Breaking News

BMT G'azodagi bolalar taqdiridan xavotirda


G'azo bolalari
G'azo bolalari

BMT ning Bolalar jamg’armasiga ko’ra, Isroil-Falastin ixtilofi g’azolik bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Salkam 400 ming o’g’il-qiz tushkunlikda, psixologik yordamga muhtoj, deyiladi tashkilot bayonotida.

G’azo Sektorida yashovchi 1,8 million odamning yarmi 18 yoshga yetmagan. YUNISEF tashkilotiga ko’ra, Isroil va HAMAS o’rtasida G’azoda bir oy davom etgan mojaro bolalar va ularning oilalariga salbiy ta’sir qildi.

Isroil hujumlarida salkam 1900 falastinlik nobud bo’lgan bo’lsa, 400 dan ziyodi bolalar. 2700 dan ortiq bola esa jarohat olgan.

YUNISEF ning G’azodagi idorasi rahbari Pernil Ayronsaydning aytishicha, yetti yoshdan o’tgan bolalar bungacha ikki urushni ko’rdi – 2008- va 2012-yillarda.

Ammo bu safar, deydi u, talofatlar kattaroq, vayronagarchilik ko’proq.

"G'azo Sektoridagi har bir oila bu urushdan jabr ko’rdi. Kimdir oila a’zosi, qarindoshini yo’qotdi, kimdir uyini, qaysidir oilada jarohat olganlar bor, kimdir 250 ming odam kabi uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi", - deydi Ayronsayd.

BMT vakiliga ko’ra, G’azodagi bolalarda ruhiy tushkunlik alomatlarini ko’rish mumkin. Masalan, ko’rpani ho’l qilish, ota-onasiga yopishib olish, yomon tush ko’rish shular jumlasidan. Biroq ota-onalarning ahvoli og’ir ekan, ular farzandlariga yordam bera olmaydi, deydi Pernil Ayronsayd.

BMT ning qochqinlar bo’yicha oliy komissari Navi Pillay Isroilning G’azodagi harbiy amaliyotini keskin qoralab, HAMAS ni ham Isroil xavfsizligiga tahdid solayotganlikda aybladi.

Rasmiyning aytishicha, HAMAS ning Isroilga otayotgan raketalari yahudiy bolalarini ham ruhan yaralamoqda. Isroildagi bolalar G’azodagi bolalar kabi yashashga haqli, deydi Navi Pillay.

Isroil havo hujumi oqibatida G’azodagi yagona elektrostansiya ishdan chiqdi, natijada toza suv chiqaradigan nasos ham ishlamay qo’ydi. YUNISEF vakilining aytishicha, bu antisanitariya holatiga, boshpanalardagi bolalar orasida turli xil yuqumli hamda teri kasalliklarining tarqalishiga sabab bo’lishi mumkin.

Boshpanalardan tashqarida yashayotganlarning ahvoli esa undan battar, deydi Pernil Ayronsayd.

"Kanalizatsiyadan o’tmagan, toza, ichimli suv yo’q. Bu ich ketishga va bolalar orasida o’lim hollarining ko’payishiga olib keladi, ayniqsa besh yoshgacha bo’lganlar orasida", - deydi BMT rasmiysi.

Pernil Ayronsaydning aytishicha, Isroil havo hujumlarida G’azoda 142 ta maktab zarar ko’rgan, jumladan BMT qaramog’idagi 89 ta maktab. Biroq bunda yolg’iz Isroilni ayblash noto’g’ri bo’lar edi. HAMAS BMT ga qarashli uch maktabda qurol saqlagani aniqlandi. Bu esa taqiqlangan, deydi YUNISEF xodimi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG