Breaking News

Tahlilchilar Turkiyada NATO mudofaa tizimini o'rnatish masalasida hamfikr emas


AQShning Polshada o'rnatilgan raketa hujumiga qarshi "Patriot" mudofaa tizimi.
AQShning Polshada o'rnatilgan raketa hujumiga qarshi "Patriot" mudofaa tizimi.
Turkiya NATOdan Suriya bilan chegarada havo mudofaasi tizimini o’rnatishni so’ragan. NATO bugun-erta shu masala bo’yicha qaror chiqarishi kutilmoqda. Anqara uchun bu ham harbiy, ham diplomatik ahamiyatga ega mavzu. Rossiya va Eron tizimga qarshi.

Turkiya Suriyani uning hududi tomon o’q otganlikda ayblab, NATO a’zosi sifatida alyansdan raketaga qarshi “Patriot” mudofaa tizimini chegaraga qo’yishni so’ragan. Turkiyalik jurnalist Semix Idizning aytishicha, Anqara suriyalik isyonchilarni qo’llab-quvvatlar ekan, Assad hukumati unga hujum qilishidan xavotirda.

"Turkiya Suriyada ahvol izdan chiqib, Assad unga qarshi kimyoviy yoki ballistik raketa ishlatishidan tashvishda. NATOdan mudofaa tizimini so’rash harbiy qaror bo’lgan, siyosiy emas", - deydi Idiz.

Biroq Anqara NATOdan yordam so’rab, Eron va Rossiyani xavotirga soldi. Ular Turkiyani provokatsiyada ayblab, qarorini tanqid qildi. Ammo NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, Rossiyaning masalaga aralashishga haqqi yo'q.

"Buni NATO hal qiladi", - dedi u.

Rasmussen masala ijobiy hal etilishiga va Turkiyaning iltimosi qondirilishiga ishonch bildirmoqda.

"Tizim NATO boshqaruvi ostida o'rnatiladi va ishlatiladi", - dedi alyans rahbari.

Tahlilchilar nazarida sistemaning o’rnatilishi Suriya harbiy samolyotlari parvozini taqiqlash yo’lidagi birinchi qadam bo’lishi mumkin. Biroq Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’anning aytishicha, tizim mudofaa uchun, xolos.

"Turkiya ehtiyot choralarini qo’llar ekan, buning ortida boshqa hech bir maqsad ko’rishga harakat qilmang. Bu choralar yolg’iz mudofaani nazarda tutadi", - deydi Erdog’an.

NATO Anqara iltimosini qondirsa, nechta “Patriot” raketasi bilan ta’minlashi ma’lum emas.

Mudofaa masalalari bo’yicha ekspert, anqaralik jurnalist Mixan Demirning aytishicha, NATO raketalaridan 900-kilometrlik Turkiya-Suriya chegarasini himoya qilishda uncha foyda yo’q. Shunga qaramay bu qadamning o’ziga yarasha ahamiyati bor, deydi muxbir.

"Raketalar, shunchaki, ramziy ma’noga ega. Suriyaga “Turkiya yolg’izmas, NATO va unga a’zo davlatlar u bilan” degan ma’noda ishora qilish uchun", - deydi Demir.

Istanbuldagi Okan universitetida Xalqaro aloqalar fakulteti rahbari Mustafo Kibrao’g’lining aytishicha, NATO raketalarining turk chegarasida o’rnatilishi kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu NATO strategik siyosatida katta o’zgarish degani, deydi ekspert.

"Yevropa davlatlari Yaqin Sharq masalasida Turkiya bilan birdam ekanini namoyish etishdan hamisha qochib kelgan. Biroq hozir ilk bor buning teskarisiga guvoh bo’lyapmiz. Aksincha, ayrim hollarda shijoat bilan Anqarani qo’llab-quvvatlamoqda. Buning sababi faqat Suriyadagi mojaro emas, balki Isroil va Eron, deb o’ylayman. Eron yadro dasturi va Isroilning Eron atom inshootlariga hujum qilish haqidagi do’q-po’pisalari", - deydi Kibrao’g’li.

Mutaxassis taxminiga ko’ra, NATO Turkiyada mudofaa tizimini o’rnatishga qaror qilsa, bitim bir necha yilgacha amal qilishi mumkin. NATO so’nggi bor Turkiyaga
“Patriot” raketalarini 1990-yillar boshida Fors ko’rfazidagi birinchi urush paytida yetkazib, Iroq chegarasi bo’ylab o’rnatgan edi.

Bugun NATO rasmiylari tizim o’rnatilishi rejalanayotgan joylarni ko’zdan kechirish uchun Turkiya janubi-sharqiga borgan. Rasmussen sistema yaqin kunlarda o'rnatilishi mumkinligiga ishora qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG