Breaking News

Rossiya qo'shinlari Ukraina janubiga bostirib kirdi


Novoazovsk, 27-avgust 2014-yil
Novoazovsk, 27-avgust 2014-yil

AQSh va Ukraina rasmiylarining 27-avgust kuni bildirishicha, Rossiya og’ir artilleriyasi Ukraina janubida chegarani kesib o’tgan va isyonchilarga yordam bera boshlagan. Bu yangi frontning ochilishi sifatida ko’rilmoqda.

Shu paytgacha janglar Ukraina shimolidagi Lugansk hamda janubi-sharqidagi Donetsk shaharlarida olib borilayotgan edi. Endi esa Azov dengizi yaqinidagi Novoazovsk shahriga ham Rossiya qo’shinlari bostirib kirdi.

So'nggi xabarlarga ko'ra, Novoazovsk atrofida Ukraina qo’shinlari Rossiya kuchlari oldida chekinar ekan, harbiy avtomashinalar va qurol-aslahani tashlab ketmoqda. AQSh Davlat departamentining qayd etishicha, Rossiya Ukraina hududiga tanklar va raketa otuvchi moslamalar olib kirgan.Rossiyaparast bo’lg’inchilar Novoazovsk g’arbidagi Mariupol port shahrini o’qqa tutgan. Donetsk aeroportida ham kuchli janglar kuzatilgan.

Novoazovsk kurort shahar bo’lib, aholisi 40 ming odam atrofida. Strategik hudud. Rossiyani Mariupol va Qrim bilan bog’laydigan yo’lda joylashgan.

Ukraina milliy xavfsizlik xizmati so’zlovchisi polkovnik Andriy Lisenkoning aytishicha, bir guruh rossiyalik askarlar bronetransportyorlar va yuk tashuvchi mashinalarda Ukraina-Rossiya chegarasini kesib o’tgan va Amvrosiyivka shahriga kirib borgan. Dushana kuni Ukraina habriylari u yerda 10 nafar Rossiya askarini qo’lga tushirgan edi.

Ukraina xavfsizlik xizmati shuni bayon qiladiki, mamlakat sharqida yana bir rus askari qo’lga olingan va so’roq paytida uning harbiy bo’limi bo’lg’inchilarga yordam ko’rsatganini tan olgan.

Lisenkoga ko’ra, Xorlivka va Ilovaysk shaharlaridagi janglarda 200 ga yaqin rossiyaparast isyonchi o’ldirilgan, tanklar va raketa moslamalari yo’q qilingan. Shuningdek, so’nggi 24 soat ichida kamida 13 ukrain harbiysi halok bo’lgan, 36 kishi yaralangan.

Rossiya bugungi iddaolarga munosabat bildirganicha yo’q. Shu paytgacha Moskva Ukrainaga qurol-aslaha yuborayotgani va isyonchilarga yordam berayotganini inkor qilib keladi. Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, dushanba kuni qo’lga tushirilgan harbiylar xato qilib, chegarani belgilanmagan joyida kesib o’tgan.

“Rossiya chegarada harbiylarni joylashtirishda davom etmoqda. So’nggi 24 soat ichida Rossiya harbiy mashinalari chegaraga yaqin aholi punktlarida, asosan Rostov mintaqasida yig’ildi”, - dedi Lisenko.

“Associated Press” axborot agentligiga ko’ra, jurnalistlar Novoazovsk shahri yaqinida isyonchilarni harbiy aslaha, shu jumladan tanklar va “Buk” raketa otuvchi moslamalar hamda bronetransportyorlarda ko’rgan va isyonchilar orasida ko’plab rossiyaliklarni uchratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG