Breaking News

Berni Sanders "demokratik sotsializm" nimaligini tushuntirdi


Berni Sanders, demokrat nomzod
Berni Sanders, demokrat nomzod

AQShda prezidentlika demokrat da’vogar, Vermont senatori, o’zini demokrat-sotsialist deb ataydigan Berni Sanders iqtisodiy platformasini tushuntirdi.

Vashingtondagi Jortjtaun universitetida chiqish qilgan Sanders davlatning ijtimoiy dasturlarini kengaytirish kerakligini ta’kidlab, badavlat odamlar daromadi pastroq tabaqalarga qaraganda ko’proq soliq to’lashi kerak, dedi. Bunday siyosat radikal deb qabul qilinmasin, bu aslida misli ko’rilmagan tengsizlikka qarshi choralar, dedi u.

"AQShning yalpi ichki mahsuloti hamda global iqtisod o’sayotganiga qaramay, o’n minglab amerikalik oilalarda hayotdagi eng zarur vositalar yo'q, millionlab boshqa fuqarolar har kuni oilasiga minimal darajada turmushni ta’minlashga qiynaladi”, - dedi Sanders asosan talabalardan tarkib topgan ommaga.

U – mustaqil nomzod, hech bir siyosiy partiyaga a’zo emas, biroq demokrat qonunchilar bilan qonun loyihalarini muhokama qilish uchun uchrashib turadi. Sandersning platformasi davlat kollejlarida bepul o’qishni hamda davlat byudjetidan to’lanadigan sog’liqni saqlash tizimini nazarda tutadi. U, shuningdek, mamlakat bo’ylab minimal maosh soatiga 15 dollardan kam bo’lmasligi kerak, deydi.

Sanders: “Tariximizda shunday siyosat yuritilgan davr bo’lgan”

Bunday takliflarni amalga oshirib bo’lmaydi, deganlarga javoban Sanders aslida AQSh siyosiy tarixida shunday choralar ko'rilgan, deydi. XX asrning 30-yillarida Prezident Franklin Delano Ruzvelt “Yangi kelishiv” (New Deal) nomini olgan ichki siyosat yuritgan, deydi arbob.

“Ruzvelt millionlab amerikalik uchun ish joylarini yaratgan, qashshoqlikdan chiqargan va hukumatga ishonchini tiklagan. U hukumat hamda xalq orasidagi munosabatlarni qayta shaklladi. Tanqidlar, qo’rquv va umidsizlikka chek qo’ydi. Demokratiyani yangiladi, mamlakatimizni o’zgartirdi. Biz ham aynan shunday qilmoqchimiz”, - deydi Sanders.

O’z vaqtida Ruzvelt taklif etgan choralar ham “sotsialist”cha deb qabul qilingan. Ammo o’sha davrdan qolgan ijtimoiy xavfsizlik (Social Security) pensiyalar tizimi, minimal federal maosh hamda 40 soatlik ish haftasiga hozir hech kim qarshi chiqmayapti, aksincha, ishchilar sinfining asosiy himoyasi hisoblanadi, deydi arbob.

Marks va Leninnikidan farq qiladigan sotsializm

Sanders “sotsializm” so’ziga salbiy yondashuv sabablarini tushuntirdi va o’z mafkurasining Karl Marks va Leninnikidan keskin farq qilishini aytdi.

"Men davlat xususiy mulk bo’lgan do’konni yoki ishlab chiqarish vositalarini tortib olishiga qarshiman”, - dedi u va bir partiyalik tizim hamda iqtisodning davlat tasarrufida bo’lishiga qarshi ekanini uqtirdi.

Hozirgi so’rovlarga ko’ra, 74 yoshli Sanders sobiq Davlat kotibi Hillari Klintondan keyin ikkinchi o’rinda. Uning taraforlari orasida AQSh ichki va tashqi siyosatidan norozi yoshlar ko’p.

Keksalardan farqli o’laroq, yosh amerikaliklar “sotsialist” atamasidan qo’rqmaydi. Yoshi 18 dan 29 gacha bo’lganlarning 69 foizi “sotsialist”ni prezident etib saylash muammo emas, degan.

Keksalar orasida bundaylar soni 47 foizga teng. Biroq saylovda odatda aynan yoshi kattalar muntazam qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG