Breaking News

Amerika bolalari maktabda nima yeydi?


Prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel butun e'tiborini maktablarga qaratgan, ayniqsa bolalar nima yeyishi, bo'sh vaqtini qanday o'tkazishiga
Prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel butun e'tiborini maktablarga qaratgan, ayniqsa bolalar nima yeyishi, bo'sh vaqtini qanday o'tkazishiga

Amerikaliklar semiz xalq degan gap asossiz emas. Ayni vaqtda osh-ovqat bobida qiynalib qolgan oilalar ham juda ko’p. Hukumat har ikkala muammoga qarshi kurash e’lon qilgan. Ayniqsa maktablarga e’tibor oshmoqda. Bolalarning o’qishda nima yeyayotgani juda muhim, deydi mutaxassislar.

Virjiniya shtatidagi maktablardan biridamiz. O’quvchilar ham, o’qituvchilar ham shod-xurram. Sabab - maktabga prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama tashrif buyurgan. Xonim hukumatning yangi tashabbusini aynan shu maskandan turib bejiz e’lon qilgani yo’q.

“Farzandlarimizni maktabga kuzatayotganimizda, ular yog’li, sho’r yoki shakarda tayyorlangan ovqat yemaydi deb umid qilamiz. Chunki uyda ularga bunday ovqat bermaymiz”, - deydi ikki farzand onasi Obama xonim.

Bolalar orasida semizning asosiy sababi maktabda faqat shirin va yog'li mahsulotlar iste'mol qilishidir, deydi mutaxassislar
Bolalar orasida semizning asosiy sababi maktabda faqat shirin va yog'li mahsulotlar iste'mol qilishidir, deydi mutaxassislar
Masala uchun mas’ul Qishloq xo’jaligi vazirligi yangi mezonlar ishlab chiqqan. O’quvchilarga endi ko’proq meva va sabzavot taklif qilinadi. Tuz va yog’ ko’p ishlatiladigan mahsulotlar kamaytiriladi.

Maqsad – yosh avlod orasida semizlikning oldini olish. Statistikaga ko’ra, 1980-yildan buyon Qo’shma Shtatlarda vazni normadan og’irroq bolalar soni uch barobar ko’paygan. Ikkinchi muammo esa 32 million bola uchun maktabda yeyiladigan ovqat – asosiy tanovvul. Oilaning qurbi yetmaydi.

“Ba’zi bolalar, uydagi sharoit tufayli, faqat maktabda ovqatlanadi xolos. Bu ular uchun yagona imkoniyat. Shu bois maktabdagi ovqatning sifatini oshirib, nafaqat bolalar sog’lom bo’lishi uchun hissa qo’shyapmiz, balki ular orasida ochlikka qarshi ham jiddiy kurash olib borayapmiz”, - dedi Mishel Obama.

Mishel Obama o'quvchilarni jismoniy tarbiya bilan ko'proq shug'ullanishga undab, "Harakat qil" (Move it) degan kampaniya olib bormoqda
Mishel Obama o'quvchilarni jismoniy tarbiya bilan ko'proq shug'ullanishga undab, "Harakat qil" (Move it) degan kampaniya olib bormoqda
Yangi mezonlar mutaxassislarning olqishlariga sazovor bo’lmoqda. Bu masala bilan shug’ullanadigan nodavlat tashkiloti xodimi Margo Vutan deydiki:

“Ajoyib tashabbus. Qishloq xo’jaligi vazirligining yangi mezonlari mamlakatimiz bolalari uchun nihoyatda muhim. Amerika bo’ylab 32 million bola endi sifatli ovqat yeydi”.

Lekin Margo Vutan singari mutaxassislar bu tashabbus katta mablag’ talab qilishini biladi. Hukumat maktablarga moliyaviy yordam berishga tayyor. Bu kelajak uchun sarmoya, ezgu qadam, deydi Margo Vutan.

“Bu bolalar uchun yo hozir yoki keyinchalik baribir to’lashimiz kerak. Chunki semizlik AQShga yiliga 150 milliard dollar zarar keltiradi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG