Breaking News

Nyu-Yorkda o'zbek yigitlar terrorizmda ayblanmoqda


Suddan olingan chizmada Ahror Saidahmetov (chapdan uchinchi) va Abdurasul Jo'raboyev (chapdan to'rtinchi). Bruklin, Nyu-York, 25-fevral, 2015
Suddan olingan chizmada Ahror Saidahmetov (chapdan uchinchi) va Abdurasul Jo'raboyev (chapdan to'rtinchi). Bruklin, Nyu-York, 25-fevral, 2015

Qo’shma Shtatlarda uch o’zbek yigiti “Islomiy davlat” eskstremistik tashkilotini qo’llab-quvvatlaganlikda ayblanib, hibsga olingan. Ikkisi O’zbekistondan, biri Qozog’istondan.

AQShda terrorizmda ayblanayotgan o'zbeklar ishi sudda/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

Uchovlon “Islomiy davlat” safiga qo’shila olmasa, Amerikada qonli xurujlar qilish niyatida bo'lgan va buni isbotlovchi dalillar yetarli, deya bildirmoqda federal rasmiylar.

O’zbekistonlik Abdurasul Jo’raboyev va qozog’istonlik Ahror Saidahmetov Nyu-York shahrining Bruklin tumanida federal sudga olib kelindi. Abror Habibov esa Floridada so’roqqa tutildi. Nyu-York politsiya komissari Vilyam Bratton:

“Ikkisi Suriyaga jo’nab ketish niyatida bo’lgan. Ahror Saidahmetovni Nyu-Yorkning Kennedi xalqaro aeroportida hibsga oldik. Abdurasul Jo’raboyevning ham kelasi oy jo’nab ketish uchun bileti bo’lgan. Uni Bruklinda o’z uyida ushladik. Safarni tashkillashtirgan va moliyalagan uchinchi shaxs Abror Habibov Floridada hibsga olindi”.

Bu shaxslardan ikkisi AQShda doimiy yashash uchun hujjatga ega bo’lgan. Birining vizasi o’tib ketgan. Huquq-tartibot idoralari e’tiborini tortgan narsa - ular ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan yozuv-xatlar.

“Ayblanuvchilar nimalarni rejalagani haqida o’zlari yozib qoldirgan. Agar “Islomiy davlat”ga qo’shila olishmasa, AQShning o’zida to’pponcha, avtomarik qurollar sotib olib, politsiyachilarni o’ldirishga harakat qilishini aytgan”, - deydi Bratton.

Ulardan biri, agar Suriyaga bora olmasa, prezident Barak Obamani o’ldirishga so’z bergan, deydi agentlar. Bu kabi tahdid juda jiddiy qabul qilinadi. Federal qidiruv byurosiga ko’ra, radikal to’dalar ma’lumot almashishi uchun asosiy vosita - internet.

“Federal qidiruv byurosi jihodchilarga doir razvedka ma’lumotlarini yig’ib boradi va shu asosda tezkor choralar ko’radi. Ayniqsa biror hol ro’y berishi mumkin deb xulosa qilsak”, - deydi byuro xodimi Diego Rodrigez.

O’zbeklar hibsga olingani haqidagi xabar katta jamoa yashaydigan Bruklinda shov-shuv uyg’otdi. Oyoqqa turayotgan bir jamiyat uchun bu shumxabar, deydi faollar. Bu ish bilan shug’ullanayotgan advokat deydiki, radikal guruhlarni aniqlash uchun qo’llanadigan metodlarning hammasi ham to’g’ri emas.

“Agar da’volar rost bo’lsa, AQSh hukumati radikalizmga moyil muslmonlarni aniqlash usullarini o’zgartirishi lozim”, - deydi advokat Adam Perlmutter.

Yigitlar kecha sud huzuriga olib borilgan. Ayblanuvchilardan birining advokati "mijozim begunoh" deydi. Sud bu ishni mart oyida yana bir ko'rishini bildirgan. Mahkama qachon boshlanishi noma'lum.

“Islomiy davlat” ham G’arb, ham arab davlatlaridan erkak va ayollarni o’z safiga chaqirmoqda. Asirlarning boshini olish, yondirib o’ldirish kabi jinoyatlar bilan tanilgan guruhga qo’shilish uchun 20 ming xorijlik Suriyaga jo’nab ketgani aytiladi.

AQSh rasmiylari “Islomiy davlat” internetda kuchli va samarali propaganda olib borayotganini tan oladi.

Bruklin: "Islomiy davlat" va o'zbeklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:24 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG