Breaking News

Yangi zamon, yangicha energetika. AQSh qay yo'ldan boradi?


Shamoldan quvvat oluvchi turbinalar, Kaliforniya shtati
Shamoldan quvvat oluvchi turbinalar, Kaliforniya shtati
AQSh prezidentligiga nomzodlar Barak Obama va Mitt Romni xorij neftiga tobelikdan qutulish kerak, deya bong urmoqda. Amerika o’z zaxiralariga tayanib, energetik ehtiyojlarini qoplay oladimi? Bunga qanday qilib erishish mumkin?

AQSh energetika sanoati, Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:07 0:00
Yuklab oling

Barak Obama prezidentlikka saylanganidan beri yashil loyihalarni, shamol va quyoshdan energiya olishni kelajak uchun muhim deb keladi.

Mitt Romni nazarida esa Amerika o’zida mavjud tabiiy zaxiralarni, jumladan ko’mir konlarini rivojlantirishga zo’r berishi kerak.

Iqlim va Energetika markazi nomzodlar olg’a surgan energetik dasturlarni taqqoslagan. Markaz vitse-prezidenti Malik Roy:

Mitt Romni saylov kampaniyasida ko’proq ta’minot haqida gapirdi, ayniqsa neft va ko’mirga kelganda. Prezident Obama ham mamlakat o’zini energo-resurslar bilan ta’minlay olishi kerak, deydi. Debatlarda ko’rdingiz, bu haqda ko’p bahslar bo’ldi. Lekin Obama yashil texnologiyalar va neftga talabni kamaytirishga ham urg’u berdi.

Amerika neft importiga tayanib qolgani haqiqat, bu muammo va unga yechimlar har bir saylovda muhokama etiladi. Iqtisodiy krizis davom etayotgan bir pallada kim ko’proq ish o’rinlari yarata olishi ham dolzarb masala. Ishsizlik hozir 8 foizdan pastroq.

Debatda:

Obama: "Kelajakni o’ylab ish qilmasak bo’lmaydi. Shuning uchun avtomobilsozlarga talab qo’yganmiz. 10-15 yil ichida shunday mashinalar ishlab chiqarsinlarki, bir litr benzinga uzoqroq masofani bosib o’tsin. Shuningdek, o’tgan yillar ichida shamol va quyoshdan energiya olishni ikki karra oshirdik. Natijada hozir neft importi kamayib, oxirgi 16 yil ichida eng past nuqtaga yetdi. Neft va gaz sanoatida 600 ming ish o’rni yaratish imkoniyati bor, bu loyihalarni tabiatni avaylagan holda amalga oshirish mumkin".

Romni: "Men ham muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga jon deyman – etanol, shamol, quyosh. Lekin neft, ko’mir va gaz zaxiralarimiz bo’la turib, nega ularni ko’proq qazib chiqarmayapmiz? An’anaviy energiya turlarini rivojlantirish haqida Obama qachon oxirgi marta gapirdi o’zi? Sohada ishlaydiganlardan bir so’rang. Ular bilan uchrashganimda, mendan iltijo qilib so’rashadi, meni ishimdan ayirmang deb. Hozir nazorat shunchalik qattiqki, bitta ko’mir zavodi qura olmaysiz. Men bu muammolarni hal qilaman. AQSh o’z ehtiyojlarini qondiradi, odamlar ham ishli bo’ladi".

O’tgan yili AQSh neft mahsulotlarining yarmini xorijdan sotib olgan. Olti yil ilgari 60 foizi chetdan kelar edi.

Benzin iste’moli ham oxirgi 10 yildagi eng past nuqtaga yetdi. Obama prezidentligi davrida neft ishlab chiqarish hajmi oshdi, lekin Romni deydiki, baribir yetarli darajada emas.

Kanadadan AQShga neft yetkazuvchi quvur yotqizish loyihasi qoldirilgan. Buning atrof-muhitga ta’sirini o’rganib chiqish zarur, deydi Obama. Romni fikricha, bu yonilg’i qimmatlashishiga olib keldi.

Lekin global bozorda bir mamlakat prezidenti benzin bahosini nazorat qila olarkanmi?

"Energetika masalalarida prezident vakolatlari nisbatan cheklangan. Xususiy sektor, xususiy kompaniyalar yuritadi ko’p loyihalarni. Narx-navo ham xalqaro bozorda belgilanadi. AQSh jahon energetika zaxiralarining kichik bir qismiga ega xolos, ishlab chiqarishni oshirsa ham bozorga ta’sir qilmaydi",- deydi mutaxassis Malik Roy.

So’nggi besh yilda ko’plab shtatlarda “gidravlik” texnologiyalar yordamida yangi tabiiy gaz konlari aniqlanib, ularni o’zlashtirishga kirishildi. Mahsulot narxi pasaydi.

Gidravlika usulida olinadigan elektr energiyasi ulushi oshib bormoqda. Ekologik xavotirlar yo’q emas, lekin Obama ham, Romni ham bu texnologiyadan kengroq foydalanishni yoqlaydi.

Xo’sh, AQSh energetik ehtiyojlarini qondirishda muqobil manbalarga qanchalik joy ajratgani ma’qul? So’nggi to’rt yilda bu sohada ishlayotgan kompaniyalarga 90 milliard dollarga teng grantlar ajratildi. Obama Kongressdan ularga soliq imtiyozlari berishni so’ramoqda. Romni bu bema’ni fikr, deydi.

Kelajak yonilg’isini targ’ib qilishda Obama faolroq. Romni ham ilg’or texnologiyalarni rivojlantirishga xayrixoh, lekin federal hukumat tadqiqot va izlanishlarga sarmoya ajratish bilan cheklanishi kerak deb hisoblaydi. Obama nazarida esa boshidan oxirigacha hukumatning yordami kerak.

Saylovchilar nima istaydi? Hammasini, deydi suhbatdosh. Benzin arzon bo’lsin, ish joylari ko’p bo’lsin, ona tabiat ham asrab-avaylansin.

Yangi zamon, yangicha energetika/US Energy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG