Breaking News

Amerikada saylov yili, hujjatsiz muhojirlar - jiddiy masala


Amerikada saylov yili, hujjatsiz muhojirlar - jiddiy masala
Amerikada saylov yili, hujjatsiz muhojirlar - jiddiy masala

AQShda saylov yili ekan, siyosatchilar latinolar, lotin amerikalik muhojirlar, ya'ni fuqaroga aylanib, ovoz berish huquqiga ega aholi ko'ngliga yo'l izlamoqda. Amerikada 20 milliondan ziyod latino saylovchi bor va ularning soni kun sayin oshib bormoqda. Immigratsiya masalasi ular uchun bag'oyat muhim.

Shu sabab latinolar prezidentlikka da'vogarlarning bu boradagi fikr va qarashlarini yaqindan tinglaydi, kuzatadi. AQShda 11 milliondan oshiq noqonuniy muhojir bor, aksariyati lotin amerikaliklar. Yaqinda Kaliforniya shtatida yangi qonun qabul qilindi. Unga binoan hujjatsiz immigrantlarning bolalari ham ilm dargohlarida bemalol o'qishi va moliyaviy yordam olishi mumkin.

Ma'lumki, AQShda Lotin Amerikasidan chiqqan ko'plab noqonuniy muhojirlar ham bor. Yaqinda Kaliforniya shtati kengashi qonun qabul qilib, ularga mahalliy universitetlarda o'qish uchun moliyaviy yordam olish imkonini yaratdi.

Bu hikoya qahramoni Nensi Meza. Meksikaning Xalisko shtatida tug'ilgan. Amerikaga ikki yoshida kelgan. Mezaning onasi unga AQShda ta'lim berish ilinjida olib kelgan.

"Cho'l kezib keldik, hujjatimiz yo'q edi. O'zimni amerikalik deb hisoblayman, buni tasdiqlovchi bir parcha qog'oz yo'q, xolos", - deydi u.

Shunga qaramay Meza universitetni tamomlab, endi magistraturaga kirmoqchi. Kaliforniya shtati qabul qilgan qonun unga juda ham qo'l keldi. O'qishni davom ettirish uchun davlatdan moliyaviy yordam olishi mumkin.

"Bu qonun hujjatsiz muhojirlarga ilm dargohlarini ochadi. Bu bizning orzuimiz edi", - deydi u.

Qonun ham "orzu" deb nomlanadi. Ayni damda Amerikada 11 millionga yaqin muhojir hujjatsiz yashaydi. Ikki millioni yoshlar va talabalar, deydi Kaliforniya Universiteti xodimi Kent Von.

AQSh bo'ylab hozircha atigi uch shtat noqonuniy immigrantlarga mahalliy universitetlarda o'qish uchun moddiy yordam olishga ruxsat bergan.

"Bu o'smirlar qonunni buzmagan. Jamiyatimiz qoidalariga amal qilib yashashadi. Mehnatkash yoshlar, o'qishni kanda qilmaydi. Maktabni tamomlab, oliy o'quv yurtiga kirmoqchi. Biz esa ularni jazolamoqchimiz, yemagan somsasiga pul to'latib", - deydi Von.

Hujjatni federal qonunga aylantirish harakati 2010-yilda AQSh Senatida pand berdi. Hujjat noqonuniy muhojirlarga fuqarolikka yo'l ochgan bo'lardi.

"Ularning aksariyati Lotin Amerikasi va Osiyodan bo'lgani uchun Kongressdagi ayrim oq tanli konservativ qonunchilar immigrantlarning jamiyatimizga qo'shilishini istamaydi", - deydi universitet xodimi.

Tahlilchi Luis Alvaradoning aytishicha, aksariyat respublikachi va demokrat qonunchilar immigratsiya islohotini mamlakat miqyosiga olib chiqishni istaydi, chunki Kaliforniya kabi ba'zi shtatlar bu ishni yolg'iz o'zi uddalay olmaydi.

"Los-Anjelesdagi tibbiy tez yordam markazlari asosan latinolar bilan to'lgan. Ularga davlat hisobidan yordam ko'rsatilmoqda. Noqonuniy muhojirlar muammosi hal etilmas ekan, jamiyatga og'iri tushaveradi. Ammo yechimi oson emas. Buning uchun keyingi prezidentning saylanishini kutishga to'g'ri keladi", - deydi Alvarado.

Saylovda demokratlardan nomzod, amaldagi prezident Barak Obama bilan bellashishga umid qilayotgan respublikachi da'vogarlarning noqonuniy immigratsiyaga munosabati turlicha. Ayrimlar AQSh-Meksika chegarasi bo'ylab baland to'siq qurish kerak desa, boshqalar Amerikaga kirib ulgurganlarini qonuniylashtirishni taklif qilmoqda.

Luis Alvaradoning aytishicha, demokrat va respublikachilar masalani bir yoqadan bosh chiqarib hal etishi, yechimini uzoqqa cho'zmasligi kerak. 2008-yilgi prezident saylovlarida Obama latino saylovchilar ovozlarining 60 foizdan ziyodini olgan edi. Respublikachilardan nomzod Jon Makkeynni esa 30 foizi qo'llab-quvvatlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG