Breaking News

Adrasni Nyu-York bozoriga olib kirgan o'zbekistonlik usta


O'zbekistonlik Muhayo Aliyeva Nyu-Yorkdagi "NY Now" shousida yangi to'plamini namoyish qildi.
O'zbekistonlik Muhayo Aliyeva Nyu-Yorkdagi "NY Now" shousida yangi to'plamini namoyish qildi.

Chet ellik dizayner Nyu-Yorkdagi obro’li shouga – “NY Now” tomoshasiga taklif oldimi, demak, Amerika bozoriga kirdi hisob. Unga aqshlik ekspert maslahat berib tursa undanda yaxshi.

O’zbekistonlik Muhayo Aliyeva va amerikalik Dina Harris (Dena Harris) birga adrasdan zamonaviy liboslar tikib Qo’shma Shtatlarda xaridor qiziqishini uyg’otdi. Ikki o’lkani bog’lovchi sifatli, qimmat mahsulot bu.

“Agar shu kiyimlarimiz Amerika bozoriga chiqsa, O’zbekistonni ozgina bo’lsa ham ko’rsata olsak, xursand bo’lamiz”, - deydi Muhayo Aliyeva.

O’zbekistonlik chevar avgust oyida Nyu-Yorkka adras liboslar to’plamini olib keldi. “Bibi Hanum” belgisi ostidagi bejirim, sodda ko’ylaklarni va aksessuarlarni u amerikalik mutaxassis, tovarni bozorga olib chiqishda pixini yorgan Dina Harris bilan yaratdi. Ularni bir-biriga tanishtirgan – AQShdagi “Design Council” nomli nodavlat tashkiloti.

“Tashkilot dunyoning turli burchaklarida kichik bizneslarni va hunar ahlini Amerika bozoriga olib kiradi. Aqshlik dizaynerlar ularga tavsiyalar beradi va bu davlatda sotiladigan tovar yaratishni o’rgatadi. Muhayoning ishlarini menga ilk bor shu tashkilot ko’rsatdi”, - deydi Dina Harris.

Harris xonim bu maslahatni bepul beradi, o’sib kelayotgan libossozlarga dalda sifatida. Adras va ikatga darrov oshiq bo’lgan usta Muhayo bilan ishlashga qaror qildi. Ikkisi avvaliga internetda yozishdi. Dina o’zining takliflarini tushuntirar, Muhayo Toshkentdan turib shunga moslab modellarni chizib jo’natar edi. Shu tariqa Muhayoning “Bibi Hanum” savdo belgisi Amerika zamonaviy liboslar bozori sari qadam tashladi. Nyu-Yorkdagi obro’li shouga taklif olish – ulkan yutuq.

“Biz asosan adras, ipak matolar bilan ishlaymiz. Bu matoni ishlab chiqarish jarayoni qanchalik murakkab ekanini ko’pchilik bilmaydi. Shuni tushuntirib bersangiz, xaridor boshqacha ko’z bilan, hurmat bilan qaraydi. Buning ortida qanchadan-qancha ayollarimizning mehnati bor. Shuni aytsam, sotuvchining qiziqishi ortadi. Amerikalik xaridor bilan ishlab men shunga bir necha bor amin bo’ldim”, - deydi chevar-dizayner.

Muhayoning “Bibi Hanum” belgisi 2006-yildan beri faol. Avvallari Toshkentda Amerika elchixonasida asosiy ishi bo’lar edi, tikish-bichish ikkilamchi bir qiziqish edi. Bora-bora hamma e’tiborini tortib oldi. Boshida qo’lida uch kishi ishlagan bo’lsa, hozir 10 ga yaqin odami bor. Kattaroq buyurtmalar kelsa, viloyatlardagi kasanachilar bilan ham ishlaydi. Uning maqsadi - O’zbekistonda ayollarni qo’ldan kelgancha ish bilan ta’minlash va milliy an’analarni dunyo bozoriga olib chiqish. Bu murakkab ishda Dina Harrisning maslahati bebaho.

“Muhayo bilan ishlar ekanman, Qo’shma Shtatlarda aynan qanaqa uslub, qanaqa mahsulot sotilishini tushuntirdim. Kolleksiyamizning ustunini aynan ikat-adras tashkil qiladi. Boshidan kelishib oldik, kiyimlar juda sodda qilib tikilishi kerak, toki ikatning jilosi, rangi yaqqol ko’rinsin”, - deydi Harris xonim.

Muhayo O’zbekiston uchun alohida, Amerika uchun alohida kiyimlar yaratish niyatida. Ikkisi bir-biridan juda farq qiladi. O’zbekistonda xaridor yorqin ranglarni, iloji boricha ko’proq bezaklar bo’lishini xohlaydi. AQSh bozorida esa kiyim-bosh iloji boricha jo’n bo’lishi kerak.

“Amerika bozoriga kira olganimiz katta yutuq. Haqiqiy biznes qanday bo’lishini odam Qo’shma Shtatlarda o’rganar ekan. Aniq reja bo’yicha ishlaysiz, kechikish mumkin emas. Xaridor bor. O'zbekistonda yaratilgan tovarga qiziqish borligini ko’rib yanayam ilhomlanadi odam”, - deydi Muhayo Aliyeva.

Dina Harrisning ogohlantirishicha, Amerika bozorida raqobat kuchli. Chiroyli mahsulot yaratishning o’zi yetarli emas. Odamlar bundan xabardor bo’lishi kerak. Zarur xaridorni aniq tanlay bilish kerak. Muhayo bilan ishlashdan oldin mutaxassis bozorni yaxshilab o’rgandi.

“Misol uchun, “Suno” va “Osei Duro” singari yangi liboslar bizneslari bor. Ular huddi Muhayo va men tanlagan yo’nalishda ishlayapti, faqat Afrikada. Ya’ni qadim matolardan juda zamonaviy kiyimlar tikayapti. Ular oyoqqa turib oldi, nom qozondi. Men ulardan namuna olib, qaysi xaridorni mo’ljallayotganini o’rgandim va shu asosda reja tuzdim”, - deydi Dina Harris.

Ikki dizayner Amerikaning muayyan do’konlari bilan bog’lanib, yangi to’plamni ko’rsatdi. Nyu-Yorkdagi shouga taklif qildi. Ishlab charchamaydi, hunarini biladi, yaxshi ko’rgan kasbi har ikkisining.

“O’zimizni ko’rsata bilsak, kerakli odamlarni qarata olsak, biz ham oyoqqa turib olamiz”, - deydi suhbatdoshlarim.

XS
SM
MD
LG