Breaking News

Poroshenko sharqda harbiy amaliyotni jonlantirishni buyurdi


Ukrainalik ayol yonib ketgan uyi yonida yig'layapti. Slavyansk shahri, dushanba, 30-iyun.
Ukrainalik ayol yonib ketgan uyi yonida yig'layapti. Slavyansk shahri, dushanba, 30-iyun.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko harbiy amaliyotlarni bir tomonlama to'xtatish qarorini uzaytirish fikridan qaytdi. So’nggi muzokaralarda prezident Vladimir Putin vaqtincha sulhni cho'zishga chaqirgan edi. Ammo jangovar harakatlar to'xtashi ketidan Ukrainada keskin noroziliklar boshlangan. Poytaxtda jamoatchilik Poroshenkodan harbiy amaliyotga qaytishni talab qilmoqda.

Poroshenkoning yangi qarori, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:52 0:00
Yuklab oling

Ukraina prezidentining tinchlik o'rnatish tashabbusi bilan joriy etilgan harbiy amaliyotlarni vaqtincha to'xtatish muddati 30-iyun kuni mahalliy vaqt bilan 22:00 da tugadi. Poroshenko muloqot samara bermaganini va harbiy amaliyotlarni to'xtatish qaroridan voz kechishga majburligini bildirdi.

Ukraina, Rossiya va Yevropa ittifoqi yetakchilarining telefon orqali o'tgan so'nggi muzokarasida prezident Putin Donetskdagi harbiy amaliyotlarni to'xtatish muddatni uzaytirishga chaqirgan edi. Putinga ko'ra, shunday bo'lgan taqdirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) kuzatuvchilari chegara nazoratiga qo'yilishi mumkin.

Poroshenko esa tinchlik muzokarasi natija bermaganini, Rossiya tomoni muloqot talablarini bajarmaganini aytmoqda. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, harbiy amaliyotlar tiklanishidan qat’i nazar, Ukraina tomoni Donetsk bo'yicha muloqotni davom ettirishga tayyor.

Muloqot istab harbiy amaliyotlar o'tkazishdan voz kechgan Poroshenkoga nisbatan mamlakat ichkarisida ham bosim keskin ortgan.

Yakshanba kuni prezident devonida va Maydonda mamlakat sharqida jang qilayotgan ko'ngilli batalyon qo'mondonlari ishtirok etgan bir necha ming kishilik norozilik yig'ini o'tdi.

Qo'mondonlar Poroshenkodan harbiy holat e’lon qilib, amaliyotlarni tiklashni talab qildi; aks holda noroziliklarning yangi to'lqini boshlanishidan ogohlantirdi.

Qo'mondonlarga ko'ra, harbiy amaliyotlarni bir tomonlama to'xtatish qarori natija bermagan, aksincha, qurbonlar soni oshib, ayirmachilar pozitsiyalari yanada mustahkamlangan.

“Biz hammamiz nimanidir kutayapmiz, ayni shu fursatda chegaradan harbiy texnikalar, boshqa yordamlar kirib kelayapti, ularning pozitsiyasi mustahkamlanmoqda. Mening jangchilarim esa har kuni halok bo'layapti. Bizda qurol-yarog'dan tashqari boshqa anjomlar yo'q, jangchilarning ko'pi yirtiq kiyimlarda yurishibdi, ammo biz kun sayin jipslashib, kuchayib bormoqdamiz. Agar Rossiya o'z armiyasini kiritishga qaror qilsa, biz munosib qarshilik qila olamiz. Vatan uchun, siz uchun hayotimizni tikishga tayyormiz”, - deydi Maydonda so'zlagan qo'mondonlardan biri.

“Donbass” batalyonining qo'mondoni Semen Semechenko tinchlik bo'yicha olib borilayotgan muzokaralarni shubha ostiga olib, Yevropadan ham, hukumatdan ham yordam kutish samarasizligini aytadi.

“Ular Rossiya bilan savdo aloqalarini saqlab qolishdan manfaatdor. Ular yaxshi yashashyapti, biz esa faqat o'zimizga ishonishimiz kerak, boshqa hech kim bizga yordam bermaydi. Hozir bizga matbuot orqali bizning ojizligimizni singdirishmoqchi. Ammo bunday emas, hozir armiya ham, batalyonlar ham avvalgi hukumatlar davridan keskin farq qiladi, lozim jangovor tajribani egallashga ham ulgurdi”, - deydi ukrain qo'mondoni.

Ukraina prezidenti tomonidan olg’a surilgan tinchlik rejasini AQSh va Yevropa Ittifoqi qo'llab-quvvatladi. Rejaga ko'ra, harbiy amaliyotlar dastlab bir haftaga to’xtatilgan, keyinroq Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qo'ygan yangi shartlari bois yana uch kunga, 30-iyunga qadar uzaytirilgan edi.

AQSh va Yevropa ittifoqi Rossiyaning tinchlik bo'yicha amaliy qadamlar tashlaydi, degan umidda. Bu orada Donetskda ayirmachilar tomonidan garovda ushlab turilgan YXHT kuzatuvchilari ozod qilindi.

Isyonchilar tomonidan uyushtirilgan muntazam hujumlar, boy berilgan qurbonlarga qaramasdan, Ukraina hozirgacha tinchlik rejasi bo’yicha bergan va’dalarining ustidan chiqayotganini ta'kidlagan Poroshenko Putindan jangarilarni Ukraina hududiga o'tkazishni to'xtatishni talab qilmoqda.

Ukraina sobiq prezidenti Leonid Kuchma va ayirmachilar o'rtasida Donetskda o'tgan dastlabki muzokaralar natijasiz tugadi, ammo muloqot qayta tiklanishi mumkin.

Ukraina Mudofaa vazirligi ikki oydan buyon davom etayotgan aksilterror amaliyotida 145 harbiy qurbon bo'lgani, ulardan 27 tasi bevosita harbiy amaliyotlar to'xtatilgan paytda o'ldirilganini bildirmoqda.

Ukraina sharqi aholisi jon saqlash maqsadida qo’shni Rossiyaga qochmoqda. BMT hisobiga ko’ra, ukrainalik qochqinlar soni 110 mingdan oshgan.

Rossiya xalqaro hamjamiyat ularning taqdiriga diqqat qaratmayotganidan afsusda. Ukraina hukumati ularni qochqin sifatida tan olishdan bosh tortmoqda, isyonchilarni esa terrorchilar deya atamoqda.

Rossiya ommaviy axborot vositalariga ko’ra, prezident Vladimir Putin parlamentning yuqori palatasidan Ukrainaga rus qo’shinlarini kiritishga ruxsat beruvchi qonunni bekor qilishni so’ragan.

Kecha AQSh prezidenti Barak Obama Putin bilan telefon orqali gaplashib, uni Ukraina rahbari Petro Poroshenkoning sharqdagi ziddiyatlarni yumshatishga qaratilgan rejasini amalga oshirishda yordam berishga chaqirgan.

Oq uyning bildirishicha, Obama Putindan ukrainalik isyonchilarga qurol yetkazishni bas qilishni so’ragan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG