Breaking News

Tojikiston mutaxassislari vatanda ish topolmay chetda mardikorlik qilayapti


Tojikistonda iqtisodiy ahvol sabab oliy va o’rta maxsus bilim yurtlarini tugatgan o’n minglab yosh mutaxassislarning ko'pi chet elda mardikor bo'lishga majbur. O'zga yurtda barcha qiyinchiliklarga qaramay yoshlarning vatanga qaytish niyati yo'qday. Vatandagi yoshlarning esa siyosatga aralashish yoki hukumatga intilish jarayoni ham sust. Nega?

Tojikiston yoshlari vatanda ish topolmasdan chetda mardikorlik qilayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:58 0:00

To’rt yil Germaniyada tahsil olib, hozir Amerikada ish yuritayotgan G’ulom Ibodov hamsuhbatlariga vataniga doimiy qaytish rejasi yo’qligini aytar ekan, u yerda yoshlarga kelajak yo’q, hamma qo’rquvda, tadbirkorlik qo’llanmaydi, eng oddiy siyosiy faoliyat ham chegaralangan, deydi.

G’ulom qayerda erkinlik, to’kinlik bo’lsa, o’sha yerni vatan hisoblaydi. Tojikiston men uchun tug’ilib o’sgan yurt sanaladi, xolos, deydi u.

Tojikistondagi taniqli huquqshunos, inson huquqlari hioyachisi Fayziniso Voxidova yuqoridagi kabi fikrlarni qisman ma’qul topib, hammasiga ham qo’shilavermaydi. Uning fikricha, Tojikiston yoshlari faoliyat-harakatining ikki jihatini ko’rish mumkin.

"Ilm-fan, texnologiya, til o’zlashtirish masalasida yoshlar ancha ilgarilab ketgan. Siyosat masalasida esa, mustaqillikning o’tgan 24 yili mobaynida respublikada jamiyat tan oladigan aqalli yuz nafar siyosatchi yetishib chiqmagan ekan… bu jamiyatni demokratik deb bo’lmaydi. Biz bugun bilmaymizki, prezident Emomali Rahmondan keyin davlatni idora qiladigan yoshlarimiz bormi? Yoshlarimiz mafkurasini shu darajada siqib qo’yishganki, ular siyosat yo’lidan yurmaydilar. Siyosatchi degani inqilobchi, albatta prezident yo vazir bo’laman deganimas axir. Bunday fikrlash-noto’g’ri talqin. Yoshlar rostdan ham siyosatdan qo’rqadilar, bu - millatning baxtsizligi sanaladi", - deydi advokat.

Siyosiy qarashlari sabab hozir chet ellarda yashashga majbur bo’lgan tojikistonlik yoshlardan biri, Ayubjon Egamov buning sabablari haqida gapirarkan, mamlakatda na siyosiy, na iqtisodiy erkinliklarning borligini ta’qkidlab, ikki asosiy nuqtaga urg’u beradi.

"Birinchidan, hukumat norozi shaxslarni qamab, qiynab ommani qo’rqitib qo’ygan, ikkinchi sababi - Tojikistonda yoshlar asosan o’z oilasini boqish bilan band, ro’zg’ordan bosh ko’tarolmaydi, shaxsiy hayoti uchun hukumat tomonidan muammo bo’lishini istmaydi. Yana bir sababi, muxolif yoshlar jamiyatga o’z fikri va ideologiyasini yetkaza ololmaydi. Chunki, hukumat fikriga qarshi mafkura, dunyoqarash uchun sahna yo’q. Umuman olganda, qariyb hamma faol yoshlar Tojikistonni tark etib, xorijiy davlatlarda, jumladan Rossiyada yashashadi", - deydi xavfsizlik sabab Rossiyani ham tark etib, Yevropa davlatlaridan birida yashashga majbur bo’lgan Ayubjon.

Muxollif firklarini yashirmaydigan siyosatshunos Asadullo Valizoda aytadiki, Tojikistonda bir guruh mansabdorlar, mahalliychilik tufayli iqtidorli yoshlar davlat boshqaruvidan, siyosiy faoliyatdan chetda qolmoqda. G’arb mamlakatlarida bilim olganlar vatanga qaytishni istashmaydi.

"Nima uchun taraqqiy etgan Yevropa, Amerika davlatlarida saboq olgan yoshlar vatanga qaytishdan manfaatdor emaslar? Chunki ular iqtisodiy muhit, siyosat maydoni, erkin fikr bo’g’ilgan, shaxsga qaram mamlakatdan ketadilar. Ularda mutaxassisligiga ko’ra durust ish bilan ta’minlanish imkoniyati yo’q. Bu yerda barcha sohalarda moyli joylar o’zlarining odamlariga-yu, laganbardorlarga beriladi. Butun Markaziy Osiyo, xususan, Tojikistonda avlodbozlik, mahalliychilik va ko’p yillik rahbarlik o’rnatilgan", - deydi u.

"Regionda siyosiy va diniy faoliyat chegaralangan, hatto iqtisodiyotda ham hur fikrlilik xatarli bo’lib qoldi. Fuqarolik huquqlari poymol etilayotgan, demokratik erkinlik bo’g’ilayotganiga qaramay G’arb mamlakatlarining bu mintaqadagi uzoq umrli hukumatlarga munosabati talabga javob bermaydi", - deydi Valizoda.

Uning fikricha, regionda rahbarlik sho’rolar davridagidan farq qilmaydi. Holbuki, boshqaruv asoslari o’zgarishi lozim.

Siyosiy faoliyatini Moskvada olib borayotganlardan - ziyoli Izzat Amon. U Rossiyada Tojikiston yoshlari ittifoqining raisi etib saylangan, muhojirlar huquqlarini himoya etuvchi mintaqaviy jamoatchilik tashkilotining rahbari hamdir.

Uning respublikadagi siyosiy-iqtisodiy vaziyat haqidagi qarashlari hukumatdagilarga yoqavermaydi. Tojikistonda yoshlarning siyosatdan yiroq qolayotganining asosiy sababini u mavjud rejimda deb hisoblaydi.

"Yoshlarning siyosatdan chetda qolayotgani sabablari ziyod bo’lib, ularning biri, mavjud hukumatning siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtirokini istamasligidir. Ikkinchi sabab, albatta qo’rquv bo’lib, o’tgan yillar mobaynida rejim hukumat nazoratisiz mustaqil siyosiy harakatda bo’lganlarni yo o’ldirgan, yo zindonga tashlagan. Lekin asosiy sabab - qashshoqlik va nochorlikdir. Qarangki, tojkistonliklarning kunlik harajati bir dollardan ham oz bo’lib, shuning o’zi ahvolni ko’rsatib turibdi. Hukumat siyosiy sahnada mustaqil faoliyat olib borishni istaganlarni jazolaydi, bularning barchasi yoshlarning siyosatdan chetda qolayotgani-yu, hadiklariga asosiy sabablar bo’ladi,- deydi Izzat.

Nemis tadbirkolari bilan hamkorlikda Amerikada ishlayotgan tojkistonlik G’ulom Ibodov va uning buxorolik yosh tojik do’sti aytishadiki, mintaqada yoshlar yana 10-15 yildan so’ng siyosiy harakatga faol kirishishlari mumkin. Chunki, bu davrga kelib, regionda bugungi rahbarlar jismonan yo’q bo’ladilar, hozir oliygohlarda ta’lim olayotganlar esa u vaqtga borib, ayni kamolotga yetgan bo’lishadi. Yoshlarni qo’rqoqlik va sustlikda ayblamaslik kerak, biz tajriba va bilimlarimizni boyitib, shunchaki o’z pallamiz kelishini kutmoqdamiz, deyishhadi ular.

XS
SM
MD
LG