Breaking News

Turkiya Yevropada energetik markazga aylanmoqchi


Moskva kelajakda gaz Yevropaga Ukraina emas, Turkiya orqali yetkazilishini bildirdi. Azaldan mintaqaviy energetik markazga aylanishni rejalayotgan Anqara uchun bu katta imkoniyat. Ammo tanqidchilar orzuning ushalishida to’siqlar ko’pligini aytadi.

Turkiya Yevropada energetika markazga aylanmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:27 0:00

Ukrainada keti ko’rinmayotgan mojaro sababli Turkiyaning mintaqaviy energetik markazga aylanish haqidagi azaliy orzusi nihoyat ushalishi mumkin.

Siyosiy konsultant Atilla Yesilada fikricha, Moskvaning gazni Ukraina emas, Turkiya orqali Yevropaga yetkazish qarori Anqara uchun ajoyib imkoniyat.

“Turkiya Ukraina o’rnini egallaydi. Albatta, ma’naviy ma’noda savollar tug’iladi. Diplomatiya sohasida ham ziddiyat kelib chiqishi mumkin. Ammo iqtisodiy jihatdan rejani amalga oshirsa bo’ladi. Turkiya Ukraina o’rnini bosib, Yevropani gaz bilan ta’minlaydigan energetik markazga aylanadi”, - deydi Yesilada.

Moskvaning qarori Kiyev bilan anchadan beri davom etayotgan tortishuv natijasi.

Ammo Bryusseldagi Karnegi markazi tadqiqotchisi Sinan Ulgenning aytishicha, Yevropa Iittifoqiga bu o’zgarish ma’qul bo’lmaydi.

“Yevropa Ittifoqining energetika masalalari bo’yicha komissari bunday rejani amalga oshirish uchun qator huquqiy to’siqlar borligini aytib o’tdi. Masalan, Rossiya Yevropadagi eng yirik mijozlariga gaz yetkazishni qayta yo’lga qo’yishi kerak. Chunki hozirda amal qilayotgan kelishuvlarga ko’ra, gaz Ukraina orqali o’tishi lozim. Gap uzoq muddatli kontraktlar haqida ketyapti. Kelishuvlarni qayta ko’rib chiqish mumkin bo’ladimi? Gap shunda”, - deydi Ulgen.

Biroq “Gazprom” rahbari Aleksey Miller yanvarda bunday xavotirlar asossiz deb, rasmiy Bryusselning o’z inshootlarini Rossiya gazini Turkiya orqali Gretsiyagacha eltishiga moslashtirishi uchun ikki yil vaqti borligini aytdi. O’tgan oy Miller va Turkiya Energetika vaziri Taner Yildiz Turkiya quvuri qurilishi mumkin bo’lgan hududni to’rt soat davomida vertolyotdan o’rgangan edi.

Moskva qarori Anqara pozitsiyasini kuchaytiradi. “Gazprom” Turkiyaga sotiladigan gaz narxini ikki baravar pasaytirdi.

Ammo Anqaradagi Energetika bozorlari va siyosati instituti tahlilchisi Vulqon O’zdemir fikricha, Turkiya shunchaki tranzit mamlakat emas, energetika markaziga aylanishi kerak.

“Menimcha, Turkiya hozir Rossiyadan ustun kelishi mumkin. Chunki Moskva sanksiyalar va iqtisodiy muammolar sabab qiyin ahvolga tushib qolgan. Uning yagona yo’li – Turkiya. Demak, Turkiya tabiiy gaz markaziga aylanish masalasida Rossiyani o’z tarafiga og’dirishi kerak”, - deydi ekspert.

Anqara gaz tranziti uchun pul oladi, lekin hududi orqali o’tgan gazni boshqalarga sotish huquqiga ega emas. Uning energetika markaziga aylanishida nafaqat diplomatik, balki boshqa to’siqlar ham bor, deydi Yesilada.

“Bu xavfli o’yin, chunki gaz bozorini yaxshi tushunish, mijozlarni bilish, narxlarni oldindan bashorat qila olish kerak. Bundan tashqari, gazni saqlash uchun maxsus omborxonalarga ehtiyoj tug’iladi. Turkiyada bunday imkoniyatlar hozircha yo’q, ularni rivojlantirish kerak. Ammo kelajakda albatta, bu juda daromadli biznes bo’ladi. Umuman olganda, jiddiy masala”, - deydi u.

Boshqa rejalarga ko’ra, Ozarbayjondan Turkiya orqali Yevropagacha gaz quvuri quriladi. Turkiyaning o’z quvuri ham bor, demak, bu mamlakat Yevropaning asosiy gaz ta’minotchisiga aylanadi. Yesilada fikricha, bu kelajakda Anqaraga Bryusselni ham o’z tarafiga og’dirish imkonini beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG