Breaking News

AQSh qo’shinlari daxlsizligi yil oxirida hal bo’ladi


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay oqsoqol va yetakchilarni to’plab, 2014-yildan keyin Amerika qo’shinlari qolsa, qaysi davlat qonunlariga bo’ysunishi borasida gaplashgan. Uning aytishicha, bu masalani hukumat emas, xalq hal qilishi lozim.

Amerika o’z askarlari daxlsizligini kafolatlamoqchi. Biror zobiti jinoyat sodir etsa, masalani Afg’oniston adliyasi emas, AQSh sudlari ko’rishi shart, aks holda hamma zobitlarni olib chiqamiz, deydi Obama ma’muriyati. Karzayning aytishicha, masala shu yil oxirigacha hal bo’lishi mumkin.

Shu bilan birga, deydi ikki rahbar, AQSh qo’shinlari Tolibonga qarshi kurashda bosh rolni yaqin oylarda Afg’oniston armiyasi zimmasiga topshiradi. Prezidentlar juma kuni Oq uydagi muloqotdan keyin shunday bayonot bergan.

Prezident Obamaning aytishicha, AQSh qo’shinlari ko’makchi vazifasiga rejadagidan ertaroq o’tadi.

“Askarlarimizning missiyasi o’zgaradi va vazifamiz mashq o’tkazish, maslahat berishdan iborat bo’ladi. Bu – tarixiy voqea”, - deydi Obama.

Prezident Karzay ungacha afg’on kuchlari xavfsizlik uchun mas’uliyatni bo’yniga olishga tayyor bo’ladi, deydi.

“Xalqaro qo’shinlar, Amerika harbiylari afg’on yurtini tark etadi. Mamlakat xavfsizligi va xalq tinchiga ko’z-quloq bo’lish bilan esa mahalliy armiya shug’ullanadi”, deydi u.

Taxminlarga qaraganda, Amerika 2014-yil oxirigacha barcha zobitlarini Afg’onistondan olib chiqishi mumkin. Ayrim ekspertlar nazarida bu qaror 10 yildan oshiq tinmayotgan urushda erishilgan yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.

Afg’onistonning AQShdagi sobiq elchisi Said Javod so'zlariga ko’ra, hamma askarlar ketsa, Afg’onistonda erishilgan marralar boy beriladi.

Tahlilchilar fikricha, ikki yildan keyin ham Afg’oniston xavfsizlik kuchlari Amerika vertolyotlari, tibbiy inshootlari, razvedka va boshqa madadisiz ishni yolg’iz eplay olmaydi.
Askarlarimizning missiyasi o’zgaradi va vazifamiz mashq o’tkazish, maslahat berishdan iborat bo’ladi. Bu – tarixiy voqea.


Afg'onshunos olim Marvin Veynbaumning aytishicha, harbiy havo kuchlari qo’llashini bilish dalda beradi.

Ayniqsa, piyoda qo’shinlar buni yaxshi tushunadi. Og’ir pallada darhol havo kuchlarini yordamga chaqira olish muhim, deydi tahlilchi.

Prezident Karzay AQSh Mudofaa vazirligida alohida uchrashuvlar o’tkazdi. U Amerika va NATOga jamiki ko’mak uchun rahmat aytdi.

Qo’shma Shtatlar Tolibon afg’on hukumati bilan murosaga erishadi degan umidda. Lekin muzokaralar natija berganicha yo’q.

AQSh qo’shinlari 2014-yildan keyin ham qoladigan bo’lsa, ular qaysi davlat qonunlariga bo’ysunishi hamon ochiq masala.
Ikki yildan keyin ham Afg’oniston xavfsizlik kuchlari Amerika vertolyotlari, tibbiy inshootlari, razvedka va boshqa madadisiz ishni yolg’iz eplay olmaydi.


Amerika harbiy ekspertlari ko’proq askar qoldirish tarafdori.

Afg’oniston xavfsizlik kuchlari o’z holiga tashlab qo’yilsa, tez orada qulashi aniq, deydi ular.

Jangarilar katta hududlarni qo’lga kiritmasa-da, hujumlar ozayganicha yo’q, deydi sobiq elchi Said Javod.

“Afsuski, Afg’onistonning ayrim viloyatlarida Tolibon hamon faol, sharqiy shaharlarda esa al-Qoida ham jim turgani yo’q”, - deydi elchi.

Prezident Karzay safarini yakunlar ekan, AQShning Afg’onistondagi uzoq va qimmat harbiy kampaniyasi ham poyoniga yetayotgan ko’rinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG