Breaking News

AQSh Yevropadagi bazalarini kamaytiradi


AQSh Yevropadagi bazalarini kamaytiradi
AQSh Yevropadagi bazalarini kamaytiradi

AQSh prezidenti Barak Obama o’tgan oy yangi mudofaa strategiyasini e’lon qula turib, bundan buyon asosiy diqqat Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga qaratilishini aytgan edi.

Yangi byudjetda piyoda askarlar soni kamaytirilib, havo va dengiz kuchlariga ko’proq mablag’ ajratiladi.

Xo’sh, Yevropa xavfsizligi-chi? AQShning azaliy ittifoqchilar bilan rishtalari qanday?

AQShning Yevropada 28 harbiy bazasi va 80 mingga yaqin qo’shini joylashgan. Ammo mudofaa byudjeti kelasi 10 yilda qariyb 500 milliard dollarga qisqarar ekan, qit’adagi qo’shinlar sonini kamaytirishga qaror qilingan. Ya’ni, minglab askarni o’z ichiga olgan brigadalar sekin-asta Yevropa davlatlarini tark eta boshlaydi.

Mazkur qaror AQSh prioritetlari o’zgarayotganidan darak. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bahaybat bir hudud. Amerika bu yerda havo va dengiz kuchlari, harbiy kemalar sonini oshirishni mo’ljallayapti.

AQSh havo kuchlarining "Ramshteyn" bazasi, Germaniya
AQSh havo kuchlarining "Ramshteyn" bazasi, Germaniya
Lekin, Obama ma’muriyatiga ko’ra, Yevropa xavfsizligi va farovonligi Amerika uchun ustuvor masala bo’lib qoladi. Qo’shma harbiy mashqlarni muntazam o’tkazib turamiz, deydi AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta va Davlat kotibasi Xillari Klinton, yaqinda Germaniyada o’tgan xalqaro anjumanda.

NATOning Bryusseldagi qarorgohida o’tgan mudofaa vazirlari uchrashuvida ham Panetta xuddi shu gapni aytdi. Ya’ni, Yevropa xavfsizligiga raxna solayotgan omillar borligini tan olamiz. Shu jumladan, Eron yadro dasturi. Ammo ularni bartaraf etish uchun bugungi kunda piyoda qo’shin zarur emas.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen AQShning ikki harbiy brigadasi qit’ani tark etadi, deydi. Lekin xavotirga o’rin yo’q. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda u AQSh harbiy prioritetlari sharq tomon o’zgarib borayotganini izohladi.

AQSh Yevropadagi bazalarini kamaytiradi
AQSh Yevropadagi bazalarini kamaytiradi
“Vashingtondan Yevropaga signal shuki, qit’a mamlakatlari o’z xavfsizligini ta’minlash yo’lida o’zi ko’proq qayg’urishi kerak”, -deydi Rasmussen. “Iqtisodiy krizis hammamizni tejamkorlikka, ertani o’ylab ishlashga majbur qilayapti. Demak, mavjud resurslarni baham ko’rsak, harbiy texnika va mashq maydonlaridan birgalikda foydalansak, ittifoq mustahkam bo’lib qoladi”, - deydi NATO bosh kotibi.

AQShning Afg’onistondagi askarlari soni kelasi uch yilda keskin kamayadi. Viloyatlar xavfsizligi birma-bir mahalliy armiyaga topshirilyapti.

Bryusselda mudofaa masalalari bilan shug’ullanuvchi olim Jayls Meritt deydiki, Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar yaqin hamkor bo’lib qolishi muhim. Ayniqsa Iroq va Afg’onistondagi kabi harbiy operatsiyalar haqida gap ketganda.

“Yevropa, yaqin ittifoqchi sifatida, Vashington qarorlariga ta’sir eta olish kuchiga ega va buni saqlab qolishi shart. Bir yoqlama, bemulozaha qarorlarni bartaraf etish uchun uchun ham zarur bu”, - deydi ekspert.

Sovuq urush uchiga chiqqan davrda Amerikaning Yevropada 300 ming sonli qo’shini bo’lgan. Bugun 80 ming va yaqin orada 40 mingga tushadi. AQSh nigohi Osiyoda ekan, Yevropa o’z mudofaa xarajatlarining kattaroq qismini o’z zimmasiga olishiga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG