Juma, 18-aprel, 2014 Toshkent vaqti: 13:03

AQSh-Markaziy Osiyo

AQSh-Markaziy Osiyo: Harbiy yordamdan kim manfaatdor?

AQSh-Markaziy Osiyo, harbiy yordam ortidagi savollar/US Military Aid to Central Asia. Who benefits?i
X
15.10.2012
G’arb matbuotida Amerikaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan tadqiqotchi-jurnalist Joshua Kuchera (Joshua Kucera) tahlilicha, mintaqaga berilgan harbiy yordam xalq farovonligi uchun xizmat qilayotgani yo’q. Yordam ortidagi asosiy omil bu Afg’onistondagi missiya, deydi u. Navbahor Imamova Joshua Kusera bilan suhbatda bo’ldi.

AQSh-Markaziy Osiyo, harbiy yordam ortidagi savollar/US Military Aid to Central Asia. Who benefits?

Multimedia

Audio
Matn hajmi - +
G’arb matbuotida Amerikaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan tadqiqotchi-jurnalist Joshua Kuchera (Joshua Kucera) tahlilicha, mintaqaga berilgan harbiy yordam xalq farovonligi uchun xizmat qilayotgani yo’q. Yordam ortidagi asosiy omil bu Afg’onistondagi missiya, deydi u. 

Joshua Kuchera bilan suhbatda bo’ldik.
 
"Amerika Ovozi": AQSh berayotgan harbiy yordamdan maqsad nima?
 
Kuchera: Bu juda katta va qiyin savol… Harbiy yordamdan asosiy maqsad, rasmiylarga ko’ra, Afg’onistondan kelayotgan xavfdan saqlanish. Chegara muhofazasi, qoradori savdosi va jangarilarga qarshi kurash… Yordam hajmi AQShning Afg’onistonga e’tibori oshganida oshadi, pasayganida pasayadi. Masalan, 2001-yilning 11-sentabridan keyin yoki 2008-yildan keyin Afg’oniston yana markaziy o’ringa chiqqanida, Tojikiston, Qirg’iziston va  O’zbekistonga harbiy yordam ham osha boshladi. Rasmiylar, u yerda ham, bu yerda ham shuni ochiq tan oladiki, bu yordam hamkorlik uchun beriladi. Buni men “hamkorlikni sotib olish” deb atayman.  
 
"Amerika Ovozi": Ko’mak deganda nima nazarda tutiladi, nima beriladi o’zi?
 
Kuchera: Harbiylar malakasini oshirish dasturlari. Jangovar malaka emas, balki tizim islohoti, inson huquqlarini hurmat qilishga o’rgatish. Amerika dunyo bo’ylab shunday programmalar yuritadi. Lekin yaqin yillarda moddiy yordam ham uzatiladi boshladi. Masalan aslaha va jihozlar.
 
"Amerika Ovozi": Qanday aslahalar? Qurollarmi?
 
Kuchera: Og’ir qurollar emas. Gap bu yerda tank, vertolyot yoki samolyotlar haqida ketmayapti. Yengil vositalar beriladi, ba’zida harbiy mashinalar, zirhli kiyimlar, tunda ishlatiladigan durbinlar. Kazarmalar qurish, treyning markazlari barpo etishda yordam beriladi.
 
"Amerika Ovozi":  Siz asosan O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’izistonga berilgan yordamni o’rganib chiqqansiz. Qozog’iston va Turkmaniston-chi?  
 
Kuchera: Qozog’iston bilan harbiy hamkorlik boshqacha ko’rinishga ega. Turkmaniston esa umuman boshqa dunyo, juda yopiq. AQSh unga ham harbiy yordam bergan, lekin hajmi juda oz. Siz yuqorida tilga olgan uch davlatga harbiy madad aynan Afg’oniston yuzasidan berilgani uchun ham ularni alohida o’rganib chiqdim.   
 
"Amerika Ovozi": Harbiy yordam yuzasidan tekshiruv olib borish qanchalik qiyin bo’ldi? Bu nafaqat region davlatlari, balki Amerika uchun ham nozik mavzu.
 

Kuchera: Amerikada chet elga berilayotgan harbiy ko’mak sir tutilmaydi, lekin bu ma’lumotlar keng ommaga uncha tarqatilmaydi ham. Hatto bu masalalar bilan shug’ullanadigan rasmiylar ham aniq ma’lumot berishga qiynaladi, chunki jarayon murakkab. Faktlar bir-birining ustiga ko’milib ketgan. Ularni bittama-bitta topish, bir-biriga bog’lash – bizning ishimiz. Ayrim dasturlar Mudofaa vazirligi, ayrimlari Davlat departamentidan yuritiladi. Turlicha hisobotlar talab qilinadi. Bu hujjatlar asosan Kongress uchun tayyorlanadi. Surishtirmasangiz, ularni hech kim qo’lingizga tutqazmaydi. Markaziy Osiyoda esa harbiy soha bilan bog’liq ma’lumot olishning deyarli iloji yo’q. Men Qirg’iziston va Tojikistonga borib, ko’plab mutasaddilar bilan suhbatlashdim. Qiyin bo’ldi, ammo axborot yig’a oldim. Harbiylar va no-harbiy rasmiylar bilan gaplashdim. Lekin O’zbekistonga kiritishmadi. Viza berishmadi.
 
"Amerika Ovozi": Mintaqa rasmiylari Amerikadan olinayotgan harbiy yordam uncha katta emas, bu borada bong urishga arzimaydi deyishadi. Yana bir iddao shuki, agar Amerika berishni istamasa, Rossiya va Xitoy singari davlatlar bunga tayyor. Siz ham izlanish paytida shuni eshitdingizmi yoki biror yangi yondashuv sezildimi?
 
Kuchera: Har bir davlat o’z maqsadiga ega. Qirg’iziston nisbatan ochiq va shu bilan birga nisbatan qashshoqroq davlat. Ularga hamma narsa kerak, nima bersangiz ham yo’q deyishmaydi. Ular AQSh qatorida Turkiya, Rossiya va Xitoydan ham harbiy yordam oladi. Tojikiston geosiyosiy jihatdan ancha qaltis bir pozitsiyada. Prezident Emomali Rahmon g’arbu sharq bilan muvozanatli aloqa qilishga harakat qiladi, lekin Rossiyaning nerviga ham ortiqcha tegib ketishni istamaydi. Shuning uchun Amerika bilan ehtiyotkorona hamkorlik qiladi va bu borada ko’p gapirmaydi. O’zbekiston hozirda Rossiya ta’sirini kamaytirishga urinmoqda. Prezident Islom Karimov Kremlga ishonmaydi va uning mintaqada harbiy inshootlarga ega ekanidan norozi. Mamlakat yaqinda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini tark etdi. Amerikadan harbiy yordam olish bilan Karimov Moskvaga boshqa ittifoqchilari borligini ham eslatib qo’ymoqda. Ammo AQSh yordami haqida kam gapirishlarining o’ziga xos sabablaridan biri, mening nazarimda, bu davlatlarda harbiylar hamon rusparast ekanida. Ko’pi Rossiyada saboq olgan, hamon unga tayanadigan harbiylar. Amerikaga shubha bilan qarashadi. Ular yordam olayotganini yoki unga muhtojligini tan olgisi kelmaydi. Mag’rurlik ham muhim omil.
 
"Amerika Ovozi": Amerika mintaqada xavfsizlik jihatdan qanday manfaatlarga ega degan bo’lardingiz? Afg’oniston hozir eng muhim omil ekani hammaga ayon… Yana qanday manfaatlar bor?
 
Kuchera: Afg’onistondan boshqa manfaat yo’q degan bo’lardim. U yerdagi harbiylarga zarur vositalarni yetkazish uchun AQSh Markaziy Osiyo hukumatlari bilan ishlashga majbur. Shimoliy Ta’minot Tizimi deb atalmish yo’nalishning katta qismi O’zbekistondan o’tadi. Qirg’izistonda Manas havo bazasi (tranzit markazi) joylashgan. Rasman, Vashington shuni bildiradiki, mahalliy xavfsizlik kuchlari bu tizimni himoya qilishi uchun ularga yordamlashish kerak. Lekin shu paytgacha biror jiddiy xavf ko’rmadik.        
 
"Amerika Ovozi": Berilayotgan yordam maqsadga muvofiq holda ishlatilishini Amerika qanday ta’minlaydi? Biror tekshiruv mexanizmi bormi?
 
Kuchera: AQSh elchixonalari buni yaqindan kuzatib boradi, monitoring qilishadi. Berilgan vositalar qayerga ketgani va Amerika tayyorgarligidan o’tgan harbiylar qanday xizmat qilayotgani… Bu borada hisobotlar yoziladi. Lekin men shuni ham aniqladimki, ayrim hollarda yordam nomaqbul ravishda ishlatilganida, elchixonalarning munosabati juda sust. Qirg’iziston bunga yaqqol misol. Biroq shuni ham tan olish kerakki, bu davlat boshqa respublikalarga qaraganda ochiqroq va erkinroq. Shu bois qora ishlar haqida ma’lumot olish mumkin. O’zbekistonda, masalan, bu borada biror narsa oshkor etilmagan bo’lardi. Yordam bu davlatga Qirg’iziston va Tojikistonga qaraganda ancha oz. Kongress uzoq yillar davomida cheklovlar qo’ygan edi, lekin O’zbekiston Afg’oniston bobida hamkorlik qilayotgani uchun o’tgan yildan boshlab cheklangan ravishda yana ko’mak berilmoqda. Qirg’izistonda shuni ko’rdikki, AQSh bergan aslaha va uning tayyorgarligidan o’tgan xavfsizlik kuchlari prezident va unga yaqin shaxslarni himoya qilish uchun safarbar etilgan. Aslida bu kuchlar xalqni himoya qilishi kerak edi. Amerika bunga yo’q demadi, qarab turishdi xolos. Chunki Vashingtonga Bishkek bilan ishlash juda muhim edi va shu sabab Kurmanbek Bakiyevning qilmishlariga ko’z yumishdi. Manas va Shimoliy Ta’minot Tizimini saqlab qolish hamma narsadan ustun qo’yildi.
 
"Amerika Ovozi": Markaziy Osiyo ahliga AQSh harbiy yordamidan nima foyda? Sizning tadqiqotingizdan shunday xulosa qilish mumkinki, bu ko’mak rahbariyat manfaatlarini ko’zlaydi, oddiy odamlarning emas, shundaymi?   
 
Kuchera: Murakkab savol… AQSh berilayotgan har bir yordam o’sha xalq manfaatlari, mamlakat xavfsizligi yo’lida xizmat qilsin deb alohida ta’kidlaydi. Xavfsizlik kuchlari va harbiylar ustidan fuqaro nazorati yo’lga qo’yilsin, qurolli kuchlar fuqaro haq-huquqlarini hurmat qilishni o’rgansin degan talablar qo’yiladi. Harbiy vositalar uzatilayotganida yoki harbiylar treyningdan o’tayotganida bunga kuchli urg’u beriladi. Lekin natija qanday? Rasmiylar bunga javob berishga qiynaladi. Masalan, yana Qirg’izistonga qaytadigan bo’lsak, AQSh shunday ezgu maqsadlarda tayyorlagan, ta’minlagan maxsus guruh 2010-yilda prezident Bakiyev tomonidan o’zgartirilib, uning ukasi izniga o’tkazilgan va asosiy vazifasi prezident va uning yaqinlarini himoya qilish deb belgilangan. Sal o’tmay Bakiyev ag’darildi. Bu maxsus guruhdan ko’p foyda bo’lmadi. O’zgarishlar shu qadar tez yuz berdiki, Amerika munosabat bildirmadi. Hozir ulardan so’rasangiz, “bu eski hukumat edi, endi ahamiyati yo’q” deyishadi.
 
"Amerika Ovozi":  Siz o’z tadqiqotlaringizga asoslangan holda Amerika hukumatiga qator tavsiyalar bilan chiqayapsiz. Yordam kutilgan natijani berishi uchun aynan qanday choralar ko’rilishi kerak?
 
Kuchera: Avvalo, Markaziy Osiyo hukumatlari nima uchun harbiy yordam so’rayotganini izchil o’rganib chiqish kerak. Shuni tan olish kerakki, bu yordamni Vashington hamkorlikni mustahkamlash va aniq maqsadlar yo’lida birga ishlash uchun berayapti. Bugungi kunda masalan aynan Afg’oniston masalasida. Men buni “hamkorlikni sotib olish” deb atayman, ammo AQSh rasmiylari buni tan olmaydi. Amerika ikki narsani bir-biridan ajratishi kerak: birinchisi, unga strategik jihatdan zarur “hamkorlikni sotib olish” va ikkinchisi, ezgu maqsadlarda yordam ko’rsatish. Bularning boshida Pentagon turibdi va ular haqiqatga ochiq ko’z bilan qarashi kerak. Hukumatlarga bu vositalar, jihozlar va treyninglar nima uchun kerak? Bu borada chuqurroq o’ylash kerak. Balki bu davlatlarga boshqa sohalarda yordam kerakdir? Yana bir tavsiyam, barcha ma’lumot oshkor etilsin. Ular hozir sir tutilmaydi, ammo topish qiyin. Tegishli ma’lumotlar bir joyda bo’lsin, toki qiziqqan tomonlar undan bemalol foydalansin, tahlil va munozarada ularga asoslana olsin.    
 
"Amerika Ovozi": Hukumat agar aynan harbiy yordam so’rayotgan bo’lsa-chi? Hamkorlikning talabi shu desa-chi? Masalan, O’zbekiston boshqa sohalar, jumladan ta’limiy almashinuv programmalariga qiziqmaydi.

Kuchera: To’g’ri, shunga guvohmiz... Lekin shunisi aniqki, Amerikaning qo’li bugun ancha baland. Chunki yuk olib o’tilayotgani uchun O’zbekistonga katta miqdorda pul to’layapti. Mahalliy kompaniyalar xizmatga yollangan va bu O’zbekiston uchun katta imkoniyat. Mana shu kompaniyalar hukumatga yaqin bizneslar ekani taxmin qilinadi. Afsuski, AQSh bu boradagi barcha ma’lumotlarni sir saqlamoqda. Aynan qaysi kompaniya konktrakt olgan, uning sherigi kim, buni bilish juda mushkul. Qirg’izistonda Manasni yonilg’i bilan ta’minlayotgan kompaniyalar, mahalliy bizneslar va ularning chetdagi sheriklari ham boshida sir tutilgan edi. Qora ishlar fosh etilgach, ularning kim ekani ham ma’lum bo’ldi. Shimoliy Ta’minot Tizimi bo’yicha hali buni ko’rmadik. Lekin ishonch bilan aytish mumkin, bu tizimdan O’zbekiston hukumati va uning iznidagi bizneslar katta foyda ko’rayapti. Islom Karimov va uning ma’muriyati bu hamkorlik uchun AQShdan konkret ehtirom kutmoqda. Buning uchun unga harbiy yordam berish shart emas, O’zbekiston xavfsizlik kuchlarini ta’minlamay, balki boshqa sohalarga ham e’tibor bersa bo’ladi. Amerika bu borada yaxshilab o’ylashi kerak.
 
"Amerika Ovozi": Qurol savdosi… Harbiy yordam deganda bu ham hisobga olinadimi?
 
Kuchera: Ba’zida shunday, lekin Markaziy Osiyo davlatlarining AQShdan qurol sotib olishga uncha qurbi yetmaydi. Byudjet hajmi juda kichik, balki Qozog’istonda biror imkoniyat bordir. Ular Yevropa davlatlari, Isroil va Turkiyadan qurol xarid qilganini bilamiz. Qolgan davlatlar ko’makka muhtoj.
 
"Amerika Ovozi": Afg’onistondagi vaziyat mintaqa tinchligiga xavf soladi degan gaplarni ko’p eshitamiz. Sizningcha, qanchalik?
 
Kuchera: Hech kim buni bilmaydi. Hukumatlar xuruj va zo’ravonliklarni Afg’onistondagi jangari yoki ekstremistlarga bog’lashga harakat qiladi, lekin aslida biror real tahdid bormi deb so’rasangiz, hatto rasmiylar ham aniq javob bermaydi. Vaziyatni bevosita kuzatib turganlar nazarida bu o’lkalarda ro’y bergan notinchliklar ichki masalalar bilan bog’liq. Markaziy hokimiyatga qarshi chiqib qo’liga qurol olganlar borligi rost. Masalan yaqinda Tojikistonda yuz bergan qonli olishuvlarda ham Afg’oniston ayblandi. Amerika rasmiylari ham bu asossiz iddao ekanini biladi, lekin indashmaydi. Shu bahonada Tojikiston ko’proq yordam so’rayapti.   
 
"Amerika Ovozi": Amerika saylov arafasida. Prezident kim bo’lishidan qat’iy nazar xalqaro koalitsiya Afg’onistonni 2014-yilda tark etishga bel bog’lagan. Undan keyin nima bo’ladi deb o’ylaysiz? Vashingtonning Markaziy Osiyoga e’tibori pasayishi mumkinmi?
 
Kuchera: Afg’onistondan chiqish – qat’iy qaror. Prezidentlikka nomzodlarning har ikkisidan shuni eshitayapmiz. U yerda qolishni hech kim istamaydi. Amerika to’ygan bu urushdan. Afg’onistonni tark etganimizdan keyin mintaqa bilan aloqalar susayadi degan fikrdaman. Yordam ham ozayadi. Yaqin tarixga qarasangiz, shuni ko’rasizki, Afg’onistonga diqqat pasaygan paytda, Markaziy Osiyoga ham diqqat pasaygan. Oldinda yana ikki yil bor. Vaziyat kutilmaganda o’zgarib ketishi ham mumkin. Lekin men bilan gaplashgan rasmiylarning aytishicha, Afg’onistondan chiqqanimizdan keyin mintaqaga harbiy yordam kamayadi.
 
"Amerika Ovozi":  Amerika Yangi Ipak Yo’li barpo etishni targ’ib qilmoqda. Shimoliy Ta’minot Tizimi o’rnida savdo yo’llari vujudga kelishi mumkin degan bayonotlar yangramoqda. Pentagon bu tizimni mintaqani birlashtirgan loyiha deya maqtaydi. Siz ham o’z hisobotingizda bu haqda yozasiz. Tizimni savdo yo’llariga aylantirish mumkinmi?
 
Kuchera: Harbiy jihatdan bu tizim ish bergani aniq. Pokiston ta’minot yo’llarini yopib qo’ygach, Amerika Markaziy Osiyodagi yo’llarga tayandi. Ammo bu tizim eng muhim narsa ekanini qayta-qayta namoyish etib, Amerika shuni ko’rsatdiki, mintaqada boshqa masalalar u qadar muhim emas. Huquq va demokratiya, iqtisodiy erkinlik, mintaqaviy birdamlik… Bular chetda qolib ketdi. Shimoliy Ta’minot Tizimi harbiy maqsadlarni ko’zlaydi. Yuk manzilga yetayapti, mintaqa hukumatlari haqqini olmoqda. Yana nima kerak ularga? Shu bois bu tizim kelajakda mintaqa farovonligi uchun xizmat qiladi deb og’iz ko’pirtirish, menimcha, bo’lmagan gap.     
 
"Amerika Ovozi": Suhbat uchun katta rahmat.
 
Kuchera: Bajonidil, sizga ham katta rahmat.

Interview/original:


US MILITARY AID TO CENTRAL ASIA, WHO BENEFITS? VOA UZBEK INTERVIEW WITH JOSHUA KUCERAi
X
15.10.2012
Joshua Kucera, journalist and freelance writer, talks to Navbahor Imamova of Voice of America's Uzbek Service about his recent comprehensive report on US military aid to Central Asian countries: http://www.opensocietyfoundations.org/sites/default/files/US%20Military%20Aid%20to%20Central%20Asia%20Who%20Benefits.pdf
Mazkur forum yopiq.
Izohlar
     
Mazkur forumda izohlar yo'q, siz boshlab bering
JavaScript ingiz o'chiq yoki Adobe Flash Player eskirgan. Yangisini mana bu yerdan olsangiz bo'ladi.
Iqlim o'zgarishi bo'yicha BMT hisobotii
X
18.04.2014
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lum qilishicha, iqlim o’zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun dunyo mamlakatlari tezroq toza yonilg’i manbalariga o’tishi kerak.

KUNDALIK ESHITTIRISH

JavaScript ingiz o'chiq yoki Adobe Flash Player eskirgan. Yangisini mana bu yerdan olsangiz bo'ladi.
Fotogalereya

Fotogalereya Boston fojiasini eslab

O'tgan yilning 15-aprelida 25 mingga yaqin kishini bir joyga to'plagan marafon paytida yuz bergan portlash uch kishini hayotdan olib ketgan va 260 dan ortiq odam jarohatlangan edi.
Fotogalereya

Fotogalereya Nigeriyada qonli kun

Fotogalereya

Fotogalereya Ukrainadan suratlar

Fotogalereya

Fotogalereya Vashingtonda olcha gulladi

Har yili aprel oyida Vashington shahri olcha gullari bilan burkanadi. Bir asr muqaddam Yaponiya tomonidan hadya qilingan ko’chatlar bugun Vashingtonning ramziy ko’rkiga aylangan. Olchaning gullash mavsumi har yili 10 kuncha davom etadi. Yilning bu davrida Vashington sayyohlar bilan to’ladi. Chunki ayni shu kunlarda poytaxt Olcha guli festivalini tashkil qiladi. Vashington bo’ylab yapon madaniyati kunlari o’tkaziladi. Musiqa va raqs, me’morchilik san’ati, urf-odatlar, kinolar namoyish etiladi. Yapon tili va adabiyoti ham targ’ib qilinadi. Yaponiyadan mehmonlar kelib, sahnada amerikaliklarni xushnud qiladi. Ikki xalq san’atini ifodalovchi asarlar namoyish etiladi.
Fotogalereya

Fotogalereya Janubiy Afrika Respublikasi notinch

BMT Xavfsizlik Kengashi tobora notinch Janubiy Afrika Respublikasiga keng ko’lamli tinchlikparvar qo’shin safarbar etadi. Salkam 12 ming kishilik missiya tinch aholini himoya qilib, insonparvarlik yordami qatnovini ta’minlaydi. Mamlakatda mazhablararo adovat va zo’ravonlik minglab odamlarni hayotdan olib ketdi. Afrikalik olti ming va fransiyalik ikki ming qo’shin tinchlikni saqlay oladi, deydi BMT rasmiylari. Xalqaro qo’shinlar 15-sentabrda ishga kirishadi. AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer shu hafta Markaziy Afrika Respublikasida bo’ldi. Qo’shma Shtatlar Afrika ittifoqi qo’shinlarini qo’llab quvvatlaydi; jahon hamjamiyati bu davlatga dadilroq yordam berishi lozim, deydi elchi. BMT, xususan, Markaziy Afrika Respublikasida 19 ming musulmon hayoti jiddiy tahdid ostida va ular mamlakatning xavfsiz hududlariga yoki xorijiy davlatga ko’chirilishi kerak, deya ogohlantiradi. Nasroniy jangarilar musulmon aholiga qarshi qonli hujumlarni boshlagandan beri o’n minglab musulmon poytaxtni va g'arbiy viloyatlarni tark etgan. Ayrim mahalliy rasmiylarning aytishicha, aholini ko’chirish choralari ixtilofni yanada kuchaytirib, mamlakatni parchalab yuborishi mumkin.
Fotogalereya

Fotogalereya Pensilvaniyadagi maktabda fojea

Pensilvaniya shtati, Murisvil shahridagi Franklin o'rta maktabida o'quvchi 19 bola va yana bir kishini pichoqlagan. To'rt odamning ahvoli og'ir, deydi politsiya.

Interaktiv

SAYTGA KIRISHNING XAVFSIZ YO’LI