Breaking News

Fuqarolik huquqlari tarixi aks etgan joylarga sayyohlik kuchaymoqda


Amerikaliklar qora tarixni qanday eslaydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

Gollivud "Selma" filmini chiqargandan beri amerikaliklar orasida fuqarolik huquqlari harakati tarixiga qiziqish ortdi. Kartinaning asosiy mavzusi - "Qonli yakshanba" hodisasi ro'y berganiga 7-mart kuni 50 yil to'ladi. Selma shahrida yuz bergan bu fojea ketidan 1965-yil qora tanli amerikaliklarga saylash huquqini beruvchi qonun qabul qilingan edi. Oradan yarim asr o'tib haq-huquqlar uchun qon to'kilgan joylar bugun sayyohlarni o'ziga jalb etmoqda.

1965-yil Alabama shtatining Selma shahrida qora tanli namoyishchilar politsiya zug'umiga duch keldi.

Qonli yakshanbadan bir necha kun o'tib, Martin Lyuter King minglab odamlarni tarixiy huquqlar yurishiga boshladi.

Oradan 50 yil o'tib talabalar fuqarolik huquqlari uchun kechgan kurashni o'rganish uchun Selmadagi tarixiy joylarga tashrif buyurmoqda.

"Ajdodlarimiz sharofati bilan bugun ovoz berish va boshqa ko'p ishlarni qilish huquqiga egamiz", - deydi o'quvchilardan biri.

Edmund Pettus ko'prigida kechgan to'qnashuv Amerika jamiyatida oqlar ustunligi, diskriminatsiya va janubda millionlab qora tanli amerikaliklarning huquqsiz yashayotgani muammolarini fosh etdi.

"Politsiya zo'ravonligi va saylash huquqining berilmasligiga qarshi kurashishimiz lozimligini butun dunyo bilishi kerak", - degan edi Martin Lyuter King.

Yaqin-yaqingacha o'z o'tmishlaridan uyalib yashagan janubliklar endi tarixga ochiq ko'z bilan qaramoqda. Fuqarolik huquqlari uchun kurash bo'lgan joylar bugun sayyohlarni o'ziga jalb etmoqda, deydi Alabamaning turizm bo'yicha direktori Li Sentel.

"Odamlar Martin Lyuter King nutq so'zlashdan boshqa ishlar ham qilganini bilishlarini xohlaymiz. Ishlarini yoki hayotlarini boy bergan oddiy odamlar ham ko'p bo'lgan. Ular janubga, mamlakatga va butun dunyoga o'zgarish olib kela oldi", - deydi u.

Huquqshunos Fred Grey va uning rafiqasi 1997-yil Taskigi shahrida kichik muzey ochishdi. U bugun Alabamada irqiy diskriminatsiya tarixi haqida saboq beruvchi bir necha muzeydan biri. Bunday joylar sonini ko'paytirish kerak, deydi Grey.

"Alabama shtati, ayniqsa, turizm bo'limi fuqarolik huquqlarining iqtisodiy o'sish va taraqqiyot uchun muhim ekanini anglamoqda. Odamlarda qiziqish ortgan. Biz esa tarixni saqlab qolishimiz kerak. Odamlar kelgan sari sayyohlik rivojlanadi", - deydi u.

Har yili Birmingemdagi bunday joylarga 200 ming odam tashrif buyuradi, deydi shahar meri Uilyam Bel.

"Odamlarni bu yerga jalb qilish orqali ularga nafaqat tariximizni, balki bugunimizni va kelajakda qanday bo'lmoqchi ekanimizni ham ko'rsatamiz. Bu shaharlarimizning o'sishiga va ravnaq topishiga moliyaviy ko'mak beradi", - deydi u.

Butun shtat bo'ylab odamlar tarixiy ashyolar va inshootlarni ko'rgazmaga qo'ymoqda, eski cherkovlarni ta'mirdan chiqarmoqda.

Melissa Grey Selmaga tashrif buyurgan sayyohlardan.

"Tariximizni tushunmasak, o'sha tarix yana takrorlanishi mumkin. Farzandlarimiz ota-bobolarimiz boshdan kechirgan ko'rgiliklarga yana duch kelmasligi kerak", - deydi u.

Selma aholisi turizm rivojlanayotganidan mamnun. Ular ko'proq ish o'rinlari yaratilib, shahar iqtisodiyoti yaxshilanishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG