Breaking News

AQSh Markaziy Osiyo bilan besh yo'nalishda hamkorlik qilmoqda


AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (chapda) va Deyvid Sidni, Pentagonda Markaziy Osiyo bo'yicha mas'ul
AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (chapda) va Deyvid Sidni, Pentagonda Markaziy Osiyo bo'yicha mas'ul

Kongressdagi tinglovda Amerika siyosati ko'rib chiqildi. Rasmiylar Afg'oniston, energetika, siyosiy va iqtisodiy islohotlar va davlat boshqaruvini kuchaytirish sohalarida hamkorlik yo'lga qo'yilgan, deydi.



Kongressda AQSh-Markaziy Osiyo hamkorligi xususida tinglov o'tkazildi. Unda qatnashgan Amerika rasmiylarining qonunchilarga aytishicha, Barak Obama prezident bo'lganidan beri Qo'shma Shtatlarning mintaqa davlatlari bilan hamkorligi kuchaygan. Xususan, Afg'oniston masalasida.

Qonunchilar Davlat departamenti va Pentagonda Markaziy Osiyo masalalari bilan shug'ullanuvchi rasmiylar fikrini tingladi. Ulardan biri o'tgan hafta Toshkentda bo'lgan davlat kotibi muovini Robert Bleyk. Uning aytishicha, Obama prezidentlikka saylangach, Markaziy Osiyo bilan besh yo'nalish bo'yicha siyosat belgilangan.

"Birinchisi, Afg'onistonda xalqaro koalitsiyaga yordam berishda mintaqa davlatlari ko'magidan foydalanish. Ikkinchisi, Markaziy Osiyoga energetik resurslarini rivojlantirishda va ta'minot yo'nalishlarini xilma-xillashtirishda yordam berish. Uchinchisi, respublikalar e'tiborini siyosiy liberalizatsiya va inson huquqlarini kuchaytirishga qaratish. To'rtinchi yo'nalish, mintaqani bozor iqtisodiyoti va iqtisodiy islohotlarga da'vat etish. Va nihoyat, davlat boshqaruvi tizimini kuchaytirishda yordam berish", - deydi Bleyk.

Afg'oniston masalasida region bilan faol hamkorlik olib borilmoqda. Qirg'izistonda aviabaza ishlamoqda, boshqa davlatlar orqali esa koalitsiya kuchlari uchun yuk va anjomlarning o'tishi yo'lga qo'yilgan, deydi rasmiy.

"Xususan, O'zbekiston Kobulni elektr quvvati bilan ta'minlab, Afg'onistonda temir yo'l qurilishida faol qatnashdi".

Hamkorlik bor, muammolar ham yo'q emas, deydi Bleyk.

"O'zbekistonni inson huquqlari bobidagi muammolarni bartaraf etishga chaqiryapmiz, jumladan majburiy bolalar mehnatiga chek qo'yish, matbuot erkinligini ta'minlash va diniy bag'rikenglikni oshirish".

AQSh rasmiysiga ko'ra, o'zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida o'tgan yildan beri ikki tomonlama yillik maslahat uchrashuvlari o'tkazilib, har bir davlat bilan tilga olingan besh yo'nalish bo'yicha ish olib borilmoqda. Hozircha to'rt respublika bilan konsultatsiyalar o'tkazilgan. Qirg'izistonda yangi hukumatning shakllanishini kutyapmiz, deydi AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleyk.

"Qirg'izistonda iyun oyidagi xunrezlikni taftish qilayotgan xalqaro komissiya ishini, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining janubda etnik guruhlar o'rtasida ishonchni tiklab, yangi mojaroning oldini olishga qaratilgan harakatlarini qo'llab-quvvatlaymiz".

Bu iste'foga chiqayotgan Kongress uchun Markaziy Osiyo mavzusidagi so'nggi tinglov bo'ldi. Oy boshidagi saylov natijalariga muvofiq demokratlar Vakillar Palatasida ozchilikka aylanar ekan, Markaziy Osiyo masalalari bilan shug'ullanuvchi Tashqi aloqalar qo'mitasining Osiyo, Tinch okeani va global muhit bo'yicha quyi qo'mitasiga yangi yildan respublikachi raislik qiladi. Amaldagi rais, demokrat-kongressmen Eni Faleomavega saylovlarda o'z o'rnini saqlab qolib, 12-muddatga saylangan, ammo quyi qo'mita raisini ko'pchilikka aylangan respublikachilar tayinlaydi.

Faleomavega so'nggi 10 yildan beri Qozog'istonni yaqindan kuzatishini aytib, mintaqada eng tez rivojlanayotgan mamlakat deb atadi. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar respublikaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raisligini va guruhning so'nggi 10 yilda ilk bor o'tkazilayotgan sammitiga Ostonaning mezbonlik qilish taklifini qo'llab-quvvatlab, to'g'ri ish qildi.

"So'nggi xavfsizlik sammitiga 10 yildan ortdi. O'shandan beri dunyoda katta o'zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa 2001-yil 11-sentabr xurujlari ta'sirida. Afg'on urushini yuz foiz qo'llab-quvvatlamasam-da, Ostonadagi sammitda Qozog'iston bu mamlakatdagi mojaroni hal etishga qaratilgan rezolyutsiyani olg'a surayotganidan mamnunman", - deydi kongressmen Faleomavega.

AQSh delegatsiyasiga Davlat kotibasi Xillari Klinton boshchilik qiladi, ammo, deydi qonunchi, prezident Obama ham Ostonaga tashrif buyurganida, mintaqaning AQSh manfaatlariga ahamiyatiga urg'u berilgan bo'lardi.

Pentagon vakili, mudofaa vazirining region bo'yicha yordamchisi Deyvid Sidni Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning harbiy va xavfsizlik jihatlariga e'tibor qaratdi. Uning aytishicha, mintaqada islomiy ekstremizm xavfi pasaymagan, shu bois davlatlarga xavfsizlik bobida yordam berilmoqda.

"Armiya, chegarachilar, narkotiklar va terrorizmga qarshi ko'rash bo'linmalari saviyasini oshirishga qaratilgan dasturlarimiz bor. Mintaqa davlatlariga tinchlikparvar kuchlarni yaratishda, minalardan tozalash usullarini o'rgatishda yordam qilyapmiz. Bularning barchasi hukumatlarning barqaror, jamiyatlarning tinch bo'lishiga xizmat qiladi", - deydi Pentagon vakili.

Kongressmen Faleomavega mintaqada ta'lim va ijtimoiy sohalarga katta e'tibor berish, almashinuv dasturlarini kuchaytirish lozim, deydi. Uning aytishicha, harbiy xarajatlardan bir qismini ta'limga sarflash bilan uzoq muddatda katta muvaffaqiyatga erishish mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG