o’rinbosari Yoka Brandt.

“Ular jinsiy ekspluatatsiya, majburiy mehnat qurboni bo’ladi. Qizlarni erta erga berishadi. Najotga zor bolalarni xo’rlashadi”,- deydi u.

Urush ko’rgan, uning azobini chekkanlar odatda surunkali depressiyaga uchraydi. Ko’p hollarda ular davolanmaydi va butun hayotini shu tarzda yashashi mumkin.

Tashqi dunyo ta’limiy va gumanitar yordam ko’rsatmoqda, ammo bu yetmaydi, deydi BMT qochqinlar agentligi rahbari Antonio Guterres.

“Qochqinlar borgan davlatlar bolalarga alohida e’tibor qaratib, ularning toza va xavfsiz joyda yashashi, sog’lom tarbiyalanishi va to’g’ri yo’ldan borishini ta’minlashi kerak. Bu albatta davlatlarga oson emas, chunki ularning o’z farzandlari ham bor, lekin suriyalik bechora bolalarga zarur madad bermaslik vaziyatni yanada og’irlashtiradi”, - deydi rasmiy.

Bolalik eng beg’ubor davr bo’lishi kerak, biroq Suriyaning bir million bolasi bugun uni yo o’qlar ostida va qonga belangan ko’chalarda yo dashtlikdagi qochqinlar lagerlarida, och-nahor holda o’tkazmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG