Breaking News

Turkiya Suriyadagi urushga qo'shildi, Amerika qonunchilari nima deydi?


Turkiyaning qiruvchi samolyotlari
Turkiyaning qiruvchi samolyotlari

Turkiya Suriyada “Islomiy davlat” va kurd jangarilarini nishonga olayotgani yuzasidan AQSh qonunchilari turlicha fikrda.

Turkiya xalqaro koalitsiya ishida faol qatnashishga qaror qilgani va Injirlik havo bazasini jangarilarga qarshi zarbalarni amalga oshirish uchun AQSh ixtiyoriga bergani demokratlar va respublikachilar tomonidan birdek qo’llab-quvvatlandi.

“Strategik jihatdan juda yaxshi hududda joylashgan, - dedi respublikachi senator Jonni Ayzakson “Amerika ovozi” bilan suhbatda. – Fors ko’rfazi urushining aksariyat qismida va Afg’onistondagi urush davrida turklar bizga Injirlikdan foydalanishga ruxsat bermagan edi. Hozir ularning bunga rozi bo’layotgani yaxshi”.

“Turkiya hududda faollashishga, muhim ishtirokchi bo’lib, NATO bilan yanada yaqinlashishga urinmoqda. Nima bo'lganda ham, u bizning “IShID”ga qarshi amaliyotlarimiz uchun xushxabar”, - deydi Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasida yetakchi demokrat Ben Kardin.

Uning qo’shimcha qilishicha, Injirlik mintaqaga kirish uchun muhim bo’lgan asosiy bazalardan biri va Turkiyaning yaqin hamkorlik yo’lini tanlagani AQShning imkoniyatlarini oshiradi.

Turkiya yuzasidan xavotirlar

Yana bir demokrat kongressmen Bred Sherman fikricha, Turkiya har ikki tomon bilan ham ishlayapti.

“Bir tomondan "IShID"ni o’qqa tutayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan "IShID"ga qarshi kurashayotgan kuchlarni bombardimon qilayapti. IShID dushmanlarini yo’q qilish maqsadlarini oqlash uchun ular bizga yordam berishni lozim deb topgan bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Respublikachi Dana Rorabaker ham shunga yaqin fikrda.

“Turkiya hukumatining o’zgaruvchan ekanini ko’ryapmiz. Ular bizning Injirlik havo bazasini ishlatishimiz mumkinligini e’lon qilishdi. U yerda bo’lganman, uning mintaqa xavfsizligi uchun qanchalik muhim ekanini bilaman. Lekin ayni paytda Turkiya kuchlari radikal islomchilarga qarshi kurashayotgan kurdlarga qarshi harakatlarni ham amalga oshirmoqda. Ulardan bir qarorga kelishlarini so’rashimiz kerak. Ular biz bilanmi yoki G’arb sivilizatsiyasini yakson qilishni xohlaydigan radikal musulmonlar bilanmi?” – deydi kongressmen Rorabaker.

Senator Kardinning tasvirlashicha, kurdlar va turklar o’rtasidagi tarixiy ziddiyat vaziyatni murakkablashtirmoqda. Ammo ular “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda umumiy manfaat topishiga umid qilamiz, deydi u.

“Kurd xalqi va Turkiya ekstremistlarga qarshi kurashda hamda mintaqada barqarorlik o’rnatishda bir xil manfaatlarga ega”, - deydi Kardin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG