Breaking News

Ekolog-faol yoshlarni tabiatni asrashga chaqirmoqda


Erin Brokovich
Erin Brokovich
2000-yilda Gollivudda suratga olingan “Erin Brokovich” nomli filmda mashhur kino yulduzi Juliya Roberts tabiat muhofazachisi rolini mahorat bilan o’ynagan edi. Uch farzandini bir o’zi voyaga yetkazayotgan, na ma’lumoti na bir sohada chuqur bilimi bor ayol o’zining sinchkovligi, adolatparvarligi va eng muhimi, xalqparvarligi bois yirik korporatsiyaga qarshi chiqadi va sud ishini yutib chiqadi. Brokovich korporatsiya faoliyati oqibatida turli kasalliklarga uchragan odamlar nomidan millionlab dollar pul undirib oladi. Film syujeti haqiqiy inson hayotidan olingan bo’lib, Brokovich bugun ham tabiat uchun kurashni to’xtatgani yo’q. Yaqinda u Los-Anjelesda talabalar bilan uchrashdi.

Yoshlarga o’zi haqida so’zlab berar ekan, Erin Brokovich fan bobida ma’lumoti yo’qligini aytadi. Qonunlar haqida esa advokat bilan ishlab o’rganganman, deydi.

2000-yilda chiqqan “Erin Brokovich” nomli badiiy film mana shu faol haqida. Aktrisa Juliya Roberts bosh rolni ijro etgani uchun “Oskar” mukofotini olgan edi.

“Men aqlli va mehnatkashman, qora ishga ham tayyorman. Ishga olmaguningizgacha bu yerdan ketmayman,” - deydi Julia Roberts qahramoni.

“Pasifik gaz va elektr kompaniyasi” Kaliforniyaning Xinkli shahrida suvga kimyoviy moddalarni oqizgani uchun Brokovich sud orqali undan 333 million dollar undirib olishda yordamlashgan.

Ekolog-faol hozir ham tabiat ifloslanishining inson salomatligiga ta’sirini o’rganmoqda. Ayrimlar uning ish uslubi, ma’lumotlardan foydalanish metodikasini tanqid qilsa-da, Erin Brokovich bilan hisoblashishga majbur. Los-Anjelesda yuqori sinf o’quvchilari bilan uchrashuv chog’ida faol aniq fanlar ahamiyatiga urg’u berdi.

“Men yoshligimda yomon o’qiganman. Qobiliyatim yo’q edi. Menga ko’pincha “sen buni qilolmaysan”, “uni qilolmaysan” deyishardi. Hammaning gapiga ishonardim, hafa bo’lardim. Ulg’aygach esa o’zimga ishona boshladim va yoshligimda xato qilganimni tushundim. O’zimga ishonch hayotimni butunlay o’zgartirdi,” - deydi u.

15 yoshli Samanta Magalanes yashaydigan shaharda ham tabiat muhofazasiga e’tibor kam.

“Yon-atrofimizda ham ahvol xuddi Erin Brokovich aytganidek – tuproq zaharlangan edi”.

Talabalarning ko’pi aniq fanlarni o’rganish niyatida. Seleni Rivas kelajakda akusher bo’lmoqchi.

“Ximiya darsiga qatnayapman, biologiyadan bilim olyapman. Kelasi yili qo’shimcha predmetlar olmoqchiman”.

Informatika o’qituvchisi Stiv Skanlan ham o’quvchilarini Brokovich bilan uchrashuvga olib keldi.

“Brokovich tabiat muhofazasiga oid muammolarni ko’tarishda jonbozlik ko’rsatgan, ayni vaqtda juda sodda va kamtar, xalqdan chiqqan inson. Yoshlar undan ko’p narsa o’rganishi mumkin,” - deydi o'qituvchi.

Darqaqiqat, Jerome Kako Brokovich so’zlaridan ilhomlangan ko’rinadi.

“Ko’nglingdagi ish bilan shug’ullan, shunda muvaffaqiyatga erishasan,” - deydi yigit.

Brokovich talabalarni o’zlarini qiynayotgan savollarni berib, ularga javob izlashga chaqiradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG