Breaking News

AQSh Isroilni Eron masalasida yupatmoqda


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Qo'shma Shtatlar Eron bilan erishilgan atom dasturiga doir dastlabki bitimni himoya qilib, hujjat Eronga yadro qurolini yaratish vaqtini uzaytirishga qaratilganini ta'kidladi.

AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Vendi Shermanning yahudiylar ijtimoiy tashkilotiga aytishicha, AQSh yakuniy bitimning ijrosini diqqat bilan nazorat qiladi.

"Shartnoma Isroil xavfsizligini ham oshiradi. Aks holda Eronning atom qurolini yasash uchun yaroqli yadro materiallarini tayyorlashga ketadigan vaqti ikki-uch oygacha qisqarishi mumkin. Bitim esa bu muddatni bir yilga cho'zish imkonini beradi, kelasi 10 yil mobaynida", - deydi Sherman.

Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Isroilni so'zsiz qo'llab-quvvatlaydi.

"Agar Eron shartnomani buzsa, Qo'shma Shtatlar barcha choralarni ishga soladi", - deydi Sherman.

Eronning ashaddiy tanqidchisi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga ko'ra, AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Germaniya Tehronga nisbatan yumshoq siyosat olib bormoqda.

"Sanksiyalar bekor qilinsa, Eron yadro dasturini jadallashtirishi mumkin", - deydi u.

AQSh Prezidenti Barak Obamaning ta'kidlashicha, agar Eron bitim shartlariga rioya qilmayotgani aniqlansa, sanksiyalar darhol tiklanadi. Sobiq Prezident Jorj Bushga ko'ra, sanksiyalarni tiklash oson bo'lmaydi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bugun Nyu-Yorkda uchrashib, Eron yadro dasturi xususida fikr almashadi. Shu hafta Nyu-Yorkda BMTning Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi shartnomasiga doir anjuman bo'lib o'tadi.

Bungacha Jeneva, Lozanna va Venada muzokara qilgan ikki davlat vazirlari Nyu-Yorkda ham mavzuni davom ettiradi. Olti yirik davlat va Eron 30-iyungacha bitim imzolashga ahd qilgan. Unga ko'ra, Eron yadro qurolini yaratishga yetaklovchi dasturdan voz kechishi lozim, buning evaziga islomiy respublikaga qo'yilgan iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.

Bu o'rtada AQSh Senati Eron bilan imzolanajak bitimni Kongress elagidan o'tkazishga imkon beruvchi qonun loyihasi ustida ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG