Breaking News

Meksika ko'rfazidagi halokatga qarshi yana bir chora


Muammoni hal etish British Petroleum kompaniyasi bo'ynida. AQSh qoramoy oqimini to'xtatish uchun bir dollar ham sarflamoqchi emas.
Muammoni hal etish British Petroleum kompaniyasi bo'ynida. AQSh qoramoy oqimini to'xtatish uchun bir dollar ham sarflamoqchi emas.

Meksika ko’rfazida 20 aprelda halokatga uchragan neft qudug’idan qoramoy oqishda davom etar ekan, Oq Uy uni to’xtatish uchun qilingan so’nggi qadamni olqishlamoqda. Quduq egasi British Petroleum (BP) kompaniyasi yoriqni yopish uchun yangi bir vositani ishga solgan.

Prezident Barak Obamaning o’ng qo’li sifatida tanilgan Deyvid Akselrod fikricha, BP kompaniyasi o’rnatayotgan yangi moslama ish berishi kerak.

“Bu vosita kuniga 80 ming barrel neft ko’rfazga tarqalishining oldini oladi”,- deydi prezident maslahatchisi.

“Maqsad iyul oyi oxirigacha qoramoy to’kilishini batamom to’xtatish. Lekin quduqni butunlay yopish uchun ancha vaqt kerak”,- deydi Akselrod.

Shu kungacha millionlab tonna neft ob-hayot va atrof-muhitni zaharlab bo’lgan. Halokat oqibatlariga qarshi uzoq yillar kurashishga to’g’ri keladi. Baliqchilik, turizm va boshqa sanoatlar qattiq zarar ko’rgan va ko’rishda davom etmoqda.

Quduq og’zini ta’mirlash ishlarini robotlar amalga oshiradi. BP kompaniyasi vitse-prezidenti Kent Vellsning aytishicha, yangi vositani o’rnatish - murakkab jarayon va bir necha kunga cho’ziladi.

Kuz, to’fonlar mavsumi yaqinlashar ekan, olimlar vaziyat og’irlashishi mumkin deya ogohlantirmoqda. Qoramoy oqib chiqishi ungacha to’xtamasa, talofat ko’lami yanada oshadi.

AQSh Adliya vazirligi neft qudug’i portlashi yuzasidan tergov ishlari olib bormoqda.

“Halokat kimning aybi bilan bo’lgani haqida ma’lumot ko’p”,- deydi Adliya vaziri Erik Xolder. “Hozir guvohlar bilan gaplashayapmiz”,- deydi u.

Obama ma’muriyati Meksika ko’rfazidagi falokat bilan kurashish uchun bir dollar ham sarflamoqchi emas. Bu xususiy sektor, aniqrog’i, BP kompaniyasi xatosi bilan bo’lgan va butun mas’uliyat uning bo’ynida, deydi rasmiylar. BP vaziyatni o’nglash va zarar ko’rgan aholi talabini qondirish uchun 20 milliard dollar ajratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG