Breaking News

Xorijiy sarmoyadorlar Xitoydagi muhitdan norozi


Pekinning Markaziy biznes dahasi. 20-yanvar 2015-yil.
Pekinning Markaziy biznes dahasi. 20-yanvar 2015-yil.

Xitoyda ishlayotgan Amerika kompaniyalari orasida so’rov o’tkazilgan. Natijalarga ko’ra, ko’plar biznesi daromadli ekanidan mamnun, lekin ularga munosabat salbiy tarafga o’zgarmoqda. So’ralganlarning aytishicha, rasmiy Pekin xorijiy shirkatlarni tekshir-tekshir bilan qiynamoqda.

Amerikaning Xitoydagi Savdo palatasi har yili tadbirkorlar orasida so’rov o’tkazadi. Javoblar dunyodagi eng katta bozorda muhit va biznes doiralaridagi kayfiyatni aks ettiradi.

Bu yilgi so’rov natijalariga ko’ra, bizneslarning 57 foizi hukumat xorijiy firmalarni atayin nishonga olayotganiga ishonchi komil.

Chamasi 500 firma so’rovda qatnashdi.

Xitoyda ishlayotgan bu shirkatlarining yarmi, ya’ni 47 foizi menejerlari bu mamlakatda biznes qilish oson emasligini aytgan. O’tgan yili bu raqam sal pastroq, 44 foiz edi.

Shunga qaramay, 70 foizdan ziyod respondent Xitoyda biznes yuritish “daromadli”, ayrimlari “nihoyatda daromadli” degan.

Amerika-Xitoy Savdo palatasi raisi Jeyms Zimmerman:

“Pul qilishyapti. Qiyinchiliklar ham bor, albatta. So’nggi 35 yil ichida muammolar doim bo’lgan. Agar birov sizga “muammolar bo’lmagan” yoki “ilgari oltin davr edi” desa, demak u o’tmishdagi vaziyat qandayligini unutgan”, - deydi Zimmerman.

Uningcha, Xitoy hukumati xorijiy firmalarga mahalliy shirkatlarga qaraganda qattiqroq talablar qo’ymaydi va alohida tekshiruvdan o’tkazmaydi.

Bu shunchaki, Xitoydagi o’zgarishlar oqibati, deydi u. Mamlakat davlat boshqaruvidagi iqtisoddan bozor iqtisodiga o’tmoqda. Demak, qonun-qoidalar ham o’zgaryapti.

“Bir kunda o’zgarib qoladigan narsamas bu. Avval yangi qonunlar qabul qilinishi kerak, so’ngra kadrlar bu qonunlarni tushunishi va ijrosini ta’minlashi uchun mashqdan o’tadi. So’ng qonunlar kuchga kiradi. Ularga rioya qilinayaptimi yoki yo’q – bu keyin tekshiriladi. Hukumat uchun bu juda davomli va murakkab jarayon”, - deydi Zimmerman.

Prezident Si Zinpin hokimiyatga keliboq xorijiy firmalarni tekshirish ommaviy tus oldi.

Xitoy rahbariyati monopoliyalarga qarshi siyosat olib bormoqda, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurash kabi maqsadlarni oldiga qo’ydi. O’tgan yili xorijiy kompaniyalar, jumladan, Microsoft, Qualcomm, Audi, McDonalds va boshqalar jiddiy tekshiruvdan o’tgan edi.

Xitoyda o’sish sekinlashib, jahon bozorida vaziyat mavhum ekan, Xitoyga mo’lroq sarmoya kiritish rejasi yo’qligini aytayotgan firmalar kame mas.

Shu bilan birga, so’ralganlardan 27 foizi Xitoyni sarmoya uchun qulay bir necha davlatlardan biri sifatida ko’radi. 19 foizi esa bu davlatni hanuz investitsiya uchun asosiy manzil deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG