Breaking News

Xakerlarning Google elektron pochta tizimiga xuruji tergov ostida


Xakerlarning Google elektron pochta tizimiga xuruji tergov ostida
Xakerlarning Google elektron pochta tizimiga xuruji tergov ostida

Internetda yirik qidiruv tizimi Google ning da'vo qilishicha, xitoylik xakerlar yuzlab siyosiy faollar, jurnalistlar va hukumat rasmiylari elektron pochtalarini ochishga muvaffaq bo'lgan. AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Google shikoyatini tergov qilishga kirishgan.

Qo'shma Shtatlar bunday da'voga juda jiddiy qaraydi. Federal Qidiruv Byurosi Google bilan hamkorlikda tergov olib bormoqda, deydi Xillari Klinton.

"Google elektron pochta xizmatidan foydalanuvchilar parolini to'plash kampaniyasining Xitoydan olib borilayotganidan juda ham tashvishdamiz", - deydi Klinton.

Google da'vosiga ko'ra, xakerlar AQSh, Xitoy va Osiyoning bir necha mamlakatidagi elektron pochta tizimiga hujum qilgan, jumladan AQSh rasmiylari pochtasiga. Oq uy kampaniya hukumat tizimiga qarshi qaratilganini inkor etmoqda. Google xakerlar xurujiga uchragan AQSh rasmiylari ismlarini oshkor qilmayapti.

Kiberxavfsizlik Qo'shma Shtatlar diplomatiyasi uchun ustuvor vazifaga aylangan. Yaqinda Davlat departamenti kiberxavfsizlik bo'yicha maxsus vakil tayinlab, unga xakerlikni nazorat etish vazifasini yukladi.

Klintonning aytishicha, bu hali-beri hal bo'lmaydigan muammodir.

"Uni butunlay bartaraf eta olmasak-da, hech bo'lmaganda bunday tahdidlarga tayyor turishimiz kerak".

Xitoy hukumati Google bu ishni undan gumon qilayotganidan junbushga kelib, kompaniyani tanqid qilmoqda. Google o'z bayonotida Xitoy hukumatini bevosita ayblamagan. Bu ishga qo'l urganlarning maqsadi ham tilga olinmagan.

Kompaniya ma'lumotiga ko'ra, xakerlar elektron maktublarni tekshirib, pochta xizmatining ba'zi xususiyatlarini o'zgartirmoqchi bo'lgan. Bu ishda ular odamlarni o'zi bilmagan holda ma'lumotini, parollarini oshkor qilishga majbur qiluvchi programmalardan foydalangan, deyiladi Google bayonotida.

Vashingtonda asoslangan Xeritij Jamg'armasi tahlil markazida Osiyoda xavfsizlik masalalarini o'rganuvchi tahlilchi Din Chenning aytishicha, kiber xurujlari Xitoydan turib amalga oshirilgan bo'lsa-da, ularda hukumatning qo'li bor yoki rasmiy Pekin xurujlardan xabardor bo'lgan deyish noto'g'ri.

"O'g'irlangan ma'lumotlar xarakteri va egalaridan kelib chiqib Xitoydan shubhalanish tabiiy", - deydi u.

Google bu kabi xurujlarga uchragan yagona kompaniya emas. AQSh mudofaa sanoatiga aloqador Lokxid Martin korporatsiyasi o'tgan oy kibero'g'rilik harakati haqida ma'lum qilgan. Xakerlar kompaniya kompyuter tarmoqlariga hujum qilgan. Qo'shimcha himoya choralari qo'llangach, muhim ma'lumotlar saqlab qolindi. Xuruj ortida kim turgani noma'lum.

Xitoy o'zi ham xakerlar hujumiga tez-tez uchrab turishini aytib, unga qarshi da'volarning barchasi asossiz, deydi.

Din Chen deydiki, Xitoy ham, boshqa davlatlar ham xakerlar xurujdan istisno emas.

"Xitoyning boshqa davlatlardan farqi shundaki, uning o'zi ham bu ishga qo'l urib turadi. Maxsus xakerlar bo'linmalari bor".

Google ichki tergovi shuni ko'rsatadiki, xakerlar Xitoyning sharqiy Shandon viloyatidan kirgan. Aynan o'sha yerda Xalq ozodlik armiyasining texnik razvedka idorasi va maxsus texnikumi joylashgan.

Google-Xitoy aloqalari murakkab bo'lib, o'tgan yili senzuradan norozi Google xitoycha qidiruv tizimini Gong-Kongga ko'chirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG