Breaking News

Tojikiston: Rog'un tashviqoti susaygan, muzliklar erimoqda


Rog'un
Rog'un

Ekologiya masalasi bugun ilg’or davlatlar tashqi va ichki siyosatida muhim o’rin egallaydi. Iqlim iliqlashuvi sabab Tojikistonning Pomir tog’larida ham ming yillik muzliklar erib, kichraymoqda.

Tojikistonda Rog'un uchun oldingiday tashviqot yo'q-Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:02 0:00

Flora-fauna o’zgarib borarkan, atrof-muhitning ifloslanishi aholi tanovul qiladigan ovqatlarga ham ta’sir qiladi. Markaziy Osiyoda Orol dengizining qurishi, Tojikiston alyuminiy zavodi faoliyati, Rog’un GESi qurilishining tabiatga ta’siri mintaqada siyosiy ambitsiyalar o’yiniga aylandi.

Tojikiston hukumati qo’shnilar iddaosini rad etib kelayotgan bo’lsa ham mamlakatda GES qurilishi susaytirilgan, Rog’un uchun oldingi targ’ib-tashviqot yo’q.

Respublikadagi ekologik vaziyatga baho bergan mahalliy shifokor Jabbor Xoliqulovning aytishicha, arzu-dodingni eshitadigan odamning o’zi yo’q.

"Shikoyat etib, baloga qolish mumkin. Qovun-tarvuzni yesangiz, ichidan qurt chiqadi, yesang tuflab yuborging keladi", - deydi.

"Bilmasam, qayerga borib shikoyat qilasiz? Og'ayni, mana bu yeri noto’g’ri deydigan joy yo’q. “San kimsan?” deydi. Xo’p, ertasiga ikkita melisa kelib, yerto’laga solib, to’rtta tayoq urib, qamab qo’yadi," - deydi shifokor.

Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi sobiq xodimi Sharifboy Halimov GES haqida gapiradi:

"Biz agar Rog’un GESini qursagu, xalqqa suv bermaydigan bo’lsak, bu - yuz foiz xato. Ulkan qurilish haqida gap-so’zlar ko’p, lekin uning tabiatga ta’siri borasida barcha hisob-kitoblar qilib bo’lingan, tabiat u qadar o’zgarmaydi. Qaytaga, bo’ladigan toshqinlarning oldi olinadi", - deydi sobiq mutaxassis.

Tojikistonlik ziyoli Xolbek Turdibekov Rog’un qurilishida suvning kamayishi, tabiat va odamlarga halokatli oqibatlar haqida chiqishlar siyosiy fitna, deb hisoblaydi.

"Suv oldingidek o’tib turadi. Rog’un masalasi bu nima? Bu - Tojikiston boyligi, biz boy bo’lsak qo’shnimiz O’zbekistonga, Afg’onistonga, boshqa yerga beramiz, yuqoridagi gaplar barchasi noto’g’ri. Bu - kaltafahm siyosatchilarning o’ylab chiqargan gaplari deb o'ylayman", - deydi Turdibekov.

Shifokor Xoliqulov joylarda zararli chiqindi va tutunlar chiqarayotgan turli korxonalar ko’payib ketgan, deydi. "Ekologiyaga mas'ullar esa soliq undirishdan nariga o’tmaydi, daryolar, hatto yeb-ichadiganlarimiz ham ifloslanib ketgan", - deydi u.

"Korxonalar chiqarayotgan tutunni yutib oluvchi biror qurilma qo’yilmagan, buni qayerga borib aytasiz? Oldingi muhit bilan hozirgi muhitning yuz foiz farqi bor. Shifokorman, qabulimga bemorlar, zavodda ishlab, nafasi qisqanlar kelardi. Bu ishni to’xtat, tog’ning ichidagi qo’ychiga suv tashuvchi bo’l, o’sha yerda tuzalasiz, sizga dori o’sha derdim. Hozir-chi? Qayerga boradi? Hozir mingta qo’ychi yo’q-ku? Hozir nimalar yeyabmiz? Nimani yutyabmiz? Ko’zimiz ko’rmaydi, yuribmiz. Oldingi yemishlar bilan hozirgilari o’rtasida yuz foiz farqi bor. Daryolarni ko’ring, hamma iflosliklar o’sha yerda, qayerga boradi? Osmonga chiqib ketmaydi-ku", - deydi shifokor.

Tojikiston universiteti kibernetika fakulteti bitiruvchisi, tabiatsevarlar asotsiatsiyasi a’zosi Davron Saidxo’jayev hukumatning bugungi siyosatida tabiat muhofazasi alohida o’ringa ega, deydi. U AQSh Davlat kotibi Jon Kerri mintaqaga safari chog’ida Tojikistonning nafaqat energetik mustaqilligi, balki qo’shni Afg’onistonga ham elektr energiyasi yetkaza bera oladigan loyiha ko’zda tutilayotgani haqida aytadi.

"Keksa avlod vakillari boshqacha o’ylasalarda, biz - tabiatsevar yoshlar, okean orti davlatining mamlakatimizdagi ekologik vaziyatga e’tiboridan xursandmiz. Tabiatimizni asrashga qaratilgan har qanday harakatni qo’llaymiz", - deydi kibernetik olim.

Mahalliy ekspertlar fikricha, mintaqada, xususan, Tojikistonda ham ekologiya masalasi siyosiylashib, muammolar globallashib bormoqda-ki, buni birgina ikkitaraflama yo’l bilan hal etib bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG