Breaking News

AQSh chegarasidagi bolalar ortga qaytarilmoqda


AQShdan vatani Gondurasga deportatsiya qilingan muhojirlar. 14-iyul 2014 y.
AQShdan vatani Gondurasga deportatsiya qilingan muhojirlar. 14-iyul 2014 y.

AQSh rahbariyati chegarani qonunga zid ravishda kesib o’tgan muhojir bolalarni ortga qaytara boshladi. O’tgan yil oktabr oyidan buyon 60 ming bola Markaziy Amerikadagi jinoiy to’dalar, zo’ravonlik va qashshoqlikdan qochib Qo’shma Shtatlarga kelgan.

Brendon sport markazida mashq qilyapti, haqiqiy erkak bo’laman, deydi. Qizig’i, aynan jismonan baquvvat ekani vatani Gvatemalani tark etishga majbur qildi. Jinoiy to’dadan qochdi.

“14 yoshimda baquvvatligim bois bezorilar e’tiboriga tushdim. Saflariga qo’shib olmoqchi edi,” - deydi Brendon.

Shu sababli u qochishga majbur bo’ldi. 40 kundan ziyod davom etgan safari xavf-xatarlarga to’la edi. Meksikadagi poyezdda bir ayolni uchratdi.

“Uni zo’rlashmoqchi edi. Ayol esa qayerga qochishini bilmay, bolasini olib poyezddan sakradi. Poyezd ikkovini majaqlab ketdi”.

O’tgan yilning oktabr oyidan buyon AQSh chegarasini 60 ming bola, yolg’iz kesib o’tdi. Shu yil sentabr oxirigacha bunday bolalar soni 90 mingga yetadi.

Brendon va unga o’xshaganlarni taniganlar bu migratsiya masalasi emas, qochqinlar muammosi, deydi.

“Ular qochqinlar emas, firibgarlar,” - deydi Bred Botvin. U immigratsiyaga qarshi, “Merilendni asrang” nomli guruh rahbari.

“U mamlakatlarda zo’ravonlik kabi muammolar bor, lekin hal etsa bo’ladi. AQShga qochib kelish to’g’ri emas,” - deydi u.

Biroq Markaziy Amerika jinoiy to’dalar va qashshoqlikni hal qilishga urinar ekan, bolalar AQShga oqib kelaverayapti.

2008-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, markaziy amerikalik bolalar darrov deportatsiya qilinmay, sudni kutishga haqli. Amerika immigratsiya islohoti uyushmasi vakili Bob Deyn so’zlariga ko’ra, qonundan maqsad odam savdosi qurbonlari bo’lgan bolalarni himoya etish edi.

“Afsuski, bugunda qonundan boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda – Qo’shma Shtatlarga kelishning yo’li bo’lib qoldi. Haqiqatan, Markaziy Amerikadan ommaviy migratsiya sababiga aylandi,” - deydi Deyn.

Amerikaga kelgach, bolalar chegaradagi hibsxonalarda turadi, so’ngra sudgacha mamlakatda yashovchi qarindoshlari qo’liga beriladi.

Migratsiya siyosati institutidan Mark Rozenblum qonunni o’zgartirish kerak, deydi.

“Qonun masalani darhol yechish imkonini bermaydi; mamlakatda qolishga haqqi yo’q bolalarni tezda deportatsiya qilishni ko’zda tutmaydi. Holbuki, sudni tezlatish orqali muammoni hal etish mumkin”.

Hozirgi qoidalarga ko’ra, ish sudda ikki yilgacha ko’rilishi mumkin. Brendon hozircha Virjiniyada ota-onasi bilan turibdi. Ular ham hujjatsiz muhojir bo’lib kelgan, sakkiz yil avval.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG