Xitoy sudi uyg’ur fuqaroni noqonuniy diniy adabiyot sotganlikda aybdor topib, 10 yil qamoq jazosi bergan.
Shinjonning Xo’tan shahrida Habibulla Ibrohimning sudi uyg’ur faollari, inson huquqlari himoyachilari orasida norozilik uyg’otgan.
31-may kuni qo’shni Qashg’ar sudi to’qqiz uyg’urni noqonuniy diniy faoliyatda ayblab, ozodlikdan mahrum etgan edi.
“Xitoy hukumatining bu qilmishiga chidab bo’lmaydi. Uyg’ur xalqi ayovsiz xo’rlanmoqda, tili, dini, madaniyati oyoqosti qilinmoqda”, - deydi Jahon uyg’urlari kongressi matbuot kotibi Dilshot Rashit.
“Hukumat Shinjondagi qonli voqealarning uch yilligi arafasida ehtiyot choralar ko’rmoqda, uyma-uy tintuv qilishlar boshlangan”, - deydi u.
2009-yilning yozida uyg’urlar isyoni va etnik olishuvlar, rasmiy hisoblarga ko’ra, 197 odamni hayotdan olib ketgan edi.