Breaking News

AQSh hali ham dunyo mirshabimi?


AQSh prezidenti Barak Obama
AQSh prezidenti Barak Obama
So’nggi oylarda prezident Barak Obamaning tashqi siyosati ko’p tanqidga olinmoqda. Tanqidchilar bu siyosatni ehtiyotkor va zaif deb, Suriya, Xitoy va Rossiya kabi raqiblarning kuchayishiga sabab bo’layotganini aytadi. Oq uy nazarida kuch yolg’iz harbiy qudrat orqali ifoda etilmaydi. AQSh hali ham dunyoning mirshabimi?

2013-yilning avgust oyi. Suriyaning Gutta shahri. O’nlab erkaklar, ayollar va bolalar kimyoviy hujum natijasida o’lgan, qattiq zaharlangan. Qo’shma Shtatlar Suriya hukumatini hujumda aybladi. Vashington bunday jinoyat uchun jazo berishini aytgan edi, ammo hech narsa bo’lmadi.

Londonlik tahlilchi Kseniya Dormandining aytishicha, o’shanda ko’p narsa o’zgardi.

“Shundan so’ng hech kim Amerikaning do’q-po’pisalarini jiddiy qabul qilmay qo’ydi. Prezident Assad hech bir jazosiz bilganini qilishi mumkin endi”, - deydi u.

Dormandining aytishicha, Qo’shma Shtatlar dunyoning ham harbiy, ham iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlati bo’lsa-da, mushtini ishga solishni istamayotgani xavflidir.

“Agar, misol uchun, Xitoy jazosiz qolishini bilib birovning yerini tortib olmoqchi bo’lsa yoki Qrim misolida Rossiyaning harakatini olsak, AQSh yoki G’arb ularning bu ishiga javob berishga majbur bo’ladi”, - deydi tahlilchi.

Rossiya mart oyida Qrimni o’z qurolli kuchlari yordamida tortib olgani AQShning ehtiyotkorona yondashuvi boshqa yirik davlatlarni ruhlantirib yubordi degan tanqidlarga sabab bo’ldi.

Biroq G’arbning bu masalada harbiy tomondan qo’lidan ko’p narsa kelmasdi baribir, deydi londonlik professor Arne Vestad.

“1990-yillar boshida Sovuq urush tugayotgan mahal kabi G’arb imkoniyatlari cheklangandir. Axir Rossiya yadro quroliga ega”, - deydi siyosatshunos.

Ukrainaliklar G’arb salohiyatining chegarasini ko’rmoqda, deydi Ukraina bo’yicha tahlilchi Orisiya Lutsevich.

“Ukrainaliklar AQSh ishtirokidagi ochiq harbiy to’qnashuvning imkoni yo’qligini va mojaro ko’p talofat keltirishini yaxshi tushunadi”, - deydi u.

Prezident Barak Obama harbiy akademiya bitiruvchilari oldidagi nutqida Amerikani kuchsiz deb o’ylamasliklari uchungina harbiy qudratni ishga solish xato ekanini aytdi.

“Agar dunyodagi biror muammoni hal qilish uchun men sizni o’limga yuborsam, siz va mamlakatim oldidagi burchimga xiyonat qilgan bo’laman”, - dedi prezident.

AQShning Osiyodagi ko’p ittifoqchilari Xitoyning kuchayib borayotgan harbiy qudratidan cho’chib, Amerikaning himoyasiga tayanadi. Ammo Afg’oniston va Iroqdagi davomiy urushlarda holdan toygan Vashington ittifoqchilarining xavfsizlik masalasida faolroq bo’lishini istaydi, deydi Kseniya Dormandi.

“Koalitsiyalar tuzish lozim. Osiyo va Yevropa davlatlari Amerika doim birinchi bo’lib harakat qiladi, birinchilardan jonini jabborga beradi, pulini o’rtaga tashlaydi, boshqalar esa uni qo’llab-quvvatlasa bas deb o’ylar edi. Bu tushuncha ortda qoldi endi”, - deydi tahlilchi.

Yaponiya global xavfsizlikni ta’minlashda qurolli kuchlaridan kengroq foydalanish rejasi borligini bildirib, Xitoyni g’azabga soldi.

Ekspertlarga ko’ra, Vashington Yaponiya siyosatidagi bu o’zgarishni qo’llab-quvvatlaydi, ammo shu bilan birga siyosatchilar AQShning ilg’or bo’lishini, ittifoqchilarning esa ko’proq yordam berishini istaydi.
AQSh global qo'riqchimi? Is US a global policeman?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:34 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG