Breaking News

Qurolli hujumlar jamiyat irodasini sinamoqda


Amerikada qurolli hujumlar atrofidagi qo’rquv va hayrat jamiyatdagi bu illatni qanday hal qilish masalasiga oydinlik kirita olganicha yo’q.

Kongressda o’tayotgan tinglovlar bunga misol. Senat Adliya qo’mitasida qurolga egalik tarafdorlari va qarshilar o’rtasida osmon va yerchalik farq bor da’volar yangradi.

Konnektikutda jajji bolakaylar qatliomi, Koloradoda kinoteatrdagi fojea, Virjiniya kollejida talabalar qirg’ini, Arizonadagi otishma… Bari yig’ilib, jamiyatning sabr-kosasi to’ldi.

Kapitoliydagi tinglovda birinchi bo’lib qonunchi Gabriela Giffords so’zladi. U 2011-yil Arizonadagi fojeada boshidan o’q yegan edi.

“Biror chora ko’rishimiz kerak. Qiyinchilik bo’ladi, lekin cho’zib o’tirmaylik”, - deydi Giffords.

Qurol ustidan ko’proq nazorat tarafdorlari harbiy turdagi hujumkor qurollarni man qilib, qurol magazinidagi o’qlar sig’imini kamaytirib, xaridorlarni puxtaroq tekshirmoqchi. Baltimor politsiyasidan Jeyms Jonson:

“Qurol-yarog’ sotib olayotgan odamlardan 40 foizini tekshirmaslik xuddi yo’lovchilardan 40 foizini tekshirmay samolyotga yo’latishday gap. Shu to’g’ri ishmi?”

Lekin qurol-aslahaga egalik qilish tarafdorlari nazarida yangi qonunlar va cheklovlar bilan muammoni hal qilish mumkin emas. Qurol uyushmasidan Veyn Lapiyer:

“Amaldagi minglab qonunlar ijrosini ta’minlash o’rniga yangidan yangi cheklovlar kiritish bilan jinoyatchilikni tugatish mumkin emas. Bundan tashqari, hukumat bizga nimani sotib olish, oilani qanday himoya qilishni buyura olmaydi”.

Masala ustida bahs qizigandan qizimoqda.

Har tomonni tinglash va hisobga olish kerak, deydi ayrimlar. Amerikaliklar qurol xarid qilishga haqli. Jamiyat xavfsizligini ta’minlash ham birday muhim, deydi senator Patrik Leyxi:

“Mas’uliyatni sezgan insonlar qurolli hujumlarning oldini olishga, buni cheklovchi qonunlarni joriy etishga ojiz bo’lsa, odam o’ldirishlar davom etaveradi”.

Boshqalar esa Kongress Konnektikutdagi otishmaga qiziqqonlik bilan javob qilib, xatoga yo’l qo’ymasa edi, deydi. Respublikachi senator Ted Kruz:

“Afsuski, Vashingtonda qizishib, noto’g’ri siyosat yuritish hollari yo’q emas”.

Kapitoliydagi muhokama butun yurtni junbushga keltirgan muammoni aks ettiradi. Tahlilchi Entoni Kordesman qurol nazorati bobida tortishuvlar hali uzoq davom etadi, deydi.

“Siyosiy munozaralar, bir-biridan tubdan farq qiluvchi fikrlarni hali ko’p eshitasiz. Jamoatchilik pozitsiyasi ham tarqoq bo’lib, kim gapga ustaroq bo’lsa, o’shanga og’adi”, - deydi Kordesman.

AQShning Nyutaun shahridagi halokat ketidan jamiyat qurolli hamlalarni o’ylab boshi qotgan. Bunday qirg’in istagan payt takrorlanishi mumkin ekanini hamma binoyiday tushunadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG