Breaking News

Kreml Assadni yoqlab, xato qilayapti, deydi ayrim tahlilchilar


Suriyadagi urushda uch o'g'li va ikki nevarasidan ayrilgan, 70 yoshli Abdlhamid Haj Omar. Shimoliy Halab, 25-dekabr.
Suriyadagi urushda uch o'g'li va ikki nevarasidan ayrilgan, 70 yoshli Abdlhamid Haj Omar. Shimoliy Halab, 25-dekabr.
Quvayt hukumati Suriyadagi gumanitar tanazzulga yechim topish uchun kelasi oy xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi. Shayx Sabah al-Ahmad al-Sabah bu haqda kecha Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi majlisida e’lon qilgan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning taklifi edi bu, deydi Quvayt rahbari.

Rossiya Suriya haqida / Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00
Yuklab oling

Kecha BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy Damashqda prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishgan. Diplomat fuqaro urushiga barham berish masalasini muhokama qilgan, biroq taraflar tafsilotlar haqida lom-mim demayapti.

Bu orada Britaniyadagi huquq tashkiloti Suriya hukumatini Himsda yakshanba kuni isyonchilarga qarshi zaharli gaz qo’llaganlikda ayblamoqda. Assad ma’muriyati o’z xalqiga nisbatan kimyoviy qurol ishlatmasligini ta’kidlab keladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so’zlariga ko’ra, ommaviy qirg’in qurolidan foydalanish rasmiy Damashq uchun “siyosiy suiqasd” bilan barobar. Prezident Vladimir Putin Kreml va Assad hukumatini aralashtirmang, deydi.

Putinning aytishicha, Kreml Suriyani qariyb 40 yildan beri boshqarayotgan Assad rejimi taqdiri haqida qayg’urayotgani yo’q. “O’zgarishlar vaqti keldi. Rossiya uchun bu davlat kelajagi ustuvor masala”, - deydi Putin.

Suriyada sunniy isyonchilar rusiyzabon odamlarni qirishini aytib, po’pisa qilmoqda. O’tgan oy o’g’irlangan ukrainalik jurnalist Anxar Kochnevadan boshlaymiz bu ishni, deydi ular. Kreml hududga kema jo’natib, Rossiya fuqarolarini tez evakuatsiya qilish niyatida.

Suriyaga qo’shni, minglab qochqinlar panoh topgan Livanda Rossiyaga qarshi kayfiyat kuchli. Moskva arab dunyosi qo’llab-quvvatlovini qo’ldan boy berayapti, deb hisoblaydi livanlik shayx Valid Tabush.

Uning aytishicha, Rossiya suriyaliklar va, umuman, arablar ahvoliga befarq.

Biroq Assad ma’muriyatiga xayrixoh, alaviylardan bo’lmish livanlik jangari guruh sardori Abu Ali Zumar Rossiyaga tahsin aytadi.

“Rossiyaning pozitsiyasi maqtovga loyiq. Prezident Putin og’ir va yaxshi damlarda sodiq do’st bo’lib qoldi”, - deydi Zumar.

Bayrutdagi Karnegi markazi olimi Pol Salim fikricha, Putin Suriya prezidentini tanlab xato qildi.

“Mavjud tasavvur shuki, Assad tuzumi mag’lub bo’lishini bila turib, Putin bilganida turib oldi”, - deydi tahlilchi. Bu esa Rossiyaning arab dunyosidagi nufuziga pand beradi.

“Yaqin Sharq, arab dunyosi, umuman, musulmon olamida Rossiyaning nomi, obro’siga putur yetmoqda. Kreml bundan yutqazyapti, lekin zarracha foyda ko’rayotgani yo’q”, - deydi Salim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG