Breaking News

Turkiya odam kontrabandasi markaziga aylanmoqda


Suriyalik qochqin ayol qochqinlar lagerida bolalari uchun ovqat pishirmoqda
Suriyalik qochqin ayol qochqinlar lagerida bolalari uchun ovqat pishirmoqda

Italiya qirg’og’iga mingdan ortiq noqonuniy qochqin, asosan suriyaliklar ikki kemada yetib borishi Turkiyaning kontrabandachi roliga e’tibor qaratdi. Chunki kemalardan kamida biri muhojirlarni aynan Turkiyadan Yevropaga tashigan. Rasmiy Bryussel Anqaradan chora ko’rishni talab qilmoqda.

Istanbulning Yevropaga ketishni orzu qiladigan migrantlar yashaydigan Dolapdere mahallasidagi kichik bir kafeda vositachi o’tiradi. U migrantlar hamda kontrabandachilar o’rtasidagi ko’prik.

O’zini Maykl deb tanishtirgan yigit G’arbiy Afrikadan. Boshqa muhojirlar kabi Istanbulga Yevropaga o’tish ilinjida kelganini e’tirof etadi. Ammo bu yerda daromadli ish topishga muvaffaq bo’ldi. Odamlarni qonunga zid ravishda kemalarda Yevropaga tashish ma’nosida Istanbul eng katta shaharlardan, deydi u.

“Odatda har uch oyda bir marta safarga chiqiladi. Bir kemada 600 kishi. Bu juda katta biznes. Katta pul aralashgan. Shu bois yangi odamlar jalb etilaveradi. Tanishlarimdan 10-12 nafari shu biznes bilan shug’ullanadi,” - deydi Maykl.

Yaqingacha migrantlar Turkiyadan Gretsiya va Bolgariyaga quruqlikdan o’tar edi. Eng qulay va arzon yo’l edi. Ammo Yevropa Ittifoqi chegara nazoratini kuchaytirgach, kontrabandachilar ham boshqa yo’llarni izlashga mabjur bo’ldi, deydi Istanbuldagi Koch universitetidan migratsiya bo’yicha mutaxassis Ahmet Ichduygu.

Bosfor kontrabandachilar uchun yangi imkoniyat, hukumatlar uchun esa boshog’riq yaratdi, deydi u.

“Xavfsizlik xizmatlari bir hududga kattaroq urg’u bera boshlasa, kontrabandachilar va hatto migrantlarning o’zi boshqa yo’llarni qidiradi va biznesni boshqa mintaqaga ko’chirishi mumkin. Bosforda Montryo xalqaro bitimi amal qiladi. Xalqaro huquq amalda bo’lgan mintaqani hatto Turkiya hukumati ham to’la nazorat qilolmaydi. Barcha kemalar qanday yuk olib ketayotganini ma’lum qilishi lozim. Qurol yoki narkotiklar kontrabanda qilayotganining isboti bo’lmasa, Turkiya xavsizlik xizmati ularni tekshira olmaydi,” - deydi mutaxassis.

Istanbul qirg’oqlari bo’ylab kemalar ko’p, ayrimlari eski, ishdan chiqqan. Ba’zida bu sohillarga yaqinlashgan kemalarda jamoa va kapitan almashtiriladi, ayrim hollarda esa hatto kemalar nomi ham o’zgaradi. Ular ochiq suvlarga maxfiy yuk bilan chiqib ketadi. Ammo Italiya qirg’og’iga mingga yaqin migrantlar ortilgan ikki kemaning yetib borishi Bryusselni Anqaradan tushuntirish so’rashga undadi.

Bu haqda Yevropa komissiyasi so’zlovchisi Natasha Bertaud ma’lum qildi.

“So’nggi kunlarda ikki kema atrofidagi hodisalarni inobatga olgan holda biz Turkiya rahbariyati bilan vaziyatga aniqlik kiritmoqchi edik. Yuk tashuvchi kemalar doim ayni hududdan chiqib ketadi. Demak, u yerda muammo bor,” - dedi u.

Ammo Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi masalasi to’xtab qolgani sababli Anqara hamkorlik qilishga shoshmasligi mumkin.

“Men o’tkazgan tadqiqot natijasida”, - deydi Ichduygu, “Yevropa Ittifoqiga a’zolik va noqonuniy migratsiya bir-biriga bog’liq ekani aniqlandi. Turkiya hukumati bu masalaga katta e’tibor bermay qo’ygan, hozirda Suriya qochqinlari masalasi dolzarbroq”.

Istanbul portidan yana bir kema chiqib ketdi. Turkiya rahbariyati u qanday yuk olib ketayotganidan xabarsiz bo’lishi mumkin: suriyalik qochqinlar bilan band. Yevropa Ittifoqi esa bu masalada yordam berishga shoshilmayapti. Demak, Anqara ham Yevropaning noqonuniy muhojirlarga oid xavotirlarini e’tiborsiz qoldirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG