Breaking News

Kuz kelib ham AQSh g'arbida qurg'oqchilik davom etmoqda


Mid ko'li. (Surat arxivdan olingan)
Mid ko'li. (Surat arxivdan olingan)

AQShda 14 yildan buyon davom etayotgan qurg’oqchilik Los-Anjeles, Las-Vegas kabi shaharlar va millionlab gektar hosildor yerlarni xavf ostiga qo’ydi. Mamlakat janubi-ga’rbidagi yerlar uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan ob-hayot manbai – Mid ko’li. Ammo ko’l va unga quyiladigan daryoda suv kam. Ekspertlar esa tezda chora ko’rilmasa oqibatlari yomon bo’ladi, deya bong urmoqda.

Mid ko’li Las-Vegasdan uncha uzoq emas. Baliqchilar sevgan makon.

Mat Barudi o’g’li Jet bilan bu yerda baliq tutishni yaxshi ko’rar ekan.

Biroq so’nggi yillarda ko’l sayoz bo’lib qoldi.

“Qayiqda ko’p kelamiz bu yerga. Farqi katta. Har safar kelganimizda manzara boshqacha. Masalan, suv kamayib, tosh chiqib qolgan bo’lishi mumkin,” - deydi Mat Barudi.

O’tgan asrning 30-yillarida Kolorado daryosida to’g’on qurilib, bu sun’iy ko’l yaratilgan edi. Undan buyon ko’p narsa o’zgardi.

“Daryo suvlari janubga, Kaliforniya ko’rfaziga quyilar edi. O’tmishda daryoda vaqti-vaqti bilan suv ko’payib ketganida u yerda joylashgan shaharlar va hosildor dalalarni suv bosar edi. Suv toshqinlari katta ziyon keltirardi,” - deyilardi o'sha davrdagi bir reklamada.

Suvni boshqarish, shahar va fermalar uchun suv omborini yaratish hamda minglab megavatt elektr tokiga ega bo’lish uchun Xuver to’g’oni barpo etildi. To’g’on oldida hosil bo’lgan rezervuar Mid ko’li deb atala boshladi.

Ammo ko’ldagi suv sathi ancha pasaydi. Oq xalqadan suv ilgari qayergacha yetganini ko’rish mumkin. Bu esa daryo bo’ylab joylashgan aholi punktlari uchun muammo degani.

Chunki Mid ko’li hayot manbaiga aylangan edi, deydi Brukings tadqiqotlari institutudan Pat Malroy.

“Amerika g’arbidagi eng katta shaharlar hayoti shu suvga bog’liq. Bu o’lkada mamlakat bo’ylab eng hosildor yerlar joylashgan. Ayni vaqtda xalqaro shartnomalarga ko’ra, Meksikaga ham yetarli suv yetib borishi kerak. Bu tizim ishdan chiqsa bo’lmaydi. Haqiqiy fojeaga aylanadi,” - deydi olim.

Ammo shahar va dalalar Kolorado daryosidan ko’p suv olyapti. 14 yillik qurg’oqchilik esa tizimni ishdan chiqaray dedi.

Ko’l dengiz sathidan 372 metr yuqorida joylashgan. Hozir esa 329 metr. Agar yana to’qqiz metrga pasaysa gidroelektrostansiya ishdan chiqishi mumkin. 305 metrgacha kamaysa Las-Vegas suvsiz qoladi.

Rend korporatsiyasidan olima Debra Nopman qurg’oqchilik asoratlari yanada og’irroq bo’lishi mumkinligini aytadi.

“Bu mintaqada anchadan beri qurg’oqchilik kuzatilgan. Hozirgisidan ancha uzoqroq davom etgan. Aslida bunday quruq ob-havo o’n yillab davom etishi mumkin”.

Iqlim o’zgarar ekan, qurg’oqchilik ehtimoli ham oshadi. Lekin umid yo’q emas.

“Yo’q, bu oxirat emas. Ammo chora ko’rish kerak. Ayrim choralarni tatbiq qilish yillar talab qiladi,” - deydi Nopman.

U turli choralarni o’rganib, hisobot tuzdi. Xonadonlarda suv iste’molini kamaytirishdan tortib to suvni boshqa daryolardan bu ko’lga oqizishgacha – taklif qilinayotgan variantlar kam emas.

Ularni amalga oshirish uchun milliardlab dollar mablag’ talab qilinadi. Hech biri suv taqchilligi xavfini to’la bartaraf eta olmaydi.

Kolorado daryosi bo’yida yashaydigan odamlar cho’lu-biyobonda yashamaslik uchun qancha pul sarflashga tayyorligini hal qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG