Breaking News

Afg'onistonning yangi hukumati AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzoladi


AQSh va Afg'oniston rasmiylari xavfsizlik bitimiga imzo qo'ymoqda, Kobul, 30-sentabr, 2014-yil.
AQSh va Afg'oniston rasmiylari xavfsizlik bitimiga imzo qo'ymoqda, Kobul, 30-sentabr, 2014-yil.

Afg'oniston yangi hukumati AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzoladi. Hujjat bir necha oydan beri tasdiqlanmay kelayotgan edi. Unga ko'ra, 2014-yildan so'ng Afg'onistonda 12 ming xorijiy askar qoladi, qolganlari mamlakatni tark etadi.

Afg'oniston Milliy xavfsizlik maslahatchisi Hanif Atmar va AQSh elchisi Jeyms Kanningem bitimni Kobulda, yangi prezident Ashraf G'anining qasamyod marosimidan bir kun o'tib imzoladi.

Elchi Kanningemning aytishicha, hujjat afg'on xalqi manfaatlariga xizmat qiladi.

"Afg'oniston xavfsiz va farovon kelajak qurishga intilar ekan, xalq chetdan yordam olishni lozim topdi. AQSh Afg'oniston bilan hamkorlikni davom ettirishni istaydi va bu hamkorlik terrorga qarshi qaratilgan bo'lib, Qo'shma Shtatlar afg'on kuchlarini tayyorlaydi va jihozlaydi, dedi diplomat.

Iste'foga chiqqan Prezident Hamid Karzay xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortib kelgan edi. Mamlakatda qolishi rejalangan 12 ming xorijiy qo'shinning 10 mingi amerikalik, ikki mingi esa NATOga a'zo davlatlardan bo'ladi.

Hujjatni imzolash marosimini kuzatgan Prezident Obamaning maslahatchisi Jon Podesta buni ikki mamlakat o'rtasida strategik hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam, dedi.

Xavfsizlik bitimi AQShga afg'on kuchlarini tayyorlash, ularga maslahat berish, janglarda yordam berishda huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi. Hamkorligimiz natijasida Afg'oniston ta'lim, sog'liqni saqlash, inson huquqlari, iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish bobidagi yutuqlarini saqlab qoladi, dedi Oq uy vakili.

Kelishuv shartiga ko'ra, 2014-yildan keyin Afg'onistonda qoladigan AQSh harbiylari 2016-yil oxirigacha harakatlanadi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, amerikalik mutaxassislar afg'on xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi bilan shug'ullanar ekan, jang maydonida mahalliy qo'shinlar yetakchi rol o'ynaydi, AQSh askarlari esa ularga yordam beradi.

Shunga qaramay, deydi Vashingtondagi REND korporatsiyasi tahlil markazi eksperti Yona Blank, AQSh va NATO al-Qoida va Tolibonga qarshi kurashda muhim kuch bo'lib qoladi.

Biroq janglar oson kechmaydi. Tolibon hali ham qudratli. Bu yili jangarilar har qachongidan eng ko'p afg'on zobitlari va politsiyachilarini o'ldirishga muvaffaq bo'ldi, deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG