Breaking News

Turkiya oltin evaziga Erondan gaz olishda davom etmoqda


Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovut og'li (o'ngda) Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod bilan
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovut og'li (o'ngda) Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod bilan
AQSh qarshiligiga qaramay, Turkiya Erondan oltin evaziga gaz sotib olishda davom etmoqda. Eron shu yo’l bilan xalqaro sanksiyalarni chetlab o’tishga urinmoqda.

Shu oy Turkiya bojxona xizmati Ganadan Eronga bir yarim tonna oltin olib ketayotgan yuk samolyotini yerga qo’ndirgani haqida xabarlar paydo bo’ldi.

O’tgan yildan beri Tehron o’zining yadroviy dasturiga qo’yilgan jazo choralarini chetlab o’tish uchun xalqaro savdoni, asosan, qimmatbaho metall orqali amalga oshirmoqda.

Istanbulda joylashgan “Global manba hamkorlari” ilmiy tadqiqot markazi xodimi Attila Yesiladaning aytishicha, Turkiya Eronga katta miqdorda oltin jo’natishda davom etmoqda.

“Eronga oltin Shveysariya, Abu-Dabi kabi dunyoning turli nuqtalaridan jo’natilmoqda. O’tgan yili jami 11 milliard dollarga teng tilla yuborildi. Aksariyati aholi qo’lidagi oltin. Tehron xorij bilan qiladigan muhim savdosini hozir, asosan, mana shu metall bilan amalga oshirmoqda”, - deydi turk tahlilchisi.

Noyabr oyida Turkiya bosh vaziri o’rinbosari Ali Bobojon Tehron uning davlatiga gaz eksporti uchun oltin olayotganini tasdiqlagan edi. Eron tabiiy gaz zaxiralarining 90 foizini aynan rasmiy Anqara sotib oladi. U Rossiyadan keyin Turkiyaning ikkinchi eng katta gaz ta’minotchisi.

Oltin oqimini to’xtatish uchun AQSh prezidenti Barak Obama shu oy Eronga qimmatbaho metall sotishni taqiqlovchi yangi qonunga imzo chekdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Seljuk Unalning aytishicha, Anqara bu qonunga bo’ysunishi shart emas.

“Turkiya faqat BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga yoki 7-qism bo’yicha qabul qilingan sanksiyalarga rioya qiladi”, - dedi u.

Ammo tadqiqotchi Yesilada fikricha, Anqara, baribir, AQSh qaroriga qo’shilishga majbur.

“Amerika dastlab Turkiyani o’z ixtiyori bilan bu amaliyotni to’xtatishga chaqiradi. Agar bu ish bermasa, Eron bilan savdo qilayotgan yoki bu savdoga yordam berayotgan barcha davlatlarga bosim o’tkazishni boshlaydi”, - deydi tahlilchi.

Hozirgacha Anqara Vashingtonning Eronga qarshi qo’llagan deyarli barcha choralariga qo’shilgan. Ammo u Tehrondan sotib olinayotgan gazning haqqini ham to’lashi kerak.

Tahlilchilarga ko’ra, Turkiyaning energiyaga bo’lgan ehtiyojini boshqa davlatlar hisobiga qondirish vaqt va katta mablag’ talab qiladi. Shu oy Turkiya Abu-Dabi kompaniyasi bilan ko’mirdan energiya olish sanoatini yo’lga qo’yish uchun 12 milliard dollarlik shartnoma imzoladi.

Fransiyaning Burgundi biznes maktabi eksperti Jamshid Assadiyning aytishicha, bu orada Eron gaziga to’lash uchun Anqarada oltindan boshqa variantlar ham bor.

“Yechimlardan biri bu barter. Hindiston bilan ham shunday qilishdi. Ya’ni biz senga gaz sotamiz, sen esa evaziga bizga kerakli bo’lgan mahsuloting bilan haq to’laysan”, - deydi tahlilchi.

O’z nomini oshkor qilishni istamagan turk rasmiysi Anqara Tehron bilan savdo qilishda barter usuli haqida o’ylayotganini tasdiqladi.

Turkiya bundan faqat foyda qiladi, deydi kuzatuvchilar. Chunki Eronga yuboriladigan mahsulotning barchasi shu yerning o’zida ishlab chiqariladi. Oltinni esa chetdan sotib olish kerak, deydi ular.

Bu narsa xavfsizlik nuqtai-nazaridan ham yaxshi, deydi tahlilchi Yesilada.

“Eron oltinni nima uchun sarflaydi, Anqara ham, Vashington ham buni bilmaydi. Uni oziq-ovqat yoki boshqa kerakli mahsulotlarni sotib olishga yoki terror amaliyotlarida, Suriyadagi Assad rejimini yoki Livandagi “Hizbulloh”ni qo’llab-quvvatlash uchun ishlatishi mumkin. Gaz evaziga mahsulotlar olinganda esa bunday taxminlarga o’rin qolmaydi”, - deydi tahlilchi.

Turkiyada 2 mingdan ortiq Eron kompaniyalari faoliyat yuritadi. Katta miqdordagi o’zaro tovar ayriboshlashnni amalga oshirish uchun biznes aloqalari yaxshi yo’lga qo’yilgan.

Ammo Eronga qarshi sanksiyalar oshib borar ekan, uning gaziga qaramligini kamaytirish uchun Turkiyaga nisbatan bosimlar ham kuchaymoqda. Bu hol mintaqada, xususan, Suriya masalasida Tehron va Anqara o’rtasidagi munosabatlarning yanada sovuqlashishiga sabab bo’lishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG