Breaking News

Barrozo: Suriya mojarosi - dunyo vijdonidagi dog'


Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo
Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo
Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo Suriya hukumatiga bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda. Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyat 40 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritgan mojaroga barham berishi shart.

"Urushni yenggan, totalitarizmga qarshi kurashgan davlatlar jamoasi sifatida tinchlikka intilayotgan tomonlarga hamisha yordam berishimiz kerak. Suriyadagi hozirgi ahvol dunyo vijdonida katta dog’ bo’lib turibdi va jahon hamjamiyati chora ko’rishga majbur", - dedi Barrozo.

Ma’lumki, Suriya muxolifati va Qo’shma Shtatlar prezident Bashar al-Assadning ketishini istaydi, biroq Kreml tashqi aralashuvga qarshi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining so’nggi bayonotida aytilishicha, ichki nizo Suriyadagi kuchlar muloqoti orqali hal etilishi, siyosiy islohotlarga suriyaliklarning o’zi qo’l urishi lozim.

Bu o’rtada Qo’shma Shtatlar Suriyadagi isyonchi guruhlardan birini terrorchi tashkilot deya belgilagan.

Davlat departamenti hali bu haqda rasman e’lon qilgani yo’q, ammo bugun chop etilishi kutilayotgan hujjatga ko’ra, Jabhat al-Nusra guruhi al-Qoidaning Iroqdagi bo’limiga aloqador. Jabhat al-Nusra Suriyadagi suiqasd xurujlarida qo’li borligini bir necha bor tan olgan.

Ertaga qator davlatlar va xalqaro tashkilotlardan iborat hamda Assadga qarshi kuchlarni qo’llab-quvvatlashni maqsad qilgan “Suriya do’stlari” guruhi Marokashda uchrashadi. AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton guruhning bu galgi majlisida tobi qochgani bois ishtirok etmaydi. Jumladan, Suriya ichki ishlariga aralashishdan bosh tortayotgan Rossiya vakillari ham.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg davlatlardan Suriya muxolifatini tan olishni so’ramoqda. Kecha Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari muxolifat rahbari Muaz al-Xatib bilan uchrashgan.

AQSh va G’arb davlatlari Suriyada mojaro keskinlashsa, Assad isyonchilarga qarshi kimyoviy qurol ishlatishi mumkinligidan xavotirda.

Biroq AQSh Mudofaa vaziri Leon Panettaning aytishicha, Damashq tomonidan hozircha bunga harakat yo’q.

"Vaziyatni diqqat bilan kuzatyapmiz", - deydi Panetta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG