Breaking News

AQShda qora va oq tanlilar orasidagi tafovut hamon katta


Alabama shtati
Alabama shtati

Milliy urbanistika ligasi AQShda qora tanli amerikaliklar turmushiga bag’ishlangan yillik hisobotini chiqardi. Unga ko’ra, qora va oq tanlilar orasidagi tafovut kattaligicha qolmoqda. Ta’lim, iqtisod, sog’liqni saqlash, ijtimoiy adolat va fuqaroviy faollik sohalarida qora tanlilar oqlarga qaraganda 72 foiz pastroq turadi. Bruklindagi Medgar Evers kolleji bu tafovutni yo’q qilishga bel bog’lagan.

Medgar Evers kolleji talabalarining 90 foizi qora tanlilar. Ularning orasida a’lochilar ko’p. Ammo hatto o’qishni yaxshi baholar bilan bitirgan afro-amerikaliklar ham ish topishda qiynaladi.

Bu Milliy urbanistika ligasining qora tanli amerikaliklar ahvoliga bag’ishlangan 2015-yillik hisoboti xulosasi.

Maktabni tamomlab, oliy o’quv yurtlariga kirayotgan qora tanli yoshlar ko’payayotganiga qaramay, mamlakatning eng yirik yettita shahrida ishsizlik ular orasida 20 foizga yetishi mumkin. Misol uchun, mamlakat bo’ylab ishsizlik 5,5 foiz atrofida.

“Inqiroz tugadi deyiladi, ammo ko’p jamoalar uchun inqiroz davom etmoqda,” - deydi Liga prezidenti Mark Morial.

Ta’lim ishsizlik bilan bog’liq, deyiladi hisobotda. Morialga ko’ra, matematika va o’qishda qora va oq tanlilar orasida tafovut 36 foizni tashkil etadi.

“Qo’shma Shtatlar bu tafovutni yo’q qilishi kerak. Ish topishdagi farq ham yo’q qilinsin. Amerika iqtisodi 21-asrda raqobatbardoshligini yo’qotmasligi uchun shunday qilishimiz kerak,” - deydi u.

Medgar Evers kolleji hisobot taqdimotiga mezbonlik qildi. Bu bilim yurti rahbariyati bitiruvchilarining ish topishi ustida ham ter to’kmoqda.

Prezident Rudi Kru gapiradi:

“Mehnat yarmarkalaridan tortib professional tanishlar orttirish – barcha masalalarga e’tibor qaratamiz. Chunki bular nafaqat kasb tanlash, balki ish topishda ham katta rol o’ynaydi”.

Kollej talabasi Shemroy Primo Bruklin tumani prokuraturasida amaliyot o’tadi. Yuridik fakultetiga kirish oson bo’lishi uchun, deydi u. Shemroy huquqshunos bo’lishni istaydi.

Hisobot xulosalari meni hayron qoldirmadi, deydi Primo.​

“Qora tanli erkak uchun ish topish juda qiyin. Bruklindagi maktabda o’qiganman. O’rtoqlarim orasida meni o’rnak deb ko’radiganlar ko’p. Mendan faxrlanishadi. Chunki boshqa yo’lni tanladim. Kollejga kirdim, mana endi bitiray deyapman. Keyin yuridik fakultetga o’qishga kiraman,” - deydi yigit.

Ammo hisobot mualliflariga ko’ra, ishga olishda irq hamon katta ahamiyatga ega.

“Oq tanlidek o’qib, ayni kasbni egallagan qora tanlilar orasida ishsizlar soni baribir balandroq. Odamlar nimaga bunday, deb so’raydi mendan. Nazarimda, sabab shundaki, ish joylarida hamom diskriminatsiya bor,” - deydi Morial.

Shuning uchun ish topishda qora tanlilar ko’proq qiynaladi va o’n karra ko’proq harakat qilishi kerak, deydi Primo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG