Breaking News

Turkiya va Rossiya tashqi siyosatda kelisha olmasada, savdo zo’r


Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3-dekabr kuni Turkiyaga safar qiladi. Ikki mamlakat Suriya mojarosini hal etish borasida har xil fikrda.

Turkiya-Rossiya/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00
Yuklab oling

Prezident Bashar al-Assad Rossiyaning yaqin ittifoqchisi, Turkiya esa Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo’llab-quvvatlaydi. Shunga qaramasdan, ikki tomonlama savdo hajmi oshib bormoqda.

Turkiyaga bir kunlik safari chog’ida Vladimir Putin Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an bilan muloqot qilishi kutilmoqda.

“Hurriyat” gazetasi muxbiri Semih Idiz so’zlariga ko’ra, ikkala rahbar bir-birini juda yaxshi taniydi. Lekin so’nggi payt Erdog’an Moskvani Suriya yuzasidan keskin tanqidga olayapti.

“Erdog’anning partiyasi Eron va Rossiyani sitamgarning sheriklari deya, zolimlar bir kun kelib qilmishi uchun javob beradi deb ogohlantirgan. Turkiya va Rossiya bu masalada qarama-qarshi pozitsiyada ekani ayon va kelajakda bu ko’p tortishuvlarga olib keladi”, - deydi jurnalist.

Shu yilning oktabrida Turkiya havo kuchlari Moskvadan Damashqqa uchayotgan yo’lovchi samolyotni Anqarada qo’nishga majburlagan edi. Samolyotda qurol-yarog’ bo’lgani da’vo qilingan, lekin buni isbotlovchi dalillar ommaga ko’rsatilmadi.

Yaqinda esa Turkiya NATOdan “Patriot” rusumidagi raketalarni so’ragani uchun Kremldan dakki eshitdi. Mamlakatni Suriya hujumlaridan himoya qilish uchun kerak bu raketalar, deydi rasmiylar.

Rossiya rahbarining safari oldidan Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an biroz yumshab, Suriya mojarosiga yechim topishda Moskva yetakchi rol o’ynashi mumkin, deya bayon qildi.

Istanbuldagi Edam tadqiqot instituti rahbari Sinan Ulgen fikricha, Turkiya tushunib turibdiki, agar Rossiya o’z pozitsiyasini o’zgartirmasa Suriyada ahvol o’zgarmaydi. Prezident Bashar al-Assad hokimiyatda hali uzoq vaqt qoladi.

Rossiya birdaniga ittifoqchisidan voz kechishi amri mahol, lekin deydi kuzatuvchilar, Assaddan sekin-asta yuz o’girayotgani seziladi.

Turkiyaning istagi – Moskva rahbariyati Suriyaga gumanitar ko’mak yetkazish operatsiyalariga yo’q demasin, BMT Xavfsizlik Kengashida sanksiyalar muhokamasiga qo’shilsin. Kengashning doimiy a’zosi sifatida Rossiya Suriyaga sanksiya qo’yish borasidagi rezolyutsiyalarga uch marotaba veto qo’ygan.

Yuqorida tilga olingan kelishmovchiliklar ikki davlat o’rtasidagi savdoga ta’sir etmayapti. Siyosatshunos Soli Ozelning aytishicha, Erdog’an va Putin uchrashuvida tijorat asosiy masalalardan biri.

“Rossiya Turkiyaga ilk yadro reaktorini qurishda yordamlashyapti, so’ngra ikkinchisini yaratish rejalangan. Enertegika eng muhim mavzulardan”, - deydi Ozel.

Vladimir Putinning safari davomida savdo bilan bog’liq qator bitimlar imzolanishi kutilyapti. Jurnalist Semih Idiz nazarida, bu aloqalar kuchli ekanidan nishona.

“Munosabatlarning pastu-balandi bor, tomonlar buni tushunadi. Savdo-sotiqni yanada oshirish ko’zlangan. Suriya tufayli davlatlar bir-biridan yuz o’girmaydi, lekin aloqalar izdan chiqmasligi uchun har ikki taraf harakat qilishi kerak”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG