Breaking News

Suriyalik qochqinlarni himoya qilishga da’vatlar


Suriya bo’ylab, ayniqsa, mamlakat shimolida armiya va isyonchilar o’rtasida janglar davom etayapti. Bugun Halab shahrida xavfsizlik idoralari nishonga olingan.

Britaniyada asoslangan huquq markazi bir necha askar o’ldirilgani haqida xabar tarqatdi, ammo aniq raqamlar keltirilmaydi.

O’tgan oy shimoldagi bu strategik shaharning katta qismlari muxolifat nazoratiga o’tgach, Bashar al-Assad ma’muriyati bu yerga harbiy bo’linmalarni safarbar etgan edi.

Bugun poytaxt Damashqdan shimolda hamda Iroq bilan chegaradagi Abu Kamol tumanida ham otishma va portlashlar kuzatilgan.

Bu orada, Suriyaga qo’shni davlatlar qochqinlar soni oshib borayotgani bilan bog’liq gumanitar krizisni hal qilishda BMT Xavfsizlik Kengashidan yordam so’radi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmed Dovudo’g’li uning mamlakati chegarada 11 lager barpo etish uchun 300 million dollar sarflagani va qochqinlar soni 80 mingga yetganini aytmoqda. Suriyada jami 2 million kishi uy-joyini tashlab ketgan. Ularning xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus zona yaratish vaqti yetdi, deydi Turkiya vaziri.

Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nosir Juda ham xalqaro organga yordam so’rab murojaat qildi. Bu davlat 70 mingdan ziyod suriyalikka boshpana bergan.

Human Right Watch inson huquqlari tashkilotining o’z manbalariga tayanib bildirishicha, o’tgan uch hafta mobaynida Suriya armiyasi Halabda 10 ga yaqin novvoyxonalarni havodan nishonga olib, navbatda turgan odamlar halok bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG