Breaking News

Turkiya: Kurd jangarilari bilan tinchlik jarayoni qaltis, ammo o'lmagan


Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari
Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari

Turkiya va Kurdiston ishchilar partiyasi o’rtasida salkam ikki yil oldin boshlangan tinchlik muloqotiga Suriyaning Kobani shahridagi janglar to’siq bo’lishi mumkin. Asosan kurdlar yashaydigan bu shahar “Islomiy davlat” jangarilari tomonidan muntazam hujumga uchrayapti va kurd jangarilari Turkiya yordam bermasa muzokaradan chiqishiga ishora qilgan. Ustiga-ustak, Turkiya o’tgan hafta Kurdiston ishchilar partiyasining pozitsiyalarini havodan nishonga olgan.

Turkiya parlamenti deputati, kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Tinchlik va demokratik partiya faxriy raisi Ertugrul Kurkchuning aytishicha, vaziyat murakkab, ammo umidsiz emas.

"Har kuni hukumat Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi qattiq gapirib kelmoqda. Turk samolyotlari harakatning harbiy bazalariga hujum qilmoqda. Muhit yaxshi emas. Boshqa tomondan, muloqot davom etyapti, muzokara mexanizmi ish beryapti. Muzokarachi guruhlar uchrashib turibdi", - deydi deputat.

Muzokaralar salkam ikki yil oldin hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tashabbusi bilan boshlangan. Tomonlar 30 yildan beri davom etayotgan adovatga barham berishga umid qilmoqda.

Rasmiy Anqara bu borada yutuqlar bor deb yaqin o’rtada rejani jamoatchilik e’tiboriga havola etmoqchi. Kurd jangarilarining qamoqdagi yetakchisi Abdulla O’jalon ham tinchlik tarafdori.

“Milliyet” gazetasi sharhlovchisi Qadri Gurselning aytishicha, O’jalon bu masalada o’z tarafdorlari oldida hurmatini tikkan.

"O’jalon og’ir bir ahvolda. Chunki 2013-yil martida u qamoqdan turib jangchilarini sulhga va Turkiyani tark etishga chaqirgan, ammo hukumat tomonidan tinchlik jarayonini olg’a surish uchun hech bir qadam qo’yilmadi", - deydi Gursel.

Qodir Xash universitetida tahlilchi Soli O’zel nazarida O’jalonning nufuzi hali ham baland. Buni Bosh vazir Ahmet Dovuto’g’lining unga oy boshida murojaat qilib, mamlakat bo’ylab hukumatga qarshi kurd namoyishlarini to’xtatishda yordam so’rashidan bilsa bo’ladi. O’jalonning aralashuvi ish berib turibdi, ammo kurdlar orasida tinchlik jarayoniga umid tobora so’nib bormoqda, deydi O’zel.

"Jarayonni davom ettirish uchun zarur bo’lgan ishonch yo’qolgan deb o’ylayman. Balki butunlay yo’qolmagandir, ammo jiddiy darz ketgan", - deydi tahlilchi.

“Taraf” gazetasi jurnalisti Semih Idiz fikricha, Dovuto’g’li kurdlarni umidlantirib, ashaddiy saylovchilari bo’lgan turk millatchilarini bezitishdan qo’rqayotgan va uzoqroq kelajakka nazar solayotgan bo’lishi mumkin.

"Hozir tinchlik jarayoni Kobani va, umuman, Suriya shimolidagi vaziyatga bog’liq. Dovuto’g’li tarozining bir pallasiga kurd millatchiligini, ikkinchi pallasiga esa turk millatchiligini qo’yib, u, uning partiyasi va partiya mafkurasi uchun turk millatchiligi muhimroq ekaniga ishonch hosil qilayotgan bo’lishi mumkin", - deydi Idiz.

Bosh vazir 2015-yil iyuniga belgilangan parlament saylovlarida turk millatchilarining ovozlari yordamida g’alaba qilish umidida. Biroq kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, agar tinchlik jarayoni olg'a siljimasa, oldingi saylovlarda “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga ovoz berib kelgan kurdlar bu safar undan yuz o’girishi mumkin.

Kurdlardan deputat Ertugrul Kurkchuning aytishicha, jarayon muhim pallaga kirmoqda.

"Qandildagi uchrashuvdan so’ng ish yurishadi degan umiddaman", - deydi u.

Qandil tog’li rayon bo’lib, u yerda Kurdiston ishchilar partiyasining harbiy rahbariyati joylashgan. Ular kurdlar orasida hukumatning tinchlik jarayonidagi samimiyligini shubha ostiga qo’yayotganlardan. Agar Kobani shahrini jihodchilar to’liq egallasa, Turkiya bo’ylab kurdlar yangidan namoyish qilishi mumkin. Qo’shma Shtatlar kurd jangarilariga havodan yordam berar ekan, jarayonni jonlantirish imkoniyati saqlanib turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG