Breaking News

Obamaning Osiyo siyosati o'zgaradimi?


Obama Xitoy, Myanma va Malaysiya vakillari bilan ASEAN sammitida. 12-noyabr 2014-yil
Obama Xitoy, Myanma va Malaysiya vakillari bilan ASEAN sammitida. 12-noyabr 2014-yil

AQSh Prezidenti Barak Obama Osiyoga safar qilmoqda. Xitoy, Myanma va Avstraliyada muzokaralar o’tkazadi. Obama Osiyoni tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan deb belgilagan. Xo’sh, Kongressning ikkala palatasi endi respublikachilar nazoratida ekan, AQSh tashqi siyosatiga bu qanchalik ta’sir ko’rsatadi?

Bu Obamaning saylovdan keyin ilk xorijiy safari. Senatning respublikachilar qo’liga o’tgani Obamaning partiyasi uchun zarba bo’ldi, uning ittifoqchilar oldida nufuzini pasaytiradi, deydi Atlantika kengashidan Robert Menning.

“So’nggi bir-ikki yilda Xitoyning Sharqda hamda Janubiy Xitoy dengizida ancha faollashganiga guvoh bo’ldik. Agar Obamani zaif deb ko’rishsa, AQSh e’tirozlariga endi e’tibor bermay qo’yishlari mumkin,” - deydi u.

Pekin Janubiy Xitoy dengizida ancha keskin siyosat olib bormoqda. Qo’shni davlatlarning patrul kemalariga hujumlar bo’lib turadi. AQShning mojaroli suvlardan foydalanishga oid qonun-qoidalar ishlab chiqish tashabbusini Pekin ma’qullamadi, deydi sharhlovchi Maykl Oslin.

“Muzokaralar shu paytgacha samara bermadi, bermaydi ham. E’tiborimizni boshqa hamkorlarga qaratganimiz ma’qul. Xitoy bilan munosabatlarimiz yaxshi deb o’zimizni aldab nima qilamiz?”

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri esa Vashington Pekin bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan harakatlar davom etajagini ta’kidlaydi.

“AQSh-Xitoy munosabatlari 21-asr taqdirini hal etuvchi asosiy omil. Bunga shubha yo’q. Demak, bir-birimizni tushunishga, hamkorlikka intilishda davom etishimiz kerak,” - deydi AQSh bosh diplomati.

Obama prezidentlikka kirishganida AQSh Osiyoda nufuzini oshirishini, buning uchun harbiy, tijoriy hamda diplomatik qadamlar tashlanishini belgilagan edi. Biroq va’da bajarilmadi, deydi tahlilchi Jastin Logan. Kongress respublikachilar nazoratida ekan, bundan buyon rejani amalga oshirish qiyin.

"Menimcha, prezident mintaqaga strategik ahamiyat qaratish niyatidan qaytmagan. Ammo matbuot, Kongress bosimi va omma fikri ta’siridan u ham xoli emas,” - deydi Logan.

Xitoy Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ta’sirini oshirayapti. Vashington esa Iroq va Suriyada terrorchilarga qarshi kurash bilan band.

“Osiyo bo’yicha siyosatning ikkinchi-uchinchi o’ringa tushib qolganining sababi ham shunda. Biz Suriyadagi fuqaro urushida kim g’alaba qozonishi kerak, deb o’ylash bilan bandmiz. Osiyoga vaqt yo’q,” - deydi Logal.

Agar prezident rejasini amalga oshirmoqchi bo’lsa, qat’iyroq harakat qilishi kerak, deydi Maykl Oslin.

“Agar rahbarlar ulardan keyin chiroyli gaplargina emas, haqiqiy ishlar ham qolsin, kuchlar muvozanati o’zgarsin desa, 2017-yilda Obama hokimiyatdan ketayotganida Pekin-Vashington munosabatlari hozirgidan ham ancha yomonroq bo’lishini istamasa, taktikani o’zgartirish zarur,” - deydi tahlilchi.

Ekspertlar fikricha, Obama Osiyodagi hamkorlarga ham, Kongressga ham niyati jiddiy ekanini namoyish qilishi lozim. Ishni BMT homiyligida mojaroli suvlarga oid xalqaro muzokaralarni qo’llab-quvvatlashdan boshlasa bo’ladi.

Obamaning Osiyo siyosati - US/Asia Pivot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG