Breaking News

Turkiya qamoqdagi kurd yetakchisi bilan muzokarada


Kurd isyonchilarining umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan yetakchisi Abdulloh O'jalan saqlanadigan kimsasiz Imrali oroli
Kurd isyonchilarining umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan yetakchisi Abdulloh O'jalan saqlanadigan kimsasiz Imrali oroli
Turkiya hukumati isyonchi kurdlarning hibsdagi rahbari Abdulloh O’jalan bilan tinchlik yo’lida muzokara boshlagan. Qo’zg’olonchilarni qurolni tashlashga rozi qiladigan biror islohot amalga oshiriladimi-yo’qmi, hali noma’lum.

Turkiya Bosh vazirining maslahatchisi Yolchin Akdo’g’anning tasdiqlashicha, razvedkachilar hozir Kurdiston ishchilar partiyasining hibsdagi rahbari Abdulloh O’jalan bilan suhbat o’tkazmoqda.

Kurd isyonchilari bilan muloqot, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00
Yuklab oling

“Maqsad kurdlarni qurolsizlantirish. Qon to’kish bilan muammoni hal etib bo’lmaydi. Boshqa usullarni qo’llash kerak. Muzokara shunday yo’llardan biri”, - deydi rasmiy.

Kurdiston ishchilar partiyasi 1984-yildan beri Turkiya davlatiga qarshi kurashib keladi. O’zaro to’qnashuvlarda shu kungacha 40 mingdan ortiq odam halok bo’ldi. Akdo’g’anning aytishicha, isyonchilar bahorgacha qurolini tashlaydi va yetakchilari ixtiyoriy ravishda xorijga chiqib ketadi, degan umid bor.

Ammo bunga erishish uchun Turkiya hukumati kurdlarning talablarini bajarishga tayyormi, deya so’raydi Qodir Xos univesiteti tahlilchisi Soli O’zel.

“Bu yerda siyosiy muammo ham bor. Kurdlarning turk fuqaroligi masalasi. Hukumat nima qilmoqchi, hali hech narsa ma’lum emas. Hammaning e’tibori 2014-yilgi saylovga qaratilgan bir paytda hukumat bu mavzuga jiddiy yondashadi, deb aytolmayman. Bu narsa ayrim konservativ va millatchi guruhlarni ranjitishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, kurd isyonchilari hali-beri kurashni bas qiladigan emas. O’tgan yili ixtilof 1990-yillarda kuzatilgan eng keskin nuqtaga qaytdi.

Isyonchilar muxtoriyat va kengroq madaniy huquqlar berilishini talab qiladi. Prezidentlik saylovigacha yana ikki yil borligini hisobga olsak, hukumat qo’zg’olonchilarni qondiradigan takliflar bilan chiqishiga umid bor, deydi Istanbulda joylashgan Edam tadqiqot instituti rahbari Sinan Ulgen.

“Bu uzoq vaqtni oladigan ish. Nazarimda bu yerda ikki muhim masala bor. Birinchidan, hukumat kurdlarga nima bera oladi? Ikkinchidan, o’zaro ishonch masalasi. Rahbarlar muzokarada ishtirok etayotgan guruhlarga ishonadimi? Shuningdek, Kurdiston ishchilar partiyasi ham hukumat o’z va’dasiga vafo qilishiga ishonishi kerak”, - deydi tadqiqotchi.

Abdulloh O’jalan 1999-yildan beri Imrali orolidagi hibsxonada saqlanadi. Hozirda uning Kurdiston ishchilar partiyasi ustidan ta’siri noma’lum.

Abdulla O'jalan tarafdorlari
Abdulla O'jalan tarafdorlari
O’tgan yili turmada ochlik e’lon qilgan bir necha kurd isyonchisini tinchlantirish uchun hukumat O’jalandan yordam so’radi. Bu esa arbob hanuz katta nufuzga ega ekanini ko’rsatadi, deydi kuzatuvchilar.

Xalqaro munosabatlar bo’yicha ekspert O’zelning aytishicha, hozir hukumat kurdlarning dardini tinglashga tayyor ekanini ko’rsatish uchun eng yaxshi fursat.

“Kurd millatchilik harakati butun dunyo miqyosida jonlanayapti. Iroqda yarim mustaqil Kurdiston o’lkasi, Suriyada kurd avtonom viloyatlari… Turkiya kurdlari bu fonda uncha ko’rinmayapti ”, - deydi tahlilchi.

Ikki yil avval Turkiya rahbariyati va O’jalan o’rtasida boshlangan muzokara muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Shundan so’ng isyonchilar kurashi yanada jadallashdi. Tahlilchilar nazarida 2014-2015-yillarda bo’lib o’tadigan prezidentlik va parlament saylovlari arafasida kurdlar bilan muzokara tinchlik yo’lidagi eng yaxshi imkoniyatdir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG